Oq uy Afg’onistonga nisbatan yangi strategiya e’lon qilganidan beri Vashingtondan biror yuqori lavozimli rasmiy Kobulga bormagan edi. Pentagon rahbari Jim Mattis hozirda Afg’onistonga otlanmoqda. Mudofaa vaziri Hindistonda ham bo’ladi. Prezident Donald Tramp o’z ma’muriyatiga Janubiy Osiyo bilan yaqindan ishlashni buyurgan. Pentagonga ko’ra, strategiya hali pishmagan, uning ustida hamon bosh qotirishmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Xitoy endilikda mintaqada eng yirik omilga aylangan. Janubiy Osiyoda tobora faollashib bormoqda.
Prezident Tramp Hindistonni yirik kuch deb hisoblaydi va hamkorlikni oshirmoqchi.
“Hindiston Afg’onistonda katta o’zgarishlar qila oladi, yaqin qo’shni. Iqtisodiy taraqqiyotda roli muhim”, - deydi Tramp.
Demak, AQSh Pokiston bilan ham hamkorlikni kengaytirishi kerak, deydi ekspertlar.
“Hindiston Afg’onistonda harbiy yoki siyosiy rol o’ynay olmaydi. Vaziyatni yanada murakkablashtirishi aniq. Biror muammoni hal qilolmaydi”, - deydi Pokiston Bosh vaziri Shohid Hoqon Abbosiy.
Qizig’i, Hindiston hukumati yaqinda Afg’oniston mudofaa tizimiga yordam berishga ahd qildi. Bir necha loyiha ishga solinadi. Shuningdek, 2 milliard dollardan oshiq miqdorda iqtisodiy ko’mak va’da qilmoqda.
Afg’on hukumati Pokiston va Hindiston bilan birdek hamkorlik qilishni istaydi. Hindiston bilan madaniy rishtalar azaldan kuchli.
“Sog’liqni saqlash, ta’lim, infrastruktura, demokratik institutlar… Hindiston bilan shu sohalarda ishlashni xohlaymiz”, - deydi Kobul diplomati Ahmad Shoh Katavazoy.
Pokistonda bunga norozilik kuchli. Hindiston roli oshsa, Pokistonga bosim kuchayadi, deydi siyosatdonlar, chunki Dehli Islomobodni terror homiysi deb biladi.
Shamila Chodriy Obama ma’muriyatida ishlagan.
“Tramp ma’muriyatining Afg’onistonga nisbatan strategiyasi nozik masalalarni hisobga olmaydi, nazarimda. Bir tomondan Pokistonga bosimni oshirmoqchi, ikkinchi tomondan esa ularni ko’proq harakat qilishga undayapti. Boshqa tomondan Hindistonni ko’proq jalb qilishmoqchi, bu esa Pokistonni g’azabga keltirib, uni keskinroq, salbiyroq ishlarga yetaklashi mumkin”, - deydi Chodriy.
Pentagon rahbari fikricha esa bu yerda eng yirik siyosiy o’yinchi – Xitoy.
Xitoy Hindiston bilan chegara yuzasidan kelishmovchiliklarni yechishga urinmoqda.
Pekin biladiki, Vashington Dehlini o’z ittifoqchisiga aylantirmoqchi. AQSh qo’yayotgan har bir qadamni tahlil qilib, tegishli javob berishi mumkin.