AQSh Iroqni tark etyapti. Zobitlar, mahalliy aholi nima deydi?

  • Amerika Ovozi

AQSh Iroqni tark etyapti. Zobitlar, mahalliy aholi nima deydi?

Iroqda to’qqiz yillik urushdan so’ng minglab amerikalik harbiylar vataniga qaytmoqda. Bazalar yopiladi, harbiy texnika olib chiqiladi. Iroqda bir necha yuz harbiy maslahatchi qoladi, xolos.

Zobitlar va mahalliy aholi missiya yakuni haqida nima deydi? “Amerika Ovozi” Nosiriya shahrida bo’lib, vaziyat bilan tanishdi.

2011-yilning oxiriga borib, Iroq janubidagi harbiy bazada Amerika bayroqlari yechiladi. Oradan qariyb to’qqiz yil o’tib, zobitlar mamlakatni tark etmoqda.

Serjant Batler Kendrik jang maydoniga boshidanoq safarbar etilgan. 2003-yili Iroqqa bostirib kirgan diviziya safida edi. Xizmatini o’tab bo’lib, Iroqqa yana bir necha bor qaytdi. So’nggi topshiriqni ham bajarib, endi Amerikaga, oilasi bag’riga qaytmoqchi.

“Qizim, rafiqam uyda kutishyapti meni. Tinch-osoyishta hayotga qaytib, ular bilan bo’lay deyman”.

AQSh Iroqni tark etyapti. Zobitlar, mahalliy aholi nima deydi?

Urushni ko’rgan – yarasiz qaytmaydi. Xunrezlik, zo’ravonlik, dahshatli xotiralar. Serjant Kendrik u bilan xizmat qilgan do’stlarini eslaydi. Komandiri, mayor Jeyms Eyxern 2007-yilda bombadan halok bo’lgan.

“Qo’lbola portlovchi moslama bilan hujum qilishgan. O’sha kuni u bilan patrulga chiqmagandim. Safdoshlarim orasida eng qadrdon biz edik”, - deydi Kendrik.

Iroq urushi 4,400 amerikalik hayotiga zomin bo’lgan. Jarohat olganlar qancha. Ammo ezgu maqsad yo’lida, deya qayd etadi rasmiylar.

General Jeffri Byukanan deydiki, Iroq bugun nisbatan tinch. Kelajak bu xalqning o’z qo’lida.

AQSh Iroqni tark etyapti. Zobitlar, mahalliy aholi nima deydi?

“Sakkiz yilni shu yerda o’tkazgan harbiy sifatida aytishim mumkin, sa’y-harakatlar bekorga ketmadi. Nima hisobiga erishganimizni ham unutmaymiz, albatta. Nazarimda, Iroq jamiyati oldida katta imkoniyatlar ochildi. Diktatura poyoniga yetdi. Mamlakat qay tomon yo’nalishi xalqning o’ziga havola”, - deydi general.

Iroqliklarning o’zidan so’rasangiz, urushda minglab fuqaro jon berganini alam, g’azab bilan tilga olishadi. Heba Hishamning singlisi atigi 22 yoshda edi.

“Saddam Husayn paytida hayot og’ir edi deyishsa ham, men uchun buning farqi yo’q. Qancha-qancha yoshlar o’lib ketdi. Arzirmidi shunga? Qani o’zgarish? Har kuni portlashlar…”, - deydi u.

To’qqiz yillik jarohat osonlikcha bitmaydi. Amerika va Iroq ahli bu borada bir fikrda.