Elektron sigaretlar o'smirlar orasida ommalashmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Elektron sigaretalar

Ayrim mamlakatlarda elektron sigaretalar man qilingan. Boshqalarida hech qanday to’siqsiz, bemalol sotiladi. Olimlar bu mahsulotni to’la o’rganib chiqmay turib, elektron sigaretalar allaqachon aholi, xususan, o’smirlar orasida ommalashib, keng tarqalib ketdi. Biroq bunday sigaret tarkibida ham nikotin moddasi mavjud. Demak, salomatlik uchun zarar.

“Blu” nomli elektron sigaretlar reklamasida oddiy sigaret ommaga qanday taqdim etilgan bo’lsa, elektron mahsulot ham shunday: uni chekadigan ayol jozibali, erkak esa kuch-quvvatga to’la.

Yoshlar orasida elektron sigaret chekayayotganlar soni oshib bormoqda. AQShning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markaziga ko’ra, so’nggi bir yil ichida bunday yoshlar soni ikki baravar ko’paygan.

“YouTube”dagi bir videoda yosh yigit elektron sigaretni sog’liq uchun mutlaqo zararsiz deya taqdim etadi. Biroq shifokor Jonatan Vinikofga ko’ra, nikotin moddasi o’smir va yoshlarning rivojlanayotgan miyasiga katta zarar yetkazishi mumkin.

“Tarkibida nikotin bor har qanday mahsulot, xususan elektron sigaret miyani xavfli o’yinga ro’baro’ qilish bilan barobar”, - deydi u.

Nikotin o’smirni tushkunlikka tushirib, xotirasini yo’qotishiga ham sabab bo’lishi mumkin.

"Shuningdek, o’smir miyasi nafaqat nikotin, balki boshqa moddalar, masalan, kokain, marixuana va boshqa narkotiklarga o’rganib, kashandaga aylanishga moyil bo’ladi,” - tushuntiradi shifokor.

Elektron sigaretlar batareykalarda ishlaydi: ichiga nikotin moddasi singgan suyuqlik. Mazasi meva yoki shirinlikka o’xshaydi. Demak, o’smirlarga ma’qul kelishi oson. Vashingtondagi tamaki do’konining egasi o’smirlar bunday sigaret chekayotganidan xavotirda ekanini yashirmaydi.

“18 ga to’lmaganlarga mahsulot sotilmaydi. Kompaniyamiz siyosati shu”, – deydi u.

Ammo yoshlar uni internet orqali muammosiz sotib olishi mumkin.

"YouTube”dagi yana bir videoda yosh ayol qilgan xaridini maqtaydi.

“Sotib oldim, bugun qo’limga tegdi. Chekdim, zo’r ekan”, - deydi u.

“Hammasi zo’r, sigaret chekyapman, degan gunoh hissi yo’q”, - deyiladi yana bir reklamada.

Mutaxassislar bunday maqtovlarning aldamchi ekanidan ogohlantiradi.

“Xaridorlar elektron sigaretlar haqida yetarli ma’lumotga ega emas. Faqat reklamalar bor. Ularda mahsulot sog’liq uchun zararsiz deya ta’kidlanadi”, - deydi bir olim.

Jennifer Dyuk sog’liq bo’yicha tadqiqotchi. Elektron sigaretlarning ayrim jihatlari hali noma’lum, ammo ma’lumlari xavotirga molik, deydi u.

“Nikotinga o’rganib qolgan yangi avlod uchun bu haqiqiy muammo”, - deydi u.

Mutaxassislar aynan shundan xavotirda.