Muhojirlar ingliz tilini qanday o'rganadi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika hayoti, ingliz tili kurslari/English lesson go mobile

AQShning kichik shahar va qishloqlarida jamoat transport tizimi yaxshi rivojlanmagan. Amerikaliklar o’z avtomobillarida yurishga odatlangan. Mamlakatga ko’chib kelgan muhojirlarning bunga o’rganishi qiyin. Maktab, do’kon yoki ishga borish uchun mashina kerak. Haydovchi guvohnomasini olish uchun ingliz tilida imtihon topshirish talab qilinadi. Ammo mashina bo’lmasa, ingliz tili kurslariga qanday qatnaysiz? Bir shaharda bu muammoning qiziq bir yechimi topildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Muhojirlarga ingliz tili o'rgatadigan dastur/Navbahor Imamova


Amerikaning boshqa joylari kabi Nashvil ham avtomobillar shahri. Piyoda yoki velosipedda yurish uchun sharoit deyarli yo’q.

Shaharda yiliga 1200 qochqin qo’nim topadi. Aksariyati ingliz tilini bilmaydi. O’rganish esa oson emas. Chunki kurslarga qatnash uchun mashina kerak. Haydovchi guvohnomasini olish uchun esa ingliz tilini bilish talab qilinadi.

Mana bu talabalar Tennesi Chet tillari institutiga o’qishga qatnaydi. Shahar markazidan uzoqda yashaydiganlar nima qilsin?

Ularga yordam berish uchun institut maxsus mobil darsxonalar tashkil etishga qaror qildi.

Shahar bo’ylab asosan muhojir va qochqinlar yashaydigan mahallalarga mana bunday mashina boradi.

Eshli Ekers dastur rahbari:

“Ko’pgina hollarda qochqin va muhojirlar darsga kelolmasdi. Piyoda borish uzoq. Avtobusda yurishni hali bilmaydi. Bu ular uchun jiddiy to’siq edi. Qanday qilib uni bartaraf etshni bilmasdi”.

Lulu Inkom birmalik, AQShga kelganiga to’rt yil bo’ldi. U Chet tillari instituti xodimlariga shunday mobil darsxonalar tashkil etish taklifini berganlardan. Immigrantlar uchun ham oson, ham arzon, deydi u.

“Ular ingliz tili darslariga qatnashni istaydi, lekin ishlaydi ham. Ayniqsa qishda qiyin. Bizga o’xshaganlar endi hech qayerga bormasa ham bo’ladi, darsxonalar shu yerda,” - deydi Inkom.

May oyida ishga tushgan dasturga ko’plab muhojirlar yozilgan. Ayrimlari navbatini kutishga majbur. Nashvilda yashaydigan bolalar ingliz tilini maktabda o’rganadi. Bu institut talabalari – yoshi kattalar.

“Men bunday keksa yoshga kirganimda chet tilini o’rganmay qo’ya qolardim. Lekin ular o’ziga ishonadi. Ingliz tilini o’rganishga shay,” - deydi Eshli Ekers.

Amerikaga kelgan qochqinlar mustaqil hayotga intiladi. Ingliz tilini o’rganish esa muvaffaqiyat va mustaqillik sari qo’yiladigan birinchi qadam.