Indoneziya AQShdan ulkan harbiy yordam kutmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh askarlari Indoneziya bilan qo'shma harbiy mashqlar chog'ida. 5-iyun 2012.

AQSh Indoneziya bilan mudofaa sohasida hamkorlikni kuchaytirmoqda. Janubi-sharqiy Osiyo mintaqasida terrorizm va dengiz qaroqchiligiga qarshi kurashda hamda talash hududlar masalasida Vashington Jakartaga yordam bermoqchi.

Ayni vaqtda Xitoy ham regionda o’z o’rnini mustahkamlash payida. Har ikki davlat Indoneziya ishonchini qozonishga urinmoqda.

Dunyodagi eng muhim transport yo’llari 17 ming oroldan iborat Indoneziya orqali o’tgan. Bu hududdan o’tadigan xalqaro savdo hajmi yiliga milliardlab dollarni tashkil etadi. AQSh rasmiylari mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda Jakarta muhim ahamiyatga ega ekanini bot-bot gapirib keladi.

O’tgan yil iyun oyida AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta Osiyo mintaqasi bilan mudofaa rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan yangi strategiyani e’lon qilgan edi. AQSh bu regionning eng yirik davlati Indoneziya bilan turli sohalarda, xususan dengiz yo’llari xavfsizligini ta’minlash borasida hamkorlikni kuchaytirish niyatida.

Maqsad mintaqaviy hamkorlar bilan umumiy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish, deydi AQShning Jakartadagi elchixonasi harbiy attashesi, kapitan Adrian Jensen.

“Indoneziya va AQSh xavfsizligiga raxna solayotgan umumiy tahdidlar bor. Janubiy Xitoy dengizidagi mojarolar, dengizlardagi qaroqchilik, tabiiy ofatlar va ularning mamlakatlar uchun zarari, terrorizm va ommaviy qirg’in qurollari shular jumlasidan”, - deydi u.

Tahlilchilar fikricha, tahdidlarga qarshi kurashda Qo’shma Shtatlar Xitoy bilan ham hamkorlik qilishi kerak. Mintaqada qudratini oshirayotgan Pekin o’zini ajratib qo’yilgandek sezsa, qurolli to’qnashuvga ham borishi mumkin, deydi mutaxassislar.

“Shu kunga qadar ro’y bergan hodisalar va qo’yilgan qadamlarga bir nazar tashlasak, AQShning yangi strategiyasi aslida Xitoyning tobora oshib borayotgan qudratini cheklashga qaratilganini tushunamiz,” – deydi Singapurdagi Xalqaro tadqiqotlar instituti tahlilchisi Kollin Ko.

Yangi mintaqaviy strategiya doirasida AQSh qaroqchilikka qarshi kurash va zamonaviy urush taktikasiga bag’ishlangan mashg’ulotlar o’tkazmoqda.

Harbiy aloqalar 2005-yilda qayta tiklanganidan buyon Vashington va Jakarta bunday mashqlar tez-tez o’tkazib turibdi.

Ayni vaqtda Xitoy ham savdo-sotiq va mudofaa sohasida Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarni chuqurlashtirmoqda. Indoneziya matbuotiga ko’ra, yaqinda Pekin Jakartaga harbiy kemalar uchun C-75 rusumidagi raketalarni sotgan. Ikki davlat, shuningdek, texnologiyalar almashinuviga oid shartnomani ham imzolash arafasida. Bu hujjat Indoneziyaga mamlakat ichida raketalar ishlab chiqarish imkonini beradi.

Mintaqaning eng yirik ikki davlati – Xitoy va Indoneziya orasidagi hamkorlik chuqurlashayotgan bir paytda Pekinning Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi – ASEAN bilan aloqalari taranglashmoqda.

Tashkilotga a’zo 10 ta davlatdan to’rttasi va Pekin o’rtasida Janubiy Xitoy dengizidagi orollar talash. Pekin deyarli butun dengizning o’ziga qarashli ekanini da’vo qiladi. Filippin va Vyetnam baliqchilarining Xitoy kemalari bilan to’qnashgani munosabatlarni yanada taranglashtirgan.

Xitoyning Jakartadagi elchixonasi rasmiysi Xao Yinbiao Pekinning agressiv siyosati mintaqada ochiq mojaroga olib kelishi mumkinligi haqidagi qarashlarni rad etib, biz diplomatik muzokaralarga tayyormiz, deydi.

“Bir davlatning qudrati oshsa, boshqalar buni o’z qudrati va ta’siri uchun tahdid deb ko’rishi mumkin. Lekin bu noto’g’ri”, - deydi Xitoy rasmiysi.

Indoneziyaning tortishuvlarga sabab bo’layotgan orollarga da’vosi yo’q. Aksincha, u davlatlar o’rtasida vositachilik rolini o’tagan. Biroq ASEANning so’nggi sammitida davlatlar Janubiy Xitoy dengizi bo’yicha murosaga erisholmaganidan keyin aloqalar yanada yomonlashishi kutilmoqda. Bu hatto ASEAN kelajagini ham xavf ostiga qo’yishi mumkin, deydi tahlilchilar.