Nigeriya AQSh bilan harbiy treninglarni bekor qildi

  • Amerika Ovozi

Nigeriyalik askarlar

Nigeriya armiyasi Boko Haram ekstremistlar guruhiga qarshi kurashga qaratilgan, AQSh harbiylari olib borayotgan treninglarni bekor qilgan. Vaholanki, Nigeriya qurolli kuchlari yakka o’zi mamlakat shimoli-sharqini bosib olgan bu guruhga bas kela olmayapti. Bunday qarorga kelingani taajjubli, deydi diplomatlar.

Aprel oyidan buyon AQSh zobitlari 600 nigeriyalik askardan iborat batalyonni treningdan o’tkazib kelayotgan edi. Maqsad – Boko Haram islomiy jangarilariga qarshi kurashda mahalliy armiya malakasini oshirish. Ular transport vositalari va harbiy forma bilan ham ta’minlangan.

AQShning Abujadagi elchixonasida mudofaa va harbiy masalalar bo’yicha attashe, podpolkovnik Jon Kantvellning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, treninglarni Nigeriya tomoni bekor qilgan. Sabablari esa noma’lum.

“Sababini tushuntirishmadi. Mashg’ulotlarning uchinchi bosqichiga o’tishni taklif qilganimizda rad javobini oldik”, - deydi u.

Boko Haram “xorij ta’limi harom” degani. Bu guruh vahshiyona yo’llar bilan Nigeriya shimoli-sharqida shariat qonunlarini tatbiq etishga urinmoqda. Qishloqlarga o’t qo’yish, harbiy bazalarni bosib olish, minglab odamlarni qirish yoki garovga olish orqali. Aholi qo’rquvda.

Aynan shuning uchun mashqlarni davom ettirmaslik qarori bizni taajjubga solyapti, deydi AQShning Nigeriyadagi sobiq elchisi Jon Kembel.

“Nigeriyaliklar nima haqida o’ylayapti, hayronman. Ular bundan nima manfaat ko’radi”? – deb so’raydi u.

Nigeriya armiyasi so’zlovchisi “Amerika Ovozi”ga bu borada intervyu berishdan bosh tortdi. General-mayor Kris Olukolade SMS orqali yuborgan javobida qarorni strategik qadam deya ta’rifladi xolos.

Boko Haramga qarshi kurash besh yildan beri olib borilayotgan bo’lsa, askarlar qurshovga olingan va formasini tashlab qochgan hollar ko’p bo’lgan.

Liberiya va Syerra-Leonega urush yillarida tinchlikparvar qo’shin yuborgan mamlakatlardan biri aynan Nigeriya edi. Avtoritar harbiy tuzumlar va davlat to’ntarishlarini boshdan kechirgan bu davlatda hokimiyat noharbiy rahbarlar qo’liga o’tgach, armiya zaiflashdi, deydi diplomat Jon Kempbell.

“Harbiylar davlat to’ntarishi uyushtirmasligi uchun nima qilish kerak? Albatta, ularni mablag’ va resurslardan ayirasiz. Bir paytlar butun Afrikada eng kuchli va qudratli bo’lgan Nigeriya armiyasining hozirgi ahvolga tushishiga aynan shu sabab bo’ldi. Askarlar Boko Haram jangarilaridan qochib yurgani haqida xabarlar bir dunyo”, - deydi suhbatdosh.

Nigeriya hukumati esa muammolarda Vashingtonni aybladi. Ilg’or qurollardan bermayapsizlar bizga, deydi bu davlatning AQShdagi elchisi.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari yig’gan ma’lumotlarga qaraganda, tinch aholini o’ldirish va qiynoqqa solish kabi jinoyatlarda Nigeriya armiyasining qo’li bor. AQSh qonunlariga ko’ra, inson huquqlarini toptagan xorijiy armiyani qo’llab-quvvatlash man etiladi.

“Amerikaning Nigeriya qurolli kuchlariga berayotgan ko’magi shundoq ham keskin cheklangan. Federal qonunlar shuni talab qiladi. Nigeriya shu borini ham bekor qilgani aqlga sig’maydi”, - deydi Jon Kembel.