AQSh Adliya vazirligi xorijiy davlatlarni Amerikada prezident poygasi va boshqa turdagi saylovlar natijasiga ta’sir qilish harakatida aybladi. Vazirlikka ko’ra, xususan Rossiya, Eron va Xitoy Amerika saylovchilarini mukammal ta’sir amaliyotlari bilan nishonga olmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
AQShda prezident sayloviga ikki oydan oz vaqt qoldi.
“Iqtisodiyotni, o’rta sinfni qutqaramiz”, - deydi respublikachilardan prezidentlikka nomzod Donald Tramp.
“Yangi sahifa ochish vaqti keldi”, - deydi uning demokrat raqibi Kamala Harris.
Adliya vaziri Merrik Garlend Rossiyani saylovga aralashayotganlikda aybladi.
“Prezident Vladimir Putinning ichki doirasiga kiruvchi odamlar, jumladan Sergey Kiriyenko AQShda 2024-yil prezident sayloviga ta’sir qilishga qaratilgan dastur doirasida Rossiyaning jamoatchilik bilan aloqa qiluvchi kompaniyalariga dezinformatsiya va davlatga to’g’ri keluvchi ma’lumotlar tarqatishni buyurgan”, - deydi Garlend.
Rossiya AQShdagi axborot veb-sahifalariga o’xshovchi o’nlab axborot saytlarini tashkil etib, Amerika saylovchilarining muhim mavzular bo’yicha fikriga ta’sir qilishda, Rossiyaning xorijiy tillarda efirga chiquvchi RT telekompaniyasini esa AQShdagi media shirkatga salkam 10 million dollar o’tkazganlikda ayblanmoqda.
“AQSh sayloviga ta’sir qilish va demokratiyani izdan chiqarish maqsadida Kreml bundan xabari yo’q amerikaliklarga millionlab dollar to’lagan”, - deydi AQSh Davlat departamentining so’zlovchisi Mettyu Miller.
Rossiya bunday ayblovlarni inkor etmoqda.
"Bu qip-qizil rusofobiya, so’z erkinligiga hujum, kamsitish, Amerikaning eng ifloq o’yini, yashirin hukumatning saylov paytida manipulyatsiya qilishi”, - deydi Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mariya Zaxarova.
AQSh bunday da’volarni safsata deya inkor etmoqda.
Sentabr boshida chop etilgan AQSh razvedkasining xulosasida Rossiya “saylov mavsumiga aralashayotgan eng faol tahdid” deb ta’riflanadi, sobiq prezident Donald Trampga yon bosayotganlikda ayblanadi.
AQSh Eronni ham ayblamoqda.
“Ushbu saylov mavsumida Eron tomonidan o’ta agressiv faollik kuzatilmoqda. Yaqinda Eron sobiq prezident Tramp saylov kampaniyasiga zarar yetkazmoqchi bo’lgani, Tehronning manfaatlariga to’g’ri kelmaydigan saylov natijasining oldini olishga harakat qilgani xabar qilindi”, - deydi adliya vaziri Garlend.
AQSh razvedkasi Xitoyni ham ijtimoiy sahifalarda Pekinga qarshi bo’lgan nomzodlarga zarar yetkazuvchi kichik ko’lamli media kampaniyasiga qo’l urganlikda ayblamoqda.
“Nazarimda, xorijiy aralashuv aksariyat amerikaliklar tomonidan muhim mavzu deb ko’rilayotgani yo’q. Ammo nima bo’layotganini tushunish, ulardan foydalanishlari mumkinligini anglash saylovchilar uchun muhimdir”, - deydi Sirakyuz universitetidan Margaret Talev.