AQShga ko'cha tilini o'rganish uchun kelayotganlar ko'p

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikada ko'cha tili - US Slang

Ingliz tilini o’rganganlarning aksariyati Amerika telekanallarini ko’rib, amerikaliklar bilan suhbatlashganidagina aslida u bilgan til amalda ancha boshqacha ekanini anglab yetadi. Ba’zilar AQShga kelib, sleng (slang), ya'ni haqiqiy ko’cha tilini o’rganadi. Buning uchun hatto alohida kurslar ham bor.


Kaliforniyaning Venis Bich sohili hordiq uchun ayni muddao. Ammo Hasan Al-Shahriy sinfdoshlari bilan darsda.

Al-Shahriy Saudiya Arabistonidan. Maqsadi Amerika ko’cha tilini bilish. Darslar ko’chada. O'qituvchilar esa ko'chadagi odamlar.

Sinfxonalar ham bor, albatta, bahs-munozara qiziydi u yerda.

“Odamlar bilan tanishish va muloqot qilish uchun ko’cha tilini bilmasa bo’lmaydi,” - deydi Al-Shahriy.

Madaniyatni, axborot vositalaridan ham o’rganish mumkin.

“Amerika kinofilmlari va musiqasi butun dunyoga mashhur. Talabalar qo’shiq so’zlarini eshitganida yoki badiiy filmda eshitganlari bu yerda qulog’iga chalinsa, odamlarning kulganini ko’rsa, bu gapning nimasi qiziq ekan, deydi”.

Shunday der ekan, “Street Talk”, ya’ni ko’cha tili o’qituvchisi Rayan Finnegan turli shoulardagi gaplarni talabalariga misol keltiradi.

Jan Jiu Xua ingliz tilini Xitoyda o’rganganimda boshqacha tuyulgan, deydi.

“Men o’rgangan til ilmiy so’z va iboralarga to’la, juda rasmiy. Men jonli tilda muloqot qilishni xohlayman”.

Jan o’rgangan iboralarini kundalik hayotda ishlatishga harakat qiladi. Ba’zilari Xitoy madaniyatiga zid bo’lsa-da.

“Menga yoqadigan ibora “drop dead gorgeous”, ya’ni “o’lgudek chiroyli” degani. Yoshligimda ota-onam menga o’lim bilan bog’liq so’zlarni tilga olma, yomon bo’ladi, deb o’rgatgan. Menga esa ingliz tilidagi ibora juda yoqadi. Uni ishlatsam bo’larmikin?”

Finnegan deydiki, ko’cha tilini o’rgatish oson emas.

“Ko’cha tili qaysi hududda ekaningizga bog’liq va juda o’zgaruvchan. Bir yil oldin ishlatilgan so’zlar bugun eskirgan bo’lishi mumkin”.

Kaliforniya universiteti professori Judi Tanka til o’rgatish metodikalari bo’yicha mutaxassis. Talab katta, deydi u. Materiallarni mukammallashtirish kerak.

“Qo’llanmalar tez eskiradi. Kitoblarga yangi o’zgartishlar kiritib, qayta bosmadan chiqarish juda qimmat. Bundan buyon internetdagi materiallarga talab oshib boradi”.

AQShda ko’cha tilini o’rgangach Jan vatani Xitoyga qaytib, yangi bilimni ish faoliyatida qo’llamoqchi. Hasan Al-Shahriy esa o’rganganlarini shu yerda, talabalar orasida qo’llash niyatida, chunki u tahsilini universitetda davom ettiradi.