Salkam bir oydan so’ng Jenevada Suriya Prezidenti Bashar Assad hukumati va muxolif guruhlar vakillari o’rtasida muzokaralar o’tkazilishi rejalangan. Biroq ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, AQSh qo’llab-quvvatlayotgan muloqot muvaffaqiyatsiz bo’ladi.
Ba’zi ekspertlar fikricha, Qo’shma Shtatlar o’z oldidagi muammoni yaxshi tushunmayapti.
“AQSh rahbariyati inqirozga uchragan davlatlarni qanday qutqarishni bilmaydi. Obama ma’muriyatida bunga oid strategiya yo’q”, - deydi Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq boshlig’i.
Jeyms Vulsi Yaqin Sharqda inqirozga yuz tutgan davlatlar ko’pligiga e’tibor qaratadi. Bu mamlakatlarda, deydi u, davlat idoralari faoliyat yuritmayapti, hokimiyatdagi bo’shliqni esa turli maqsadlarga ega guruhlar to’ldirgan.
“Suriya yoki Iroq degan davlatlarning o’zi qolmadi. “Islomiy davlat” guruhi chegaralarni yo’q qildi, katta hududni nazorat qilmoqda”, - deydi Kurdiston mintaqaviy hukumati razvedka xizmati rahbari Lohur Talaboniy.
Yaqin Sharq endi eski holiga qaytmaydi, deya uning so’zlariga qo’shiladi Fransiya razvedkasi rahbari Bernar Bajole.
“Biroq AQSh Suriya va Iroqni ilgarigidek alohida davlatlar sifatida ko’rmoqda”, - deydi u.
Oq uy so’zlovchisi Josh Ernest Suriya ichidagi siyosiy tartibsizlikka chek qo’yish haqida gapirarkan, Davlat kotibi Jon Kerri muvaqqat hukumat yaratish tashabbusini ilgari surmoqda.
Biroq Suriyaning kattagina qismida Assad armiyasi, muxolifat va kurdlar o’rtasida janglar davom etar ekan, bunday urinishlar samara bermaydi, deydi mintaqashunoslar.
Bundan tashqari, regionda tinchlik o’rnatish katta mablag’ va uzoq vaqt talab qiladi, amerikalik askarlar hayotini xavf ostiga qo’yishga to’g’ri keladi.
“Bu davlatlarni qayta oyoqqa qo’yamiz va bizga do’stona demokratik tizimlarga aylantiramiz, degan ilk rejamizga sodiq qolishimiz kerak yoki yangi voqe’likni tan olib, Suriya degan davlat yo’qligini aks ettiruvchi yangi strategiya ishlab chiqish lozim. Iroqda ham davlat tizimi hali-beri qayta tiklanmaydi”, - deydi Urushlarni o’rganuvchi institut tahlilchisi Kristofer Xarmer.
Xo’sh, Obama ma’muriyatining yondashuvi qanday?
Hozirda Iroqda AQShning 3500 askari bor. Ular “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda Iroq armiyasiga yordam bermoqda.
Pentagon mamlakatga yana qariyb 100 nafar yaxshi tayyorlangan zobitni yuborish niyatida. Ular Iroq va Suriyada “Islomiy davlat” rahbariyati va qo’mondonlarini nishonga oladi. Qo’shma Shtatlar o’tgan yil avgustidan beri guruhga havodan zarbalar berib kelmoqda.
Biroq Prezident Obama Iroq va Suriyaga ko’p sonli qo’shin yuborilishiga qarshi.
“Biz bu urushda o’z manfaatlarimizni qanday himoya qilamiz, AQSh haqidagi ijobiy fikrni qanday tiklaymiz, davlat tizimi bo’lmagan joyda kim bilan hamkorlik qilamiz? Bu hozircha noaniq”, - deydi Xarmer.
AQSh Kongressining ayrim a’zolari Obama ma’muriyatidan qat’iyroq choralar kutmoqda. Senatning Qurolli kuchlar qo’mitasi raisi Jon Makkeyn Obama yondashuvini “strategiya emas, shunchaki umid”, deb atadi.
Biroq tanqidchilar ham Yaqin Sharqda to’g’ri va muvozanatli strategiyani olib borish juda qiyin masala ekanini yaxshi biladi.
“Vaziyat nihoyatda murakkab, uni osonlikcha hal qilib bo’lmaydi. Nafaqat harbiy, balki boshqa yondashuvni qo’llash kerak”, - deydi Iroq va Afg’onistondagi harbiy kampaniyaga rahbarlik qilgan qo’mondonlardan biri general-leytenant Deyvid Deptula.