Oq uy: Avgustga borib AQShda 82 ming odam koronavirusdan o'ladi

  • Amerika Ovozi

Oq uy hisobiga ko’ra, avgust boshiga borib AQShda 82 mingga yaqin odam koronavirusdan o’ladi. Biroq bu odamlarning ijtimoiy masofani qanchalik saqlashiga ham bog’liq, deydi mutaxassislar. Prezident Tramp kelayotgan ikki hafta og’ir bo’lishi haqida ogohlantirgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 8-aprel, 2020-yil

Eng so’nggi hisob-kitoblarga ko’ra, oldingi bashoratlardan ko’ra kamroq kasalxona yotoqlari, tibbiy ventilyatorlar va boshqa jihozlar kerak bo’lishi mumkin. Tibbiyot sohasi mutaxassislari eng yomon holatga tayyor turishga chaqirmoqda.

“Masalaga jiddiy yondashish kerak, shundagina bo’lajak voqealarga ruhan tayyor turamiz”, - deydi Vanderbilt universitetidan Uilyam Shafner.

Oq uy o’z bashoratlarini tayyorlashda bir necha universitet bilan hamkorlik qilgan. Texas universitetida izlanish guruhi rahbari Loren Meyersning aytishicha, pandemiyani modellashtirish ob-havoni bashorat qilishga o’xshamaydi.

“Tropik dovulni bashorat qilayotganda dovul yo’nalishini o’zgartira olmaysiz. O’zingiz uchun himoya choralari ko’rishingiz mumkin, ammo dovul yo’nalishiga ta’sir qila olmaysiz. Yuqumli kasallik epidemiyasini bashorat qilayotganda sog’liqni saqlash tizimi pand berishi, ko’p odamlar o’lishi mumkin, ya’ni ko’p narsalarning oldini olsa bo’ladi, agar erta harakat qilinsa”, - deydi olima.

Bashoratlar aniq ma’lumotlarga tayanadi, biroq hamma mamlakatlarda ham kasallik rivojini kuzatish salohiyati yoki kasallik holatlarini to’g’ri qayd etib, shaffoflikni ta’minlash uchun siyosiy iroda bo’lmasligi mumkin.

“Raqamlarni yashirish, ilmiy xulosalarni inkor etish, matbuotni cheklash, shifokorlarga bosim qo’yish – hozir bularning mavridi emas”, - deydi vashingtonlik ekspert Daniel Rund.

Pandemiyaning ilk bosqichlarida Janubiy Koreya eng katta zarar ko’rgan mamlakatlar qatorida edi, ammo qisqa muddatda koronavirusni aniqlashga qaratilgan ommaviy testlarning yo’lga qo’yilishi, xalq bilan muloqot, axborotni izchil va shaffof tarzda uzatish o’z samarasini berdi.