Fillippin hukumatiga ko’ra, ektremizmga qarshi kurashda AQSh yordami samara bermoqda.
Fevral boshida Filippinda maxsus operatsiya natijasida 15 jangari, shu jumladan Abu Sayyof terrorist guruhining Sulu viloyatidagi rahbari o’ldirildi.
Filippin havo kuchlari matbuot kotibi, polkovnik Aenulfo Burgos e’tiroficha, Amerika razvedkachilarining terrorchilar haqida to’plagan ma’lumoti hamda texnik yordami mivaffaqiyatni ta’minladi:
“Biz terrorchilarning aksariyatini yo’q qildik, ularni imkoniyatlardan ayirdik. Hozirda ular juda tarqoq. Eng muhimi - biz to’xtamaymiz, ularni ezishda davom etamiz, razvedkani ham faollashtiramiz”.
2002-yilda Amerikaning 600 nafar askari Filippin g’arbidagi Mindanao orolida joylashtirilgan edi. Ular maslahat berish va mahalliy kadrlar uchun treninglar uyushtirish bilan mashg’ul, biroq kelishuvga ko’ra, harbiy operatsiyalarda qatnasha olmaydi. Hamkorlik natijasida Abu Sayyaf a’zolari 1000 dan 400 ga tushdi, deydi rasmiylar.
AQSh qo’shinlari ishni davom ettirishi kerak, deydi Filippin Tinchlik, zo’ravonlik va terrorizm tadqoqatlari instituti direktori Rommel Banlaoi.
“AQShning Filippin qudratini oshirishga qaratilgan ko’magini e’tirof etish kerak, chunki usiz huquq-tartibot organlari terror tahdidlariga qarshi kurasha olmasdi. Bu yordam juda katta ahamiyatga ega”.
Faoliyatini 1990-yillarda boshlagan Abu Sayyof islomiy davlat barpo etishni maqsad qilib olgan, o’zini Al-Qoidaning bir qismi deb biladi.
2001-yilda Filippin kurortlarining birida 20 sayyohni garovga olganida ikki amerikalik halok bo’lgan edi.
2005-yilda esa Abu Sayyof yana bir terrorchi guruh, Jamoa Islomiya yordamida Manila va boshqa yirik shaharlarda bir nechta bomba portlatgan. O’nlab odamlar nobud bo’lgan.
Aksil-terror harakatlari ish bermoqda, biroq guruh hamon faol, ta’sirga ega, deydi tahlilchi Rommel Banlaoi.
“Ular Mindanao orolidagi uyushgan jinoyatchilik tizimlaridan madad oladi, ya’ni qaroqchilar va qoradori savdogarlari bilan hamkorlik qiladi. Moliya kontrabandadan keladi. Odam o’girlaydigan, pul undiradigan jinoyatchilar, qurollangan guruhlar…”.
Fillipindagi ayrim millatchi siyosiy partiyalar AQSh bilan hamkorlikni tanqid qilib, qo’shinlarni chiqarib yuborishni talab qilmoqda.