Qo’shma Shtatlar Misrga bir milliard dollarga teng harbiy va iqtisodiy yordam ko’rsatishga qaror qildi. Lekin harbiy rahbarlar fuqaro jamiyatini siquvga olmoqda va AQShda asoslangan nohukumat tashkilotlarning Misrdagi faoliyatini cheklamoqda. Ko’plab faollar, ayniqsa o’tgan yilgi inqilob ortida turgan va tuzum batamom o’zgarishini talab qilayotgan insonlar Amerika qaroridan norozi.
Davlat kotibasi Xillari Klinton deydiki, Misrga yordam berish AQSh manfaatlari uchun xizmat qiladi. Qo’yilayotgan shart shuki, deydi u, fuqaro erkinliklari ta’minlanishi zarur.
“Biz Misr hukumati huquqni qanchalik e’zozlayotganini kuzatib turibmiz. Har bir fuqaro erkin fikr bildira olishi va harakat qila olishi shart. Misr demokratiya tomon yo’nalishi kerak. Hech kim kamsitilmaydi - diniy, etnik, jinsiy yoki siyosiy jihatdan”.
Ulardan biri “Freedom House” tashkiloti vakili Charls Dann. U va boshqalar yaqinda vatanga qaytarildi.
“Nega Obama ma’muriyati fuqaro jamiyati borasida aniq bir kelishuvga kelmay turib, shuncha yordam berishga qaror qildi? Bizning ishimiz hamon sudda. Soxta ayblovlar qo’yilgan”.
Charls Dann fikricha Misrga aniq shartlarsiz yordam ko’rsatish harbiy boshqaruvning haddini oshiradi, erkinlikka zarba.
Lekin AQShda ko’plab siyosatchilar nazarida Misr hukumati bilan hamkorlik har narsadan ustun, fuqaro jamiyatidan ham.
“Biz Misr davlati bilan samarali, kuchli hamkorlik tarafdorimiz",- deydi Kit Ellison, Kongress a'zosi, demokrat, musulmon amerikalik.
"Mayda-chuyda masalalarni deb oradagi aloqalar buzilishini istamaymiz",- deydi u.
"Agar biz Amerika ta’sirini saqlab qolmoqchi bo’lsak va ikki davlat orasidagi munosabatlarga darz ketmasin desak, uzoq muddatli manfaatlarni ko’zlasak, bugungi nozik bir pallada Misr hukumatini quvvatlashimiz lozim. Gap bu yerda siyosiy ta’sir va qudratni saqlab qolishda. Ikki hukumat tortishadigan vaqt emas hozir. Tomonlar yaqin muloqotda",- deydi siyosatshunos, Vashington-Qohira orasidagi yaqinlik haqida gapirar ekan.
Amerika rasmiylari barcha muammolar yuzasidan Misr hukumati bilan muzokara ketayotgani, xususan fuqaro jamiyati, erkinlik va huquqqa hurmat ustuvor masalalar ekanini uqtiradi. 1 milliard dollarlik yordam hukumatga emas, xalqqa, deya bildiradi AQSh Davlat departamenti.