Bayden ma’muriyati Tayvanga F-16 qiruvchi samolyotlari uchun yuzlab raketa va boshqa turdagi harbiy anjomlarni o’z ichiga olgan 619 million dollarlik qurol savdosiga rozilik berib, bu haqda Kongressni xabardor qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mao Nin buni Xitoy suverenitetiga tahdid deb atadi.
“AQSh hududiy suverenitetimizni hurmat qilishini da’vo qiladi, ammo bizni asabiylashtirishda, sabrimizni sinashda, Tayvan masalasida bergan va’dalarini buzishda va hatto Xitoyning Tayvan mintaqasiga ilg’or qurollarni sotishda davom etmoqda”, - deydi rasmiy.
AQSh xorijga qurol sotishda odatda davlatlar bilan ish qiladi. Taklifning Kongressdagi har ikki partiya qonunchilari tomonidan qo’llab-quvvatlanishiga umid qilayotgan Oq uy hujjat “Tayvan bilan aloqalar” haqidagi qonunga to’g’ri kelishini bildirmoqda. Ushbu qonun Tayvanga Xitoyga qarshi mudofaasi uchun qurol sotishga ruxsat beradi. Pekin orolni bo’lginchi viloyati deb biladi.
Taybeyning AQShdagi vakili Oq uy g’amxo’rligini olqishladi. AQSh va Tayvan o’rtasidagi savdo aloqalarini targ’ib qiluvchi AQSh-Tayvan biznes kengashiga ko’ra, Bayden ma’muriyati Xitoy orolni qamalga olmasidan oldin Tayvanning o’q-dori omborlarini to’ldirishga zo’r bermoqda.
“Tayvanga ta’minot havo yoki dengiz orqali amalga oshiriladi. Agar Xitoy Xalq ozodlik armiyasi ushbu ta’minot yo’llarini izdan chiqarishga harakat qilsa, Tayvanda o’q-dori yetishmovchiligi vujudga keladi. Shunga hozir imkon qadar qattiqroq hozirlik ko’rish kerak”, - deydi kengash rahbari Rupert Xemmond-Chambers.
Oq uy o’q-dori savdosi AQSh mudofaa sanoatini qiyin ahvolga solib qo’yishi mumkin degan da’volarni inkor etmoqda. Ba’zilar nazarida, sanoat Rossiya hujumlaridan o’zini mudofaa qilayotgan Ukrainaga o’q-dori yetkazishda qiynalmoqda.
“Qurol savdosi Ukrainaga ko’rsatilayotgan yordamdan tamomila boshqacha jarayon va metodologiyadir. Ukrainani omborlarimizdagi mavjud narsalar bilan prezidentning favqulodda farmonlari hisobiga ta’minlayapmiz. Ammo savdo butunlay boshqacha jarayondir, o’zgacha tizim”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.
Oq uy taklif etayotgan savdo kelishuvi hamda Xitoyning Rossiyaga Ukrainadagi urush uchun qurol berishi mumkinligi haqidagi xavotirlar va Moskva-Pekin aloqalarining chuqurlashayotgani AQShning Pekin bilan munosabatlaridagi mavjud taranglikni yanada kuchaytirmoqda. Yaqinda Rossiyaga bu urushda ittifoqchi Belarus rahbari Pekinda iliq kutib olindi.
“Xitoy Belarus orqali ba’zi qurollarni yuborishi mumkinmi? Qurol Belarusga boradimi, Rossiyaga, farq deyarli yo’q”, - deydi Vashingtondagi Gudzon institutidan tahlilchi Patrik Kronin.
Rossiyada Xitoy prezidentini kutib olishga hozirliklar ko’rilmoqda. Si Zinpin u yerga qachon borishi hozircha ma’lum emas.