Respublikachilar syezdi tugab Mitt Romni safarga otlandi

  • Amerika Ovozi
AQShda Respublikachilar partiyasi qurultoyi tugab, prezidentlikka nomzod Mitt Romni bugun hal qiluvchi shtatlar bo’ylab kampaniyaga kirishmoqda. Florida, Virjiniya va Ogayo…

Mitt Romni kecha Floridaning Tampa shahrida respublikachilar syezdida minbarga chiqdi. Yig’ilgan minglab odamlar va yana millionlab tomoshabinlarga murojaat qilib, prezident etib saylansa, Amerikani oyoqqa turg’izishga va’da berdi.

Oq uy sari poygada Romni uchun kecha eng yuqori, cho’qqi pallalardan bo’ldi. Fursatdan foydalanib, u raqibi, amaldagi demokrat rahbar Barak Obamani tanqid qila ketdi.

“Amerikaning sabr-toqatiga qoyil. Xalq bu prezidentni astoydil qo’llab-quvvatlab keldi. Lekin bugun tugal qaror qabul qiladigan payt. Oxirgi to’rt yil hafsalamiz pir bo’lib yashadik, bu davrga yakun yasaydigan vaqt keldi”, - dedi Romni.

U saylansa, iqtisodiyotni taraqqiy ettirishga bor e’tiborini qaratib, 12 million yangi ish o’rinlari yaratishga va Amerikani 2020-yilgacha energetik tobelikdan xalos etishga va’da berdi.

Bundan tashqari, Mitt Romni yangi savdo bitimlariga yo’l ochishini aytib, noxolis moliyaviy siyosat yurituvchi davlatlar jazosiz qolmasligini ta’kidladi.

Tashqi siyosatga kelganda Romni o’zgacha yondashuv qo’llash, Isroil bilan aloqani mustahkamlab, Rossiya, Xitoy va Eronga nisbatan keskinroq siyosat qo’llash niyatida.

“Prezident Obama eng xatarli terrorchi Osama bin Ladenni yo’q qilishga ko’rsatma berib, maxsus kuchlarni safarbar etgan va maqsadga erishgan kun Amerika ahli haqiqatan yengil nafas oldi. Lekin Eron yadro dasturi hamon ham dunyo, ham AQSh uchun xavf-xatar kasb etishda davom etmoqda”, - deydi Romni.
Bo’sh nomzod... Romni reytingda Obama bilan teng ekanini olaylik. Holbuki, Obama istarasi issiq, xalq dil torini cherta oladigan odam sifatida nom qozongan.
Tahlilchi Mark Shilds


Tampadagi chiqishi yakunida Massachusets shtati sobiq gubernatori jo’shib, to’lqinlanib, yaxshiroq, komilroq kelajak barpo etishga so’z berdi.

“Qo’l uzatsak, yetamiz o’sha kunga. Yorqin kelajak kutayapti bizni. Farzandlarimiz shunga loyiq. Xalq shunga munosib. Dunyo tinchligi va ozodligi bizga bog’liq. Ana shu kelajak sari, keling, bugun olg’a qadam bosaylik”, - dedi Mitt Romni.

Your browser doesn’t support HTML5

Respublikachilar syezdi tugab Mitt Romni safarga otlandi/Nasiba Tohir



Amerikalik ekspert Mark Shilds nazarida noyabrdagi prezident saylovlari natijasini hozirdan aytish qiyin. Amerika iqtisodiyoti zaif bir pallada har ikki arbob reytinglarda teng borayapti.

Mitt Romnining syezddagi nutqini tomosha qiling (ingliz tilida).

“Bo’sh nomzod, saylovchilar ko’ngliga yo’l topishga qiynalib kelayotgan Mitt Romni reytingda Obama bilan teng ekanini olaylik. Holbuki, Obama istarasi issiq, xalq dil torini cherta oladigan odam sifatida nom qozongan. Bu – Amerika ahli iqtisodiy beqarorlikdan juda charchagan, bu kayfiyat saylovda hal qiluvchi rol o’ynaydi, degani”, - deydi tahlilchi.

Demokratlar partiyasi syezdi kelasi hafta Shimoliy Karolinaning Sharlot shahrida o’tadi.

Respublikachilar qurultoyi. Romni - nomzod