AQShda jurnalistik faoliyatni konstitutsiyaga kiritilgan so’z va matbuot erkinligini ta’minlovchi birinchi tuzatish himoya qiladi. Jurnalistlar va tahlilchilarga ko’ra, 2023-yilda mahalliy matbuotga qaratilgan reydlar, tintuvlar barchani ogohlikka undashi kerak.
2023-yilning yozida Kanzas shtatidagi kichik nashrda reyd o’tkazilgani AQShda shov-shuvga sabab bo’ldi. Politsiyachilar gazeta ofisidan kompyuter va telefonlarni olib ketgan, uning egasi Joen Meyerning uyida ham tintuv o’tkazgan.
Tanqidlar ketidan okrug politsiya boshlig’i ishdan ketdi. Voqea AQShda matbuot erkinligiga doir qonunlarning qo’pol tarzda buzilishi deya tilga olinmoqda.
Matbuot erkinligi bo’yicha jurnalistlar qo’mitasi vakili Geyb Rottmanga ko’ra, bunday reydlar deyarli har doim noqonuniy.
“Butun mamlakat bo’ylab huquq-tartibot idoralari va amaldorlar matbuotning rolini tushunishi o’ta muhim. Hukumatni savolga tutish, muammolarni ko’tarib chiqish rolini”, - deydi Rottman.
Gazeta muxbirlari politsiyani sudga berdi.
“Bunday holatlarda qo’rqib qoladiganlar bor. Lekin bunday huquqbuzarlikka chidab o’tirish yaramaydi. Jurnalistlarga yordam beradigan tashkilotlar bor”, - deydi gazeta noshiri Erik Meyer.
Nyu-Yorkdagi “Matbuot erkinligi kuzatuvchisi” degan tashkilot bunday holatlarni qayd etib boradi.
“Matbuot erkinligi barchamizga bevosita ta’sir qiladi. Barchamiz fuqaromiz, axborotdan foydalanamiz. Jurnalistlar bu axborotni qo’rqmasdan to’play olishi kerak”, - deydi tashkilot vakili Kirstin Makkaden.
Unga ko’ra, AQShda boshqa xavotirli tendensiyalar ham kuzatilmoqda. Masalan, materialni tuhmat degan asos bilan sud orqali chop ettirmaslik. 2023-yilda 10 ta shunday holat qayd etilgan.
“Bu shuni ko’rsatadiki, AQShda jurnalistlar va jurnalistika hamon tahdid ostida”, - deydi u.
Rottman jurnalist Ketrin Xerrijni misol qilib keltiradi. Sud undan 2017-yildagi bir qator maqolalari ortidagi manbalarni oshkor etishni talab qilmoqda.
“Bu ish “qalqon” deya ta’riflanuvchi federal qonunga ehtiyoj borligini ko’rsatmoqda”, - deydi u.
Ya’ni muxbirlarni sudda maxfiy manbalarni oshkor qilishdan himoyalovchi qonun.
Masalan, Nevadada bir gazeta shtatda amal qiluvchi shunday qonundan foydalanib, sudda yutib chiqdi. Nevada Oliy sudi qaroriga ko’ra, politsiya 2022-yilda pichoqlab o’lidirilgan jurnalist Jeff Germanning kompyuteri va telefonlarini tekshirishga haqli emas.
“Uning jurnalistik tekshiruvlari ahamiyatini yo’qotmasligi uchun manbalari maxfiy bo’lib qolishi kerak”, - deydi Rottman.
2024-yil noyabrda AQShda prezidentlik saylovlari bo’lib o’tadi. Matbuot erkinligiga tahdidlarni kuzatishda davom etamiz, deydi biz bilan gaplashgan tashkilot vakillari.