Suriyada so’nggi bir necha kun ichida zo’ravonlik avj olib, 70 dan ziyod odam o’lgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotida Qo’shma Shtatlar va arab davlatlari birgalashib, rezolyutsiya bilan chiqmoqda.
Prezident Bashar al-Assad hokimiyatni muoviniga topshirib, saylov kuni belgilansin, deyiladi unda. Ammo Rossiya va Xitoyning qarshiligi sabab hujjat ovozdan o’tmasligi hozirdan ayon.
Arab Ligasi safarbar etgan kuzatuvchilarning uchdan bir qismi Suriyani tark etdi. Prezident Bashar al-Assad hokimiyatdan ketsin degan talablar asossiz, G’arb fitnasi bu, deydi Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid al-Muallim.
“Arab Ligasining takliflari chetdan kelayotgani ko’rinib turibdi. Bizga ular to’g’ri kelmaydi”, - deydi u.
“Assad rejimi o’zgarishga to’siq bo’la olmasligini anglab yetadi, bunga ishonchim komil. Xalqni o’z huquqlaridan ayira olmaysiz”, - deydi Obama.
AQShning inson huquqlari bo’yicha bosh diplomati Maykl Pozner yaqinda Misrga safar qildi. Arab Ligasi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashabbusni qo’lga olishi lozim, deydi u.
“Vashington ham har ikki tuzilma bilan bu borada hamkorlikka tayyor. Masala BMT Xavfsizlik Kengashida oldinga siljiydi degan umiddamiz”.
Ammo Yaqin Sharq bo’yicha ekspert Stiv Xeydeman Arab Ligasi namoyish etayotgan hamjihatlik uzoqqa borishiga ishonmaydi. Chora izlash yana AQSh bo’yniga tushishi mumkin.
“Yaqin Sharqdagi jarayonlar AQSh siyosatiga bevosita ta’sir ko’rsatadi. Suriya bilan region davlatlarining o’zi shug’ullansin, o’zlari chora ko’rishsin, degan ma’noda shu paytgacha Arab Ligasiga tayanib kelayapmiz. Aks holda, ichki ishlarga aralashyapmiz deb yana G’arbga, Amerikaga aybni to’nkashadi”, - deydi tahlilchi.
Masala yuzasidan gaplashib olish uchun Amerika diplomatlari yaqinda Moskvaga bordi. Suriya bir yildan beri olov ichida, xalqaro hamjamiyat bir yechim bilan chiqmasa bo’lmaydi.
Lekin, deydi tahlilchilar, Rossiya va Xitoyni ko’ndirish oson emas. Ular Liviyada bo’lgani kabi harbiy kampaniyaga qarshi, qolaversa, ittifoqchisidan ayrilishdan qo’rqadi.