Xalqaro reytinglarda "erkin" deya ancha yuqori o'rinda turadigan Mongoliyada yetakchi jurnalist o'tgan oydan beri qamoqda ekani xavotir uyg'otmoqda.
Unurtsetseg Naran mamlakatida siyosatchilarni savolga tutib tanilgan. Hozirda unga uydirma tarqatish va haqorat qilish kabi ayblovlar qo'yilgan - yakkahokimlik va korrupsiyaga asoslangan tuzumlarga xos harakat.
"Zarig" nashri bosh muharriri sifatida Unurtsetseg yaqin o'tmishda haqorat aybi bilan bir necha bor sudlangan.
Hozirga kelib u xorijiy razvedkaga ishlaganlikda ham gumon qilinmoqda. Unurtsetsegning internetdagi postlari asos sifatida keltiriladi.
"Zarig" jamoasi bosim ostida ishlayotganini bildirib, bosh muharrini aybsiz deb hisoblaydi.
Mongoliya qonunlariga ko'ra, suddan oldingi hibs bir yilgacha cho'zilishi mumkin.
Unurtsetsegning advokati Erkembayar Purevdorj deydiki, hukumatning muddaosi shu - jurnalistning ovozini imkon qadar uzoqroq paytga o'chirish.
Ayni damdagi 10 ayblov bilan Unurtsetseg 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
"Politsiya va prokuratura bu jurnalistni tanqidi uchun jazolamoqchi", - deydi advokat.
Mutasaddilar bu ish yuzasidan lom-mim demaydi. Xalqaro tashkilotlar hukumatni oshkoralik va adolatni ta'minlashga undamoqda.
Poytaxt Ulan-Bator shahrida jurnalistlar hamkasbi taqdiri yuzasidan birdam: u ozod etilishini talab qilishmoqda.
"Bu yilgi parlament saylovlari oldidan Unurtsetsegni qamash - jiddiy tahdid. Eng kuchli jurnalistni ham panjara ortiga tashlash mumkin ekan", - deya xulosa qiladi Bolortuya Uuganbayar, "Urug' nashri rahbari "Amerika Ovozi" bilan muloqotda.
"Demak, hokimiyatdagilar o'zlariga yoqmagan jurnalistni yo'q qila olaman deb o'ylaydi, asossiz ravishda".
Unurtsetseg kutilmaganda siyosatchilar oldidan chiqib, savol berishi bilan xalq tiliga va diliga tushgan. Ayrim hamkasblari uni etik meyorlarni buzganlikda ham tanqid qiladi, ammo buning uchun hech kim hibsga olinmasligi kerak.
"Hukumatni tergagani uchun uni hurmat qilishadi, Unurtsetseg jasoratli", - deydi Anand Tumurtogu, mongol jurnalisti.
Unurtsetseg surishtiruvlarda bank tizimidagi firibgarliklarni fosh etib, mamlakatga ulkan foyda keltirgan, deydi Xaliun Bayartsogt, yana bir hamkasb.
Qamoqdagi jurnalistning o'zi hibs yaqinlashayotganini taxmin qilib, saylov oldidan tazyiq kuchayadi, deya yozgan.
"Unurtsetseg aslida Mongoliya ko'zgusi, axborot erkinligi timsoli", - deydi advokati Erkembayar.
"Uni qamash va sudlash bilan hukumat uzviy huquqlarni poymol etmoqda".
Unurtsetseg 2019-yilda 12 marta, 2020-yilda 4 marta haqorat aybi bilan sudlangan. Aksariyatida jurnalist yutib chiqqan. Ayni damda 800 dollarga yaqin jarima bilan yuzlashmoqda.
Tanqidga haroqat deb qarash va unga jinoiy tus berish Mongoliyada ham axborot vositalari tez-tez duch keladigan muammo.
Budragchaa Serdamba ismli jurnalist ham bosim ostida ekanini aytadi. Qamalishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.
Unurtsetseg kabi Serdamba ham trollar nishonida. Ularni pora evaziga material tayyorlaganlikda ayblovchi soxta postlar qilingan.
O'zbekistondagi kabi Mongoliyada ham jurnalist va blogerlarga ijobiy yoritilish uchun pul yoki mukofot taklif qilinadi. Bu ham o'ziga xos senzura, deydi media vakillar.
Axborot vositalarida maoshlar oz ekan, xodimlari reklama shartnomasi, ya'ni maqtovchi material berishga kelishgan holda ishlaydigan tashkilotlar bu holatni yashirmaydi.
Professional jurnalistlar uchun bu sharmandalik. Ular qonun ustuvorligi va mas'uliyatli axborot maydonini shakllantirish tarafdori
Unurtsetsegning yagona talabi - adolatni ta'minlash, toki tergov va sud shaffof kechsin.
"Jurnalistning ovozini o'chirish demokratik jamiyatga tahdiddir",- degan u.
"Baribir haqiqat yutadi. Bu vaqt olishi mumkin lekin men buni isbotlayman".