Filippin AQShga qo’shimcha 4 ta harbiy baza beradi

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Filippinda

AQSh va Filippin o’rtasidagi kelishuvga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Osiyodagi by mamlakatda mavjud beshta harbiy bazasiga qo’shimcha yana to’rtta bazaga ega bo’ladi. Ushbu harbiy infratuzilmalarni ta’mirlash va zamonaviylashtirishga Vashington 82 million dollardan ko’p pul sarflamoqchi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 7-fevral, 2023-yil

“Shuni ta’kidlab o’tmoqchimanki, bizning Filippinda doimiy qolish niyatimiz yo’q”, - deydi AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin.

Yangi bazalar qayerda joylashishi hozircha aytilmayapti. Biroq Filippin rasmiylarining noyabr oyida ma’lum qilishicha, Qo’shma Shtatlar mamlakat shimolida Tayvanga yaqinroq bo’lgan eng yirik Luzon orolidagi harbiy lagerlardan foydalanishga ruxsat so’ragan.

“Filipinning o’zi ham sohil bo’yida harbiy polklar tashkil etib, ularni Hindistonning 320 kilometrgacha ucha oladigan “BraMos” raketalari bilan ta’minlamoqda. Xitoyning Tayvanga dengiz desanti yoki qamali paytida Xitoy kemalarini nishonga olish uchun qo’l kelishi mumkin bo’lgan ssenariylarni tasavvur qilishingiz mumkin”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi eksperti Gregori Poling.

Filippin Janubiy Xitoy dengizidagi munozaralardan kelib chiqishi mumkin bo’lgan mojaroga javob berish uchun AQShga Palavan viloyatidagi bazalarini ham berishi mumkin.

“Ushbu ittifoqni zamonaviylashtirish, Yaponiya va Avstraliya bilan tuzilgan ittifoq bilan aloqa qilish AQShning o’z ittifoqchilariga tayanish va bu ittifoqlarni tenglashtirish siyosatiga ajoyib tarzda mosdir”, - deydi Poling.

Xitoy AQShning bunday qadamlari mintaqaviy barqarorlikka tahdid ekanini va ziddiyatlarni kuchaytirayotganini aytib keladi. Pekin hozir Filippinning eng yirik savdo hamkori ekan, AQShga qo’shimcha harbiy baza berish qarori Xitoyni iqtisodiy jazo chorasini ko’rishga undashi mumkinligi xavotir bilan tilga olinmoqda.

“Filippin ancha beqaror mintaqada barqarorlikni ta’minlashga o’z hissasini qo’shar ekan, bunday vaziyatda ASEAN mamlakatlaridan qandaydir yordam olish uchun ular bilan hamkorlikni oshirishi kerak deb o’ylayman”, - deydi filippinlik tahlilchi Lusio Pitlo.

Filippin aholisining bir qismi AQSh qo’shinlari sonining oshirilishiga qarshi. Namoyishchilar nazarida, bu Filippin suverenitetini AQShga topshirish xavfini keltirib chiqaradi.