AQSh Vakillar palatasidagi respublikachi qonunchilar Bayden ma’muriyatining 2021-yil avgustida qo’shinlarni Afg’onistondan olib chiqish qarorini tergov qilishga kirishdi. Kongressda ko’rsatma bergan immigratsiya sohasi mutaxassislari va harbiylar tartibsiz evakuatsiya ko’p yillik noto’g’ri qarorlar natijasi ekanini aytdi.
2021-yil 1-sentabrigacha Kobul aeroportida bir necha kun davom etgan evakuatsiya o’ta tartibsiz va halokatli kechdi. Tolibon poytaxtga tez kirib, AQSh harbiy qo’mondonligi va Davlat departamentini sarosimaga solib qo’ydi.
“Bayden ma’muriyati o’z burchini e’tiborsiz qoldirishi natijasida butun dunyo ikki hafta davomida Kobul aeroporti va uning atrofida yurakni ezuvchi manzaralarga guvoh bo’ldi”, - deydi Vakillar palatasining Tashqi aloqalar bo’yicha qo’mitasi raisi Maykl Makkol.
Kongressdagi respublikachilar 2021-yil avgust voqealarini tergov qilishga kirishdi. Demokratlar tartibsiz evakuatsiyaga oldingi prezidentlar ma’muriyatlari zamin yaratgan deya tushuntirishga urinmoqda.
“2021-yilgi evakuatsiyadan oldingi yillarda afg’on hukumati ishtirokisiz Tolibon bilan bevosita muloqotga kirishish va ularni Kemp Deyvidga taklif etish Tolibonning xalqaro sahnada tan olinishini anglatdi”, - deydi demokrat qonunchi Gregori Miks.
AQSh harbiylariga yordam berish evaziga Amerikaga xavfsiz ko’chirilish va’dasini olgan o’n minglab afg’onlarga viza berish nega cho’zilib ketganini ham Kongressdagi tergovchilar aniqlamoqchi.
“Bu Bayden yoki Tramp muvaffaqiyatsizligi hikoyasi emas. Bu Amerika muvaffaqiyatsizligi va uning afg’onlarga qilgan va qilayotgan ta’siri hikoyasidir”, - deydi evakuatsiya ishlarida ko’maklashgan tashkilot vakili Piter Lusye.
2021-yil avgustida Afg’onistondan 122 ming odam evakuatsiya qilindi, biroq Amerikaga yetib borgan afg’onlarning muhojirlik maqomi hanuz mavhumdir. Yana o’n minglab odam Afg’onistonda qolib ketdi.
“Bizdan yordam so’ragan bolalarning iltijolari yozilgan xabarlarni tinglab ko’zimizga yosh oldik”, - deydi Frensis Xoang.
Kongressdagi surishtiruvda ko’rsatma bergan harbiylar mavhum qoidalar ularni Kobul aeroportida himoyasiz qoldirganini aytdi, so’nggi 10 yilda amerikaliklar uchun Afg’onistonda eng qonli bo’lgan 26-avgust portlashiga ham shu narsa sabab bo’lganini da’vo qilishdi.
“Nazarimda, evakuatsiya falokatli bo’ldi. Sababsiz mas’uliyatsizlik va beparvolik natijasi edi. 13 ta askarimizning o’limi uchun hech kim javob bermadi”, - dedi serjant Tayler Vargas-Endryus.
AQSh davlat kotibi va mudofaa vaziri ham yaqin kunlarda vazirliklarining evakuatsiyadagi roli haqida Kongressdagi tinglovda hisobot berishi kutilmoqda.