AQShda iqtisodiy ahvol qanday?

  • Amerika Ovozi

AQSh Markaziy banki foiz stavkalarini yana ko'tarishdan oldin iqtisodiy ahvolni o'rganib chiqadi, deydi uning rahbari Jerom Pauel. So'nggi raqamlar 2018-yil Amerika iqtisodiyoti uchun ijobiy yakunlanganini ko'rsatayotgan bo'lsa-da, moliya bozorlarida bezovtalik seziladi.

"Inflyatsiya sur'ati past va nazorat ostida. Yil davomida iqtisodiy vaziyatni kuzatib, qarorlar qabul qilamiz", - deydi Pauel.

O'tgan yili Markaziy bank foiz stavkalarini to'rt marta ko'targan. Bu degani iste'molchilar va bizneslar uchun banklardan qarz va kredit olish sekin-asta qimmatlashmoqda. Bugun AQSh iqtisodiyoti 10 yil oldingi krizisdan butunlay chiqib olgan hisob, demak, imtiyozli programmalar davom etishiga hojat yo'q.

Hozir AQShda ishsizlik darajasi 3,9 foiz - so'nggi 50 yilda eng past ko'rsatkich. Dekabrda 300 ming ish o'rni yaratilgan. 2019-yilda iqtisodiy o'sish biroz sekinlashishi kutilmoqda.

Markaziy bank rahbari deydiki, global iqtisodiy o'sish borasidagi xavotirlar hamda AQShning boshqa davlatlar bilan savdo ustida tortishuvi 2018-yilning so'nggi choragida aksiyalar bahosini tushirib yubordi, ammo AQSh iqtisodiyoti barqaror o'sishda davom etmoqda.

"Asosiy xavotir - global o'sish sekinlashuvi va buning AQShga ta'siri. Foiz stavkalarini ko'tarish yoki tushirish rejalab qo'yilmagan, vaziyatga qarab ish tutamiz", - deydi Jerom Pauel.

AQSh Tijorat palatasining ogohlantirishicha, hozirda bizneslar ijobiy kayfiyatda, ammo proteksionizm, savdo urushlari va hukumat yopilishiga olib kelgan siyosiy mashmashalar o'sishni sekinlashtirishi mumkin.