Savodxonlik, bolalar va ko'ngilli xizmat

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Savodxonlik, o'qish, ko'ngilli xizmat/US literacy, volunteerism

Savodsizlik dunyoning ko’plab kambag’al mamlakatlarida keng tarqalgan muammo. Hatto rivojlangan davlatlarda ham o’qishda qiynaladigan bolalar uchraydi. AQShning 19 shahrida “Tajriba korpusi” (“Experience Corps”) nomli tashkilot qiz va o’g’il bolalarga o’qishni o’rgatadi. Yoshi 50 dan oshgan ko’ngililar kambag’al oilalar bolalari bilan mashq qiladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Ko'ngilli muallimlar, Behzod Muhammadiy


Sakkiz yoshli Keneysha Xovard Amerikadagi hindu qabilalari haqida kitob o’qiyapti. Hikoya qiziq, lekin tushunish qiyinroq, deydi u.

“So’zlar uzun, ba’zan qisqalari ham esimdan chiqadi”, - deydi qizcha.

Unga Sendi Morgan yordamlashyapti. Morgan bundan uch yil oldin nafaqaga chiqqach, “Tajriba korpusi”da ko’ngilli sifatida ish boshladi. Haftasiga ikki marta Kenyasha bilan dars qiladi.

“Bir-birimiz bilan yaxshi tanishib oldik. O’qish ham maza”, - deydi u.

Bolalar yoshi kattalar bilan dars qilishni yaxshi ko’radi, deydi u.

“Bizning o’z farzandlarimiz va nevaralarimiz bor. Bolalar tilini yaxshi bilamiz. Asabiylashmay, sekin tushuntiramiz, sabr-toqat kerak, albatta. Buni biz asta-sekin hayot davomida o’rganganmiz”, - deydi Morgan.

O’qishda qiynaladigan bolalar kam emas. Deyja Steyton shulardan biri. To’qqiz yoshli qiz birinchi sinf o’quvchisidek o’qiydi. U bilan Liza Nelson shug’ullanyapti. Uni doim maqtab turish kerak, ayniqsa, ko’ngli cho’kkanda, deydi muallima.

“Men unga harakat qilish kerak, xafa bo’lma, agar o’qishni yaxshigina o’rganib olsang, senga yangi dunyo ochiladi, deyman”, - deydi u.

Deyjaning onasi “Tajriba korpusi” tashkilotidan minnatdorligini aytadi.

“Ular yordamisiz qizim nima qilardi, hayronman. Sinfda qolarmidi, kim biladi”, - deydi ona.

AQShda kattalarning 97 foizi savodli. Lekin ma’lumotlarga ko’ra, 7-8 yoshli bolalarning 40 foizi yaxshi o’qiy olmaydi. Bunday bolalar ko’p o’tmay maktabni tashlab ketishi mumkin. Kambag’al oilalar orasida, ayniqsa, bu ko'p uchraydi.

Sidni Gibson sakkiz yoshli o’quvchisi Demoni Rojersga dars beryapti.

“Har kuni ularning bilimiga yangi bilim qo’shilsin. Maqsadim shu. Shunga harakat qilaman”, - deydi Gibson.

Janob Gibson bilan dars qila boshlaganimdan beri baholarim yaxshilandi, deydi yosh Demoni.

“Agar to’gri o’qiy olmasam, ustozim meni yana bir harakat qilishga undaydi”, - deydi u.

“Tajriba korpusi” ko’ngillilari bilan mashq qilgan bolalarning o’qish qobiliyati 60 foizga yaxshilanadi, deydi Sendi Morgan.

“O'quvchimning o’qish qobiliyati havas qilgudek darajada yaxshilandi. So’zlarni to’g’ri va tez o’qiydi. Bilimi yaxshilanganiga ham shubham yo’q. Bundan juda xursandman”, - deydi muallima.

Ishimiz samara berayotganidan xursandmiz, deydi u.