AQShda prezident saylovlari oldidan fuqarolikni qabul qilib, noyabrda ovoz berishni rejalayotganlar katta sonni tashkil etadi. Ularga qator nodavlat tashkilotlar (SEIU, Mi Familia Vota, NPNA, UFCW, Unite Here! Latino Victory Foundation) yordam beryapti.
"Biz nafratga qarshimiz" nomli harakat saylov kampaniyasida yangrayotgan fikrlarga, xususan, Oq uyga respublikachi da'vogar Donald Trampning bayonotlariga javoban boshlangan. Tashkilotchilar 8-noyabrgacha kamida bir million odamni fuqarolikka yozdirmoqchi.
Maqsad nomzod etib tanlanishi kutilayotgan Trampga qarshi ovoz berish va uning prezident etib saylanishiga yo’l qo’ymaslikdir.
Joriy yilda Lotin Amerikasidan bo'lgan 27 million kishi ovoz berish huquqini qo'lga kiritadi. Ularning aksariyati - Demokratik partiya tarafdorlari, siyosiy jihatdan faol.
Yilning birinchi choragida fuqarolik arizasini to'ldirganlar 14,5 foizga oshdi va bu son o'sishda davom etmoqda.
Donald Tramp immigrantlar haqidagi bayonotlari bilan ancha shov-shuv uyg'otgan. U xususan meksikalik muhojirlarni "jinoyatchi va tajovuzkor" deb ataydi. Agar prezident bo'lsa, chegarada baland devor qurmoqchi; noqonuniy immigrantlarni tutib, mamlakatdan haydamoqchi. Dekabr oyida, Parijdagi terror xurujlaridan keyin Tramp AQShga musulmonlarni kiritmaslik kerak, deb ham ta'kidlagan edi.
“Gallup” markazi o’tkazgan so’rovlarga ko’ra, ispanzabon aholining 77 foizi Tramp haqida salbiy fikrda.
“Donald Tramp va boshqa respublikachilar muhojirlar, qochqinlar, latinolar, osiyoliklar va musulmonlar haqida shunday gaplar gapirdiki, bu odamlarni fuqarolikni qabul qilishga majburlamoqda”, - deydi Illinoys shtatidan kongressmen Luis Gutierrez.
"Biz nafratga qarshimiz" harakati fuqarolikka kirish jarayoni bo'yicha kurslar, seminarlar o'tkazadi. So'nggi ikki oyda ularda yarim million odam qatnashdi. Hozir Amerikada pasport olishga navbati yetgan qariyb 9 million muhojir bor.
Fuqarolikni olish kishi boshiga 680 dollarga tushadi. To’lovni 725 dollarga ko'tarish masalasi ko'rib chiqilmoqda.
“Odamlar arizalarni yuborishda davom etmoqda, lekin ayrimlar uchun bu katta pul”, - deydi immigrantlar huquqini himoya qiluvchi tashkilot rahbari Astrid Silva.
Ammo Amerikada doimiy yashayotgan va daromadi past insonlar uchun to’lovning bir qismi yoki hammasi bekor qilinishi mumkin. Bu haqda ko'pchilik bilmaydi, deydi Silva.
Masalan, to’rt kishidan iborat oilaning yillik daromadi 48600 dollardan oshmasa, fuqarolik arizasi uchun to’lov kamaytiriladi.
Faollar saylov bo’lmagan yillarda ham muhojirlarni fuqarolikni olishga undaydi. Bu demokratik tizim uchun yaxshi, deydi ular. Chunki odamlar o’z haq-huquqlarini bilishi va o’zini himoya qila olishi kerak.