AQShning BMTdagi elchisi: Assad ketishi kerak

  • Amerika Ovozi

Nikki Heyli, AQShning BMTdagi elchisi

Nikki Heyli, AQShning BMTdagi elchisi deydiki, maqsad tinchlik bo'lsa, Suriyaning qonxo'r rahbari Bashar al-Assad hokimiyatdan ketishi kerak. Prezident Donald Tramp Assadga o'z aholisini ezishga ortiq imkon bermaydi, deydi Heyli.

"Prezident qo'l qovushtirib o'tirmaydi. Kerak bo'lsa, yana kattaroq hujumlar qilishga buyruq beradi", - deydi elchi.

Biroq Davlat kotibi Reks Tillersonga ko'ra, ustuvor maqsad - "Islomiy davlat"ni yo'q qilish. Suriyada Amerika uchun bundan ulkanroq manfaat yo'q.

"Islomiy davlat" tamoman yer tishlaganidan keyingina Suriyadagi boshqa dolzarb masalalar bilan shug'ullansak bo'ladi. Mamlakatni barqarorlashtirish uchun nima qilmoq zarurligini o'shanda muhokama qilamiz", - deydi Tillerson.

BMTdagi elchi fikricha Assadga nisbatan bir tomchi ham ishonch yoki umid qolmagan. U hokimiyatda ekan, tinchlik bo'lmaydi; biror yutuqqa erishish mumkin emas, deydi diplomat.

"Rejim o'zgarishi shart", - deya ta'kidladi Heyli.

Davlat kotibi ham, BMTdagi elchi ham bir narsani qayd etadi: Amerika Suriyada siyosiy murosaga erishish uchun xizmat qilishga tayyor. AQSh Suriya kelajagiga befarq emas va bu xalqqa yordamni ayamaydi.

Hims viloyatida AQSh nishonga olgan aerodrom Assad kuchlariga xizmat qilishda davom etmoqda. Inshootning katta qismi vayron bo'lgan biroq harbiy samolyotlar hamon u yerda parvoz qilmoqda. Bu vositalar Idlib viloyatida aholiga kimyoviy hujumlar qilishda qo'llangan, deydi Amerika rasmiylari.

Zarin gazidan zaharlangan Shayxun shahrida Suriya havo kuchlarining yangi xurujlaridan 18 kishi o'lgan.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko'ra, kechagi hujumlarni Rossiya samolyotlari amalga oshirgan. Kreml AQShdan juma kungi operatsiya sabab qattiq norozi; uni xalqaro qonunlarni buzganlikda ayblamoqda. Vashingtonning javobi shuki, Moskva Assadni himoya qilishni bas qilishi kerak.

Assad hukumati aholiga qarshi man etilgan qurollar ishlatilmaganini ta'kidlaydi. Lekin Oq uy va Pentagon tahlilicha, kimyoviy moddalar ishlatilgani aniq. Tramp ma'muriyati Assadga tegishli inshootlarni yana nishonga olishdan toymasligini bildirmoqda.

To'rt millionga yaqin aholiga ega Idlib viloyatida Assadga qarshilik azaldan kuchli. Hudud Suriya va Rossiyaning qiruvchi samolyotlari nishonida. Minglab odamlar o'lgan. Assad hukumati terrorchilarga qarshi kurashayotganini aytadi. Aholi nazarida esa ularning aybi hokimiyatdan norozi ekanidadir.