AQSh senatorlari Islom Karimovga: Siyosiy mahbuslarni ozod eting

Kongress joylashgan Kapitoliy binosi shifti

Your browser doesn’t support HTML5

Senatorlar, O'zbekistondagi siyosiy mahbuslar, Freedom Now/Navbahor Imamova


Amerikaning 12 senatori O’zbekiston rahbari Islom Karimovga ochiq xat yo’llab, qamoqda o’tirgan uch faolni ozod etishga chaqirmoqda: A’zam Turg’unov, Dilmurod Saidov va Solijon Abdurahmonov. (Maktubning asl nusxasi - Original)

Bu insonlar, deydi senatorlar, siyosiy sabablar bilan qamalgan va ular adolatsiz ravishda panjara ortida saqlanmoqda. Bunday hollar Amerika bilan har tomonlama hamkorlikka putur yetkazadi, qolaversa yuqorida tilga olingan shaxslarning asossiz qamalganini BMT ham tan olgan va xususan Solijon Abdurahmonov ishi BMT Inson Huquqlari Qo’mitasi tomonidan ko’rib chiqilish arafasida.

63 yoshli Solijon Abdurahmonov bir paytlar “Amerika Ovozi”ga vatani Qoraqalpog’istondan turib ma’lumot uzatgan va fidoyi jurnalist sifatida tanilgan. U boshqa xalqaro tashkilotlar bilan ham hamkorlik qilgan. 2008-yilning iyun oyida qoradori iste’moli va savdosida aybdor deb topilib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Himoyachilarning aytishicha, ayblovlar soxta, narkotiklar ataylab uning oldiga solib qo’yilgan. Aslida Solijon Abdurahmonovning Orol bo’yidagi ahvol haqida yozgan materiallari rahbarlarni g’azabga keltirgan.

Abdurahmonov Inson huquqlari qo’mitasi degan nohukumat tashkilotga asos solgan va aholi manfaatlari uchun kurashgan. Parijda asoslangan "Chegara Bilmas Muxbirlar" tashkiloti uni darhol ozod etishga undamoqda. Mahbusning sog’lig’i og’ir va begunoh insonni bunday saqlab turish aslida jinoyat, deyiladi bu organ bayonotida. "Chegara Bilmas Muxbirlar" nazarida Yevropa Ittifoqi O’zbekiston bilan hamkorlikda inson huquqlariga ko’proq e’tibor berib, repressiyani ochiq qoralashi va kimni sherik qilib tanlaganini aslo unutmasligi kerak. Tashkilot hisobicha, ayni damda O’zbekistonda kamida yana to’qqiz kishi jurnalistik faoliyati sabab panjara ortida.

61 yoshli A’zam Turg’unov inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullangan va qo’poruvchilikda ayblanib 2008-yilda 10 yilga kesilgan. Kasal ekaniga qaramay og’ir mehnatga majbur etilgani ma’lum. Tanqidiy maqolalari bilan nom qozongan 51 yoshli Dilmurod Saidov ham pora undirishga uringanlikda aybdor deb topilib, 2009-yilda 12 yarim yilga qamalgan.

AQSh senatorlari O’zbekiston prezidentiga yozgan maktubiga ko’ra, bu insonlar uydirma va fitna qurboni ekani oydek ravshan. Ular siyosiy mahbuslar va darhol ozodlikka chiqishga haqli, deyiladi xatda.

Tashabbus ortida turgan “Freedom Now”, huquqiy yordam ko’rsatuvchi tashkilot vakili Patrik Griffit (Patrick Griffith), “Amerika Ovozi” bilan suhbatda, maqsad ezgu deydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Patrick Griffith, Freedom Now talks to Navbahor Imamova, VOA Uzbek


“Tashkilotimiz dunyo bo’ylab huquq himoyasi bilan mashg’ul. O’zbekistondek yopiq jamiyatlarda siyosiy motivlar asosida sudga tortilgan shaxslarning ishini ko’rib chiqib, ularning masalasini xalqaro maydonda ko’taradi va bu insonlarning dardini tushuntiradi”, - deydi Patrik Griffit.

Nima uchun senatorlar aynan A’zam Turg’unov, Dilmurod Saidov va Solijon Abdurahmonov masalasiga e’tibor qaratmoqda?

“Freedom Now” ularning ishi bilan yaxshi tanish va shu tariqa Kongress a’zolari ham bu borada ko’proq biladi, deydi Griffit. “Tashkilotimiz har uch shaxsga qo’yilgan ayblovlarni ko’rib chiqqan”,- deydi u.

Amerika-O’zbekiston aloqalari yaxshilangani sari huquqqa ham ko’proq ahamiyat qaratish lozim, deydi mutaxassis. Qo’shma Shtatlar erkinlik diyori va inson haq-huquqlarini dunyo bo’ylab eng keng tarzda targ’ib qilib keladi. O’zbekistonda ham buni susaytirmaslik kerak. Vashingtonning gapi hamon o’tadi va u boshqalarga qaraganda ko’proq ta’sir kuchiga ega, garchi buni rasmiylar rad etsa ham, deydi “Freedom Now” vakili.

Masalani Karimovga olib chiqayotgan 12 senator O’zbekistondagi vaziyat bilan qanchalik tanish? Maktubdan ma’lumki, ular respublikadagi haqiqatni biladi, deydi Griffit, vaziyatni tushunmaganida imzo chekmas edi.

Griffit aytganidek, haqiqatdan ham ular AQSh tashqi siyosatini belgilashda muhim rol o’ynab kelayotgan, kuchli vakolatlarga ega, har ikki partiyaning yorqin namoyondalari bo’lgan qonunchilar:

Prezident Barak Obama chiqqan Illinoys shtatidan demokrat Dik Durbin (Dick Durbin) va respublikachi Mark Kirk; Senatda Yaqin Sharq, Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha quyi qo’mita raisi demokrat Robert Keysi (Robert Casey); Xalqaro tashkilotlar, inson huquqlari va demokratiya bo’yicha quyi qo’mita raisi Barbara Bokser (Barbara Boxer), Kaliforniyadan saylangan demokrat; Vertmontdan demokrat Patrik Lixi (Patrick Leahy), diplomatiya va tashqi xarajatlar bo’yicha quyi qo’mita boshlig’i; Benjamin Kardin (Benjamin Cardin), Merilend shtatidan demokrat, Xelsinki Komissiyasining Amerikadagi raisi; Senat Tashqi aloqalar qo’mitasining yetakchi a’zolari respublikachi Jon Makkeyn (John McCain - Arizona), Marko Rubio (Marco Rubio-Florida) va demokrat Tom Udall (Nyu-Meksiko). Shuningdek, Missuri shtatidan respublikachi Roy Blant (Roy Blunt), Konnektikut shtatidan demokrat Richard Blumental (Richard Blumenthal) va Arkanzasdan respublikachi Jon Buzman (John Boozman).

Toshkent bunday murojaatlarga ochiq javob bermaydi. O’zbekiston hukumati “bizda siyosiy mahbuslar yo’q” deb keladi. Qamoqda o’tirganlar aybi sudda isbotlangan jinoyatchilar, deydi respublikada adliya va huquq bo’yicha rasmiylar.

Ammo faktlar buning aksini ko’rsatadi, deya qayd etadi “Freedom Now” singari huquq himoyasi bilan mashg’ul tashkilotlar.

BMTning tegishli organlari, “Human Rights Watch”, “Freedom Now”, "Chegara Bilmas Muxbirlar" va Jurnalistlarni Himoya Qiluvchi Xalqaro Qo’mita to’plagan asos-dalillar shundan xabar beradiki, yuqorida tilga olingan mahbuslar “siyosiy mahbuslar”, deyiladi Karimovga yo’llangan maktubda. Ularning ahvoli nihoyatda og’ir ekani aytiladi va Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi O’zbekiston hibsxonalari va turmalariga kirmay qo’yganidan beri vaziyat yanada murakkablashgan bo’lsa ajabmas.