AQSh-O'zbekiston: E'tibor har doimgidek o'zaro manfaatlarda

AQSh Davlat kotibi muovini O'zbekistonda

AQSh-O’zbekiston o’rtasida strategik hamkorlik davom etadi. Bu hafta Toshkentda muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Tomas Shannon bilan uchrashar ekan, aloqalarni rivojlantirish uchun imkoniyatlar ko’p, degan.

E'tibor har doimgidek o'zaro manfaatlarda. Vashington uchun ular quyidagilar: xavfsizlik, iqtisodiy rivojlanish va demokratik taraqqiyot. Toshkent oldindan ahamiyatni xavfsizlik va iqtisodga qaratib kelgan. Endilikda biror o'zgarish bo'ladi deyish uchun hozircha asos yo'q.

Har ikki davlat prezidentlik saylovlari arafasida turibdi. Ayniqsa AQShdagi saylov natijalari munosabatlarni qanchalik o’zgartirishi mumkin?

Tashqi siyosatda marhum prezident Islom Karimov izidan borishga va’da bergan Shavkat Mirziyoyev O’zbekiston prezidentligi saylovlarida g’olib chiqishi aniq. Amerikadagi saylovda kim yutadi, buni aytish qiyin.

Shanon Markaziy Osiyoning uch davlatida bo’ldi, O’zbekistondan tashqari Qozog’iston va Qirg’izistonda.

Diplomat Samarqandga borib Karimov qabrini ziyorat qildi.

Tomonlar o’zaro manfaatlardan kelib chiqqan holda ishlab kelmoqda. Mirziyoyev Karimov o’limi munosabati bilan hamdardlik bildirgan AQSh Prezidenti Barak Obama va Davlat kotibi Jon Kerriga o’z minnatdorchiligini bildirgan.

O’zbekiston axborot agentligiga ko’ra, Tomas Shannon O’zbekistonda amalga oshrilayotgan islohotlarni, “demokratik qadriyatlarni rivojlantirishga qaratilgan ulkan o’zgarishlarning yorqin natijalarini yuksak baholagan”. Lekin bu bo’rttirilgan gaplar ekani aniq, chunki “Amerika Ovozi” bilan muloqotlarda AQSh rasmiylari O’zbekistondagi vaziyatga tanqidiy yondashadi va hukumatni demokratik qadamlar tashlashga undab keladi. Vashington nazarida O’zbekistonda repressiya hukmron, inson huquqlari tinimsiz toptaladi va erkin so’z va matbuot cheklangan.

AQSh Davlat kotibi o’rinbosari O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan ham alohida gaplashgan. Unga Toshkentdagi elchi Pamela Spratlen va AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati Daniel Rozenblum hamrohlik qilgan. Elchi Spratlen so’nggi paytda bir nechta huquq himoyachisi ozodlikka chiqarilganini olqishlagan.

Shannon 29-oktabr kuni AQShning Toshkentdagi elchixonasida matbuot anjumani o’tkazgan.

U prezident kim bo’lishidan qat’i nazar O’zbekiston va AQSh aloqalari strategik hamkorlik darajasida davom etishini hamda Shavkat Mirziyoyev va Abdulaziz Komilov bilan o’tgan muzokaralardan xursand ekanini aytgan.

“Anhor.uz” nashri jurnalisti Yuriy Chernogayev anjumanda qatnashgan.

“Bu tashrif AQSh Afg’onistondan qo’shinlarini olib chiqqanidan so’ng mintaqaga, O’zbekistonga nisbatan qiziqishini yo’qotdi degan qarashlarning asossizligini ko’rsatayapti. AQSh rasmiysi o’zaro manfaatli strategik hamkorlik davom etishi haqida gapirdi. Strategik munosabatlar hozircha aniq bir loyiha, bitimlar bilan amalga oshmoqda deyish qiyin, ammo AQSh davlat kotibi muovini buni muntazam ta’kidlayotgani ikki o’rtadagi hamkorlik rivojlanishi, mustahkamlanishidan dalolat beradi”, - deydi u.

Saylov

AQShda prezident saylovlari 8-noyabrda, O’zbekistonda esa 4-dekabrda.

Qozog’iston sobiq bosh vaziri Akejan Kajegeldin “Novaya Gazeta”ga bergan intervyusida Hillari Klinton saylansa Markaziy Osiyoga ahamiyat kuchayadi, deya ta’kidlaydi. Uning fikricha, asosiy e'tibor O’zbekistonda bo’ladi.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o’zbek yozuvchisi Safar Bekjon nazarida esa O’zbekistonda kutilayotgan o’zgarishlar AQShdagi saylov natijalariga bog’liq emas.

“AQShda kim g’alaba qilishidan qat’i nazar O’zbekiston siyosatida Rossiyaga og’ish boshlanadi”, - deydi u.

Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatda Rossiyani ustuvor ko’radi, u rossiyalik milliarder Alisher Usmonov bilan yaqin munosabatda, uning nomzodi Moskva tomonidan dastaklangan degan qarash oddiy jamoatchilik orasida ham, ziyolilar orasida ham keng tarqalgan.

“Men Mirziyoyev Islom Karimovdan ko’ra rossiyaparast siyosatchi deb aytmagan bo’lar edim. Hamma biladi, uning Usmonov bilan qarindoshchiligi baxtsiz hodisa tufayli fojeali uzilgan. Bundan tashqari Mirziyoyev Rossiyada biror bir biznesga, shaxsiy manfaatlarga ham ega emas. Uning biznes qiziqishlari faqat O’zbekistonda”, - deydi Chernogayev.

Gulnora Karimova

Tomas Shannon bilan matbuot anjumanida Gulnora Karimova mavzusi ham ko’tarilgan. Rasmiy bu masala AQSh Adliya vazirligi tomonidan tekshirilmoqda, deyish bilan cheklangan.

Toshkentda uy qamog’ida ekani taxmin qilinadigan prezident qizi bilan bog’liq ishlarni mustaqil ravishda tekshirgan Safar Bekjonga ko’ra, G’arb kompaniyalaridan pora sifatida olingan va G’arb banklarida saqlanib, endilikda muzlatilgan mablag’ va boylik taqdiri siyosiy muzokaralar yo’li bilan emas, mahkama orqaligina hal etilishi mumkin.

“Bu mablag’ asosan AQSh ixtiyoridagi banklarda emas, Yevropa banklarida saqlanayapti. Agar AQSh buni O’zbekistonga qaytarmoqchi bo’lgan taqdirda ham, buni siyosiy muzokaralar emas, faqat mahkama qarorigina hal etadi, bu ancha murakkab masala”, - deydi Bekjon.