Immigratsiya haqidagi qonun kelajagi mavhum

  • Amerika Ovozi
O’tgan hafta AQSh Senati tomonidan immigratsiya haqidagi qonun loyihasining qabul qilinishi islohot tarafdorlari uchun katta g’alaba bo’ldi. Ammo endi loyiha respublikachilar ko’pchilik bo’lgan Vakillar palatasi tasdig’idan o’tishi kerak. Kuzatuvchilar masala boshi berk ko’chaga kirib qolishidan xavotirda.

Your browser doesn’t support HTML5

Respublikachilar va Immigratsiya qonuni, Behzod Muhammadiy


Senatning immigratsiya haqidagi qonunni qo’llab-quvvatlagani muhim hodisa bo’ldi. Qonun kuchga kirsa, millionlab hujjatsiz muhojirlar uchun AQSh fuqaroligi sari yo’l ochildi. Ammo endi islohotni Kongressning Vakillar palatasi ham tasdiqlashi kerak.

Palatada aksariyat o’rinlar respublikachilarga tegishli. Demak, ular qonun loyihasiga to’siq bo’lishi mumkin. Palata Spikeri respublikachi Jon Beyner ham buni e’tirof etadi.

“Biz o’zimiz ishlab chiqqan qonun loyihasini ovozga qo’ymoqchimiz. U Palatadagi ko’pchilik fikrini hamda Amerika xalqi manfaatlarini aks ettiradi”, - deydi u.

Respublikachilar partiyasining ko’plab vakillari Senat qabul qilgan qonunga qarshiligini aytmoqda. Ammo demokratlar ilgari surayotgan loyihadan keskin farq qiluvchi yangi qonun qabul qilinmasligini har ikki partiya ham yaxshi tushunadi.

Demokratlar yetakchisi Nensi Pelosi bu haqda shunday deydi:

“Murosaga erishish lozimligini yaxshi bilamiz. Kim ko’pchilik o’ringa egaligini ham tushunamiz. Ammo agar bizning ovoz berishimizni istasangiz, bizga ma’qul loyiha bo’lishi kerak”, - deydi u.

Respublikachilarning 14 nafari Senat qabul qilgan qonunni qo’lladi. Chunki ular o’tgan yilgi prezidentlik saylovda ispanzabon saylovchilarni o’z tarafiga og’dira olmagani sabablarini yaxshi tushunadi, deydi tahlilchi Allan Lixtman.

“Respublikachilar katta sur’atlar bilan ko’payib borayotgan ispanzabon saylovchilarning 20-25 foizini kelasi prezidentlik saylovida o’z tarafiga o’gdira olmasa, saylovni yuta olmasligini biladi”, - deydi u.

Ayni vaqtda Vakillar palatasidagi respublikachilar konservativ qarashdagi partiyadoshlarini ranjitishdan xavotirda, deydi tahlilchi Norm Ornsteyn.

“Vakillar palatasidagi respublikachilar orasida muayyan xavotirlar bo’lishi mumkin, albatta. Ammo ularni tashvishga solayotgan masala aslida omma fikri emas, balki konservativ partiyadoshlarining fikridir”, - deydi tahlilchi Ornsteyn.

Tadqiqotchi Allan Lixtman fikricha, agar Vakillar palatasi qonun loyihasini tasdiqlamasa, kelasi saylovlar natijasini aynan immigratsiya masalasi belgilashi shubhasiz.

“Katta ahamiyatga ega qonun Kongress tasdig’idan o’tsa, bu har ikkala partiya uchun ma’lum ma’noda yutuq bo’ladi. Agar o’tmasa, ular bir-birini ayblashga kirishadi”, - deydi u.

Bu orada millionlab noqonuniy muhojirlar Kongress qarorini intizorlik bilan kutmoqda.