Qullar saqlangan inshoot bugun muzey

  • Amerika Ovozi

"Qullikdagi 12 yil" filmidan kadr

Nufuzli sovrinlarga sazovor bo’lgan “Qullikdagi 12 yil” badiiy filmi Solomon Nortrup ismli qora tanli xotiralariga asoslangan. U Nyu-York shtatida erkin bo’lib tug’ilgan, ammo 1841-yilda Vashingtonda olib qochilgan va odam savdosi bilan shug’ullangan Jeyms Borch tomonidan qullikka sotib yuborilgan.

Virjiniya shtatining Aleksandriya shahrida Borchning erkak, ayol va bolalarni saqlash uchun qulxonasi bo’lgan. Bugunda binoda qulqorlik haqidagi muzey va fuqarolar huquqlari tashkiloti joylashgan.
Aleksandriya shahridagi bu uy ostonasidan minglab qullar o’tgan. Hozirda bu yerda joylashgan Erkinlik uyi muzeyida esa ular kechinmalariga nazar tashlash mumkin. Kichik bu xonada oilalari, yaqinlaridan ajralgan holda 60 nafargacha erkak saqlangan.

Yaqinlarini hech qachon ko’rolmasligini bilib yashash… Buni tasavvur qilish qiyin, deydi Ugandada tug’ilgan Julian Kiganda.

“Afro-amerikaliklar uchun oiladan ajralish odatiy hol bo’lgan. Naqadar og’ir”.

Qullarning ko’pi tamaki plantasiyalarida ishlagan. Yer hosildorligini yo’qotgach qullarni janubga, paxta plantasiyalariga sotib yuborishgan, deydi Aleksandriyadagi Qora tanlilar tarixi muzeyi rahbari Odri Devis.

"Ular turli joylardan kelgan va sotilgunicha qulxonada saqlangan. So’ngra bozorga olib chiqilgan yoki xaridor o’zi kelib, ularni shu yerda tekshiruvdan o’tkazgan-da yangi joyga olib ketgan”.

Qulxona katta binoni egallagan. Mamlakatdagi eng yirigi va daromadlisi bo’lgan. Bu yerda oshxona, kasalxona, ovqatxona va jismoniy mashqlar uchun hovli ham bo’lgan. Qullar qancha sog’lom ko’rinsa, shuncha qimmatga sotilishini quldorlar yaxshi tushungan. Ularga hatto yangi kiyim berilgan.

“Chevarlar qullar uchun kiyim tikkan. Bozorga olib chiqilganida qimmat ko’rinishi uchun bandilar shu libosni kiyishga majburlangan. Lekin imkon paydo bo’lishi bilan ust-boshini almashtirgan, chunki ular uchun bu kiyim qullikka sotilishni eslatgan,” - deydi Kiganda.

Qul sotuvchilari ularni odatda to’rt baravar qimmatga pullagan.

“Qul sotib olaman deganlar 1200 dollar atrofida to’lagan. Hozirgi narxda bu qariyb 30 ming dollar. Har bir qul kuniga 350 kilogacha paxta tergan,” - hikoya qiladi Kiganda.

Muzeydagi temir eshik haqiqiy eshikdan nusxa. Lekin derazalardagi panjara va g’isht devor o’sha davrdan qolgan. Kaliforniyalik Jaklin Nordorf odam bu devorga kishanlab qo’yilganini tasavvur qilish dahshatli, deydi.

“Afsuski, tariximizda shu qadar yomon sahifalar bor. Bir paytlar qullar saqlangan va so’ngra sotib yuborilgan joyga kirish qo’rqinchli bo’ldi”.

Bir joydan boshqa joyga ko’chirilganida qullar qochib ketmasligi uchun bir-biriga kishanlangan va kemaga yuklangan. Ayrim hollarda janubdagi plantasiyalarga hatto piyoda borgan.

Muzeyda asl kishanlar bor.

“Odamlar uchun qullar nimani his etganini, o’zini qanday sezganini tushunish nihoyatda muhim,” - deydi Kiganda.

Qullikni tugatgan Amerika fuqarolar urushi (1861-1864) paytida bu qulxona yopilgan. Aleksandriya qullikka qarshi chiqqan Shimol qo’shinlari ixtiyoriga o’tgach qamoqxonaga aylantirilgan. Va taqdir taqozosi bilan bu yerda quldorlar o’lkasi bo’lgan Janub askarlari bandi qilib saqlangan.