Rossiya armiyasi Ukrainaning Xarkov viloyatida qishloq ketidan qishloqni egallashda davom etarkan, AQShdagi saylov kampaniyasida asosiy nomzodlar Jo Bayden va Donald Tramp Ukraina haqida ko’p gapirmayapti.
Your browser doesn’t support HTML5
Ukraina AQShdan kelayotgan yangi harbiy yordam bilan Rossiya armiyasining hujumlarini qaytarishga urinmoqda, biroq Xarkov yo’nalishida bu ish oson bo’lmayapti.
AQSh Kongressi aprel oyida Ukraina uchun 50 milliard dollardan oshiq pulni o’z ichiga olgan qonun loyihasini ma’qullagan. Hujjatni imzolayotib Prezident Jo Bayden Ukrainani AQSh milliy xavfsizlik siyosatining markaziy qismi deb atagan.
“Agar AQSh hozir Ukrainadan yuz o’girsa, uning xavfsizligi, Yevropa xavfsizligi xavf ostida qoladi. Erkin dunyo xavf ostida qolib, bu bizga ziyon yetkazishni xohlayotganlarga dalda beradi. Prezident Putinga gapim oddiy: Ukrainadan voz kechmaymiz”, - degan edi o’shanda Bayden.
Biroq tahlilchilar prezident saylovida tashqi siyosat muhim rol o’ynamasligini aytadi.
“Oxirgi paytlarda so’rovlarda Ukraina mavzusini deyarli ko’rmaysiz, tashqi siyosatni aholining 5 foizidan kami muhim deb biladi”, - deydi Vashingtondagi Amerika universiteti professori Jeyms Turber.
Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Donald Tramp AQSh tashqi yordam uchun keragidan ortiqcha pul sarflaganini aytib keladi.
Shu yilgi chiqishlarining birida Tramp NATOga a’zo mamlakat Rossiya hujumiga uchrasa, prezident sifatida unga yordam bermasligi mumkinligiga ishora qilgan.
“Sizni himoya qilmayman, aksincha, ularni xohlaganini qilishlariga undagan bo’lardim”, - degan edi Tramp.
Amerikaning xorijdagi siyosatidan norozi fuqaro uning bu gapini olqishlamoqda.
“20 yil davomida terrorga qarshi urush, keti ko’rinmayotgan urushlar sabab tobora ko’p amerikaliklar Amerikani ustun qo’yib, izolyatsionizmga yuz tutmoqda. Shuning uchun ham 2016-yil saylovida Tramp g’alaba qozongan. Shuning uchun Respublikachilar partiyasidan 2024-yilda ham asosiy nomzod bo’lishni uddalamoqda”, - deydi Virjiniya universitetidan Barbara Perri.
Ukrainaga qo’shimcha yordam ajratishdan bosh tortib kelgan Kongressdagi ayrim respublikachi qonunchilar bir necha oylik muzokaralardan so’ng masalani ijobiy hal qilishga qaror qildi.
“Ukrainaga amerikalik yigitlarni jo’natgandan ko’ra o’q-dori jo’natganimiz afzalroq”, - dedi quyi palata spikeri Mayk Jonson.
Amerika oliy o’quv yurtlarida G’azodagi urushga qarshi talaba namoyishlari AQSh tashqi yordamining qanday sarflanishi saylov mavsumida muhim mavzu bo’lishini ko’rsatmoqda.
“Mamlakatimizda talabalik qarzlaridan xavotir ko’p yoshlar borligini bilamiz. Ular milliardlab dollar pullarimizning, qurollarning Ukraina va Isroilga nega yuborilayotganini, ammo bu pullarning mamlakatimizda muhim bo’lgan loyihalar uchun nega sarflanmayotganini bilishni istaydi”, - deydi Perri.
Kongress Ukraina uchun aprel oyida tasdiqlagan yordam paketi noyabrda bo’ladigan prezident saylovidan oldin oxirgisi bo’lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.