G’azoga gumanitar yordam ko’lami oshirilmas ekan, sektor ocharchilik bilan yuzlashishi mumkin. AQSh shu maqsadda O’rta yer dengizining G’azoga yaqin qismida qurgan vaqtincha iskalani buzishga qaror qilgani vaziyatni yanada qiyinlashtirishi mumkin. Iskala ikki oy oldin amerikalik harbiylar tomonidan qurib topshirilgan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
Kiprdan kelayotgan kemalardan gumanitar yukni iskalada tushirib, so’ng uni qayiqlarda G’azoga yetkazish maqsadida Pentagon loyihaga 230 million dollar ajratgan. Biroq Mudofaa vazirligi mutasaddilari ob-havo sharoitini, dengizning kuchli to’lqinlanishini hisobga olmaganini bildirmoqda.
Iskala 20 kun ishladi, xolos. Pentagon vakili shu vaqt mobaynida sektorga 10 ming tonnaga yaqin yuk yetkazilganini ma’lum qildi.
BRITANIYA G'AZOGA YORDAMNI JONLANTIRMOQDA
Bu o’rtada Britaniyada hokimiyatga kelgan leyboristlar BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko’rsatuvchi agentligini moliyalashni jonlantirishini bildirdi.
Isroil agentlikning falastinlik xodimlarini XAMASning 7-oktabrda Isroilga hujumiga aloqadorlikda ayblashi ketidan Britaniya hukumatidagi konservatorlar yordamni to’xtatib qo’ygan edi.
Britaniya yangi Tashqi ishlar vaziri Deyvid Lammi millionlab falastinliklarni gumanitar yordam, ta’lim va tibbiy yordam bilan ta’minlovchi idora faoliyati uchun 27 million dollar ajratilishi haqida ma’lum qildi.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi aprel oyida Isroil agentlikning yuzlab xodimlari jangari guruhlarga a’zo ekani haqidagi da’vosiga isbot keltirmagani haqida xulosa qildi.
ISROILNING G'AZODA TINIMSIZ HUJUMLARI
Isroil falastinliklarga G’azoning ayrim rayonlardan ketishni buyurar ekan, arablar sektorda xavfsiz joy yo’qligidan nolimoqda. Xon-Yunusning al-Mavasi vaqtincha lageriga ko’chishga buyurilgan odamlar hudud Isroil hujumiga uchraganini aytadi.
Voqea payshanba kuni sodir bo’lgan. Isroil G’azo shahrini ham nishonga olgan. Natijada kamida 21 odam o’lgan.
Zavayda va Dayral Balah shaharlari, Burayj va Nuseyrat qochqinlar lagerlariga havo hujumlarida 16 kishi nobud bo’lgan.
"Boradigan joyimiz yo’q. Uyimizni vayron qilishdi, erim o’ldi, al-Mavasini xavfsiz deyishgan edi, ammo G’azoda xavfsiz joyning o’zi yo’q”, - deydi Aziza Sulaymon Ammar ismli beva.
Rafahda jon saqlagan bir milliondan oshiq odamning aksariyati Isroil shaharga may oyida hujum boshlashi ketidan qochishga majbur bo’ldi.
Isroilning 10 oydan beri davom etayotgan qirg’ini va harbiy amaliyoti asosiy nishon - XAMAS harakatini mag’lub eta olmadi. XAMAS jangchilari hanuz qarshilik ko’rsatmoqda, “Islomiy jihod” guruhi bilan Isroil janubidagi hududlarga raketa otmoqda.
XUSIYLAR TEL-AVIVNI NISHONGA OLDI
Dengizda Isroilga qatnayotgan tijoriy kemalarni nishonga olayotgan yamanlik xusiylar bu gal Tel-Aviv shahrini dron bilan nishonga oldi.
Dron juma tongda shahar markazida portlab, bir odam o’lgan, 18 kishi jarohat olgan.
Isroil havo mudofaasi tizimi dronni ko’rmagan.
Xusiylar hujum ularning ishi ekanini tan oldi.
Isroil armiyasi so’zlovchisi kontr-admiral Daniel Xagari hujum Eronda ishlangan “Samad-3” droni bilan amalga oshirilganini aytdi.