Amerika hali ham dunyoning eng qudratli davlatimi?

Amerika hali ham dunyoning eng qudratli davlatimi?

Qo’shma Shtatlar - Ikkinchi Jahon urushidan beri dunyo siyosiy-iqtisodiy sahnasida ustunlikni boy bermay kelayotgan mamlakat.

Bugunchi?


Liderlikda tengi yo’q deb ko’rilgan Qo’shma Shtatlarda so’nggi bir necha yildan beri iqtisod pachava, millionlab odam ishsiz, davlat qarzi mislsiz darajaga yetgan va muhimi, bu muammolarni hal qilish uchun siyosiy iroda yo’q.

Dunyoning istagan burchagiga qo’li yetadigan mamlakat kuchdan qolayaptimi?

“Bu savolga hali juda erta”, - deydi Jon Bolton, AQShning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi sobiq elchisi.

“Deylik, harbiy jabhada u bilan raqobat qilishga hech kim jur’at etolmaydi. Bugun iqtisodiy jihatdan shiddat bilan o’sayotgan davlatlar bor, albatta. Ikkinchi jahon urushi ketidan Yevropa o’zini tiklab oldi, Yaponiya oyoqqa turdi. Bu bilan Amerikaning nufuzi pasaygani yo’q. Global taraqqiyotga kattaroq hissa qo’shayotgan davlatlar ko’paygan, lekin bu hammamizning, bashariyatning yutug’i”, - deydi elchi Bolton.

Amerika hali ham dunyoning eng qudratli davlatimi?

Krizisdan oldin ham, keyin ham gurkirab o’sayotgan Xitoy “dunyoning eng qudratli davlati” degan nomga da’vogar.

Garvard Universiteti professori Jozef Nay so’zlariga ko’ra, yuqori o’sish sur’atlari Xitoyda bir necha million odamni qashshoqlik changalidan qutqardi, quvvatiga tan berish kerak. Ammo raqobatda AQShga teng kela olishiga, uning o’rnini egallay olishiga olim shubha bilan qaraydi.

O’z navbatida, iqtisodchi professor Alan Meltzer Amerikani ta’sir kuchini boy berayotgan davlat deb hisoblaydi. Bunga bir sabab - Sovuq Urush tugaganidan beri Yevropa AQSh bilan hisoblashmay qo’yganidir, bunga hojat ham yo’q.

“Yana bir sabab, Qo’shma Shtatlar o’z byudjetini uddalay olmayapti va bo’ynigacha qarzga botgan. Ushbu pozitsiyadan boshqalarga aql o’rgatishi qiyin”, - deydi olim.

Amerika hali ham dunyoning eng qudratli davlatimi?

Oq Uy va Kongress yaqinda byudjet yuzasidan kelishuvga erishdi. Lekin bu murakkab jarayon, ayrimlar nazarida, Vashington siyosatining chirkin taraflarini fosh etdi.

Siyosatshunos Jozef Nay deydiki, bunday achchiq tortishuvlar Amerika siyosatiga xos narsa, tarixan shunday bo’lgan.

“Hatto bu davlat asoschilari ham doimo kelishib ketavermagan. Hozirgi kunda partiyalar orasida jarlik kengayib borayotgani rost, lekin bu yangilik emas”.

Professor Nay yana bir narsaga e’tibor qaratadi.

“Amerika qudratini boy berayaptimi, yo’qmi, bu har 10-20 yilda bir marta ko’tariladigan mavzu. 1957-yilda Sovet Ittifoqi sun’iy yo’ldosh uchirganida kunimiz bitdi degan edik. 1980-yillarda Yaponiya AQShni ortda qoldirdi deganmiz. O’sha munozara hozir ham davom etyapti”, - deydi siyosatdon.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan ekspertlar ta’biricha, kelasi yillar ichida AQSh jahon sahnasida qanday davlat sifatida gavdalanishi faqat uning o’ziga bog’liq.