AQSh askarlari Afg’onistonni tark etsa hukumat qulaydimi?

Prezident Jo Bayden Amerika askarlari joriy yilning 11-sentabrigacha Afg’onistonni butkul tark etishi borasida e’lon qilar ekan, qaror afg’onlar orasida keng bahsga sabab bo’lmoqda.

Ayrimlar nazarida Amerika hali-beri Afg’onistonni tark etmaydi. Ba’zilar esa xorijiy qo’shin ketishi bilan vaziyat juda og’irlashishidan xavotirda.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh qo'shinlari va Afg’oniston taqdiri

Siyosiy tahlilchi Asadulla Nadim Jo Bayden qarori juda ochiq va keskin ekaniga urg’u beradi.

“Amerika rahbari Jo Bayden va AQShning boshqa rasmiylari so’zlariga ko’ra, xorijiy askarlar shak-shubhasiz Afg’onistondan chiqib ketadi. Agar vaziyat buzilsa yoki AQSh lozim ko’rsa, harbiylar yana qaytishi mumkin”, - deydi Nadim.

Jo Baydenning “maqsadlarimizga erishdik” degan so’zlari tanqidlarga uchramoqda. Kuzatuvchilar ahvol yumshagani yo’q, deydi.

“Agar amerikaliklarning maqsadi Afg’onistonda terrorga qarshi kurash bo’lsa, ular bu maqsadlariga erisha olmagan. AQSh kelmasdan oldin ikki-uchta terrorchi guruhlar bor edi, hozir esa 20 dan oshiq. Ular shuncha kuchliki, hatto AQSh armiyasi bas kela olmagan”, - deydi Asadulla Nadim.

Buni ham ko'ring AQSh Afg'onistondan chiqadi, eng uzoq urushini tugatadi

AQSh rahbari 20 yil mobaynida harbiy yo’l bilan eplanmagan ishni diplomatiya orqali hal etmoqchi.

“Agar Amerika diplomatiyaga e’tiborni oshirsa, bu harbiy yo’lga nisbatan samarali bo’ladi. Toliblarni Pokiston va boshqa davlatlar himoya qilar ekan, Amerika ularga diplomatik bosimni oshirgani foydaliroq. Bu muhim, chunki AQSh kuchli diplomatiyaga ega”, - deydi Nadim.

Xorijiy qo’shinlar Afg’onistonni tark etishi qo’shnilarni, ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlarini xavotirga solmaydimi?

“Agar toliblar hokimiyatga qaytsa ham Markaziy Osiy davlatlari bundan tashvishga tushmasligi mumkin. Chunki O’zbekiston va boshqa davlatlarning toliblar bilan munosabatlari yaxshi. Lekin Rossiya ahvolni jiddiy kuzatib bormoqda, Moskva vaziyatga qarab ish tutishi mumkin”, - deydi siyosiy tahlilchi Asadulla Nadim.

Suhbatdosh fikricha, xorijiy askarlar chiqib ketishi bilan afg’on hukumati mavjud kuchni birlashtirib, to’g’ri yo’lga solsa, tuzum saqlab qolinadi. Agar jiddiy islohotlar joriy etilib boshqaruv sistemasi yaxshilanmasa, toliblar hokimiyatni egallashi ham ehtimoldan yiroq emas.