Turkiya Rossiyadan raketalar sotib olgani uchun AQSh sanksiyalariga uchrashi mumkin. Anqara esa Amerika uchun aviabazasini yopishi haqida ogohlantirmoqda.
Vashingtonning o'nlab yildan buyon Injirlik bazasidan foydalanishi nafaqat harbiy ahamiyatga ega, balki NATOga a'zo ikki davlat orasidagi strategik munosabatlar nishonasi hamdir.
"Injirlik bo'ladimi, Kurechik bo'ladimi, javob choralarini ko'rib chiqyapmiz. Amerika bizga qarshi salbiy qadamlar tashlasa, sanksiyalar joriy etsa, javob beramiz", - deydi Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho'g'li.
Shu oy Turkiyaga Rossiyaning "S-400" rusumidagi havo mudofaa tizimi yetkazildi. 2017-yilda qabul qilingan qonunga ko'ra, AQSh qarorlari va manfaatlariga ziyon yetkazmoqchi bo'lgan hukumatlarga qarshi sanksiyalar qo'yilishi mumkin. Ushbu qonun Turkiyaga qarshi qo'llanishi ehtimoldan xoli emas. Turkiya "S-400"ni qo'lga kiritgach, AQSh bu davlatga F-35 qiruvchi-bombardimonchi samolyotlarini sotmaydigan bo'ldi. Vashingtonning shikoyati shuki, Rossiyaning ilg'or radar texnologiyasi Turkiyadagi NATO harbiy tizimlariga xavf soladi.
Tahlilchilarga ko'ra, AQShning Injirlikdan foydalanishi Anqara uchun bosim vositasidir. Sovuq urush davrida ham Suriya chegarasi yaqinida joylashgan aviabaza AQSh uchun muhim bo'lgan. U yerda taxminan 50 ta yadroviy qurol saqlanadi.
Amerika qo'shinlari bazadan Iroq va Suriyada "Islomiy davlat" guruhiga qarshi hujumlarda foydalanib kelmoqda. Bu inshoot muhim logistika markazi hamdir.
"Turkiyaning G'arb bilan aloqalarida harbiy komponent muhim ahamiyat kasb etadi. Injirlikdan foydalanishga chek qo'yilsa, Vashington-Anqara munosabatlarining kelajagi hamda Turkiyaning NATOdagi o'rni haqida munozaralar kelib chiqishi tayin", - deydi tahlilchi Galip Dalay.
Anqara ilgari ham bazadan AQShga bosim o'tkazish uchun foydalangan, cheklovlar qo'ygan, ammo jiddiy ziddiyat kelib chiqqan davrlarda ham baza yopilmagan. Turkiya bu gal ham muammoga diplomatik yechim qidirmoqda.
"Anqaraning strategiyasi Donald Tramp bilan kelishib olishga asoslangan, bunday yondashuv hozirgacha ish berdi. Tramp sanksiyalarni kechiktirishi mumkin, Anqara shunga ishonadi", - deydi turkiyalik sobiq diplomat Oydin Seljen.
Prezident Tramp Turkiyaga sanksiya qo'yilishiga qarshi. U Prezident Erdog'an bilan do'stona munosabatda ekanini aytib kelmoqda. Ammo Kongressda har ikki partiya sanksiya joriy etishga chaqirmoqda.
Sanksiya qo'yilsa, Injirlik Amerika kuchlari uchun yopilishi mumkin.
"Biz shunchaki qo'rqitish deb qabul qilgan narsalar aslida amalga oshayapti. Turkiya "S-400" sistemalarini xarid qilishini aksar tahlilchilar bir taktika deb o'ylashgan edi, ammo Turkiya haqiqatda sotib oldi. Ziddiyat oshib boraversa, Injirlik ham yopilishi mumkin", - deydi Dalay.
Pentagon Turkiyadagi bazaga tobeligini kamaytirish uchun yaqinda Iordaniyadagi Muvaffaq Salti bazasini ta'mirlash uchun 150 million dollar sarfladi. Bu strategik o'zgarishlar ro'y berayotganidan nishona.
"AQSh boshqa bazalarga sarmoya qilayapti. Hech bittasi Injirlik o'rnini bosa olmas, lekin bir necha bazadan foydalanib maqsadga erishsa bo'ladi. Turkiya 1992-yildan beri Injirlik yuzasidan qarshilik ko'rsatib kelmoqda. Amerikaliklar unga muqobil joy topgan bo'lishi mumkin. Anqara endi bazadan richag sifatida foydalana olmaydi", - deydi xalqaro aloqalar bo'yicha ekspert Soli Ozel.
"Amerikaliklar Injirlik bazasini tark etsa, demak ular Turkiya uchun muammolar yaratishga tayyor. Ikki tomonlama aloqalar kelajagi xavotirga molik", - deydi professor Huseyn Bagchi.