AQSh iqtisodiyoti ancha o'sgan, ishsizlik kamaygan

  • Amerika Ovozi

Nyu-York restoranlarida

2022-yil Qo'shma Shtatlarda yuqori iqtisodiy ko'rsatkichlar bilan boshlandi. Ishsizlik 3,9 foizda. Savdo ko'lami ham kengaygan.

2021-yil oxiriga kelib, Amerika oyiga 300 milliard dollardan oshiq import qila boshlagan. Savdo kamomadi oyiga 80 milliard dollar atrofida, ya'ni Amerika tashqaridan ko'proq mahsulot olmoqda.

Ayrim ekspertlar buni salbiy holat deb baholasa-da, xaridor talabi oshgani mamlakat iqtisodi uchun oldinga siljish demakdir.

"Savdo kamomadimiz bizning aslida boshqalardan oldinda ekanimizni ko'rsatadi", - deydi Geri Hufbauer, Xalqaro iqtisod bo'yicha Peterson instituti tadqiqotchisi.

"Dollar bahosi oshgan, bu ham ijobiy yangilik. Xaridor ko'proq narsa xohlayotgani har doim plyus".

Nyu-York qimmatbaho qog'ozlar bozori

Xitoy - AQShda eng ko'p mahsulot sotayotgan davlat. Amerikaning bu mamlakat bilan savdo kamomadi oyiga 28,4 milliard dollar. Yevropa Ittifoqi bilan 19,4 milliard dollar, Meksika bilan 11 milliard dollar, Germaniya bilan 6,1 milliard dollar, Kanada bilan esa 5,4 millaird dollarga teng.

Markaziy va Janubiy Amerika davlatlari bilan savdoda AQSh ustuvorlikka ega. Oyiga jami 4,5 millard dollar. Eng salmoqlisi Braziliya bilan. Osiyoda Gonkong bilan 1,6 milliard dollar.

2021-yilda har oy AQShda o'rtacha 537 ming ish o'rni ochilgan. O'tgan yili shu paytda ishsizlik 6,4 foizda esa, hozir 4 foizdan past.

Biroq pandemiya davrida millionlab ish o'rinlari tamoman yopilib ketdi. 2020-yilning bahorigacha mamlakatda mehnatkashlar soni hozirgidan 3,6 million ko'proq edi.

Kaliforniya shtatidagi tovar yuklash markazlaridan biri

Qora tanli aholi orasida ishsizlar ko'proq, ayni damda 6,5 foiz, asosan erkaklar.

Koronavirusning omikron shtammi iqtisodga qanchalik ta'sir qilgani o'rganilmoqda.

Bemorlar ko'proq uyda davolanayotgani ular ishdan to'xtamadi, degani emas. Biroq ekspertlar biror xulosa qilish uchun vaqt zarur ekanini uqtiradi.

"Umid qilamiz, omikron ta'siri qisqa va oz bo'ladi. Lekin har qanday kasallik mehnat bozorida salbiy o'zgarishlarga yetaklaydi", - deydi iqtisodchi olima Eliz Gud.

Bizneslar bugun imkon qadar kamroq odam bilan ko'proq ishni bitirishga harakat qilmoqda. Bu esa ish o'rinlari ozayishidan darak.