Hindular yarmarkasi - Amerika tub aholisiga bir nazar

  • Amerika Ovozi

Santa-Fe shahri

Shu kunlarda Nyu-Meksiko shtatining Santa-Fe shahrida dunyodagi eng katta hindular san’ati va hunarmandchiligi yarmarkasi bo’lib o’tmoqda.

Unda 300 qabila qatnashyapti.

Santa-Fe hindular yarmarkasi 94 yildan beri an’ana. Amerika tub aholisining san’at va hunarmandchilik asarlari taqdim etiladi, dunyoda eng kattasi.

Dellin Meybi - marosim rahbari.

“Mamlakatimizda federal hukumat tan olgan qariyb 575 qabila bor. Ular o’z jamoalari, ona tili, an’analari va san’atiga ega. Bu yerda chamasi 300 qabila vakillarini ko’rasiz,” - deydi u.

Jeymi Okuma besh yoshidan beri munchoq qadaydi. O’zining qabilasida nomdor dizayner. Amerikaning tub aholisi madaniyatini aks ettiruvchi moda to’plamini tashkil etishni orzu qiladi.

“Munchoq qadalgan poyafzalim juda o’zim-bop. Tabiatimni aks ettiradi. An’analarimiz barobarida moda menga zavq beradi. Shu ixlosim munchoqli tuflilarda mujassam.”

Bir asarni yaratish uchun o’rta hisobda to’rt oy kerak. Okuma Amerika tub aholisi orasida 19-asr oxirlari – 20-asr boshlarida urf bo’lgan kiyim va aksessuarlarga yana qiziqish oshishini istaydi. Shundaylarni yaratadi. Hozir ham an’ananaviy va zamonaviy liboslarni birlashtirish mumkin, deydi u.

“Ish faoliyatimda qabilamdan meros qolgan qadriyatlar, an’ana va san’atimiz aks etsin, deyman. Vaqt o’tsa-da, biz yaratgan liboslar modadan chiqmaydi. Men shuni isbotlamoqchiman. Haqiqatan, ajoyib san’at asarlarimiz bor,” - deydi Okuma.

Mehmonlarga asarlar ma’qul.

“San’at asarlariga gap yo’q. Nihoyatda go’zal, rang-barang. Lekin biz uchun qimmat. Sotib ololmaymiz. Ammo tub aholi yarata oladigan narsalarni ko’rish imkoni borligi zo’r,” - deydi yarmarka kelgan bir mehmon.

“Ko’plar uchun bu ajoyib madaniyatdan bahramand bo’lish imkoniyati. Afsuski, AQShda bu nodir meros yetarlicha namoyish qilinmaydi nazarimda,” - deydi yana biri.

Okuma uchun san’ati hayot mazmuniga aylangan.

“Mana 5-6 kundan beri bu yerda bo’lib qo’limga igna-ip va munchoq olmadim. Tikmadim. O’rgangan ishingni qilmasang g’alati tuyularkan,” - deydi u.

Amerika tub aholisi san’ati va hunarmandchiligi ko’z-ko’z qilinadigan tadbirga yiliga 150 ming odam keladi, Nyu-Meksiko shtati esa qariyb 80 million dollarlik foyda ko’radi.