Hillari Klinton demokratlardan Oq uyga yagona nomzod bo'lish uchun yetarli ovoz yig'ib bo'ldi. Amerika tarixida hech bir ayol prezidentlik bu qadar yaqin kelmagan.
7- iyun kuni Nyu-Jersi, Janubiy Dakota va Nyu-Meksiko shtatidagi partiyaviy saylovlarda g'alaba qozongan Klinton Nyu-Yorkdan turib ommaga murojaat qildi.
"Mening kampaniyam barcha to'siqlarni yo'q qilishni maqsad qilgan, toki siyosiy maydonda hamma teng bo'lsin",- dedi Klinton ayollar uchun bu tarixiy burilish ekaniga ishora qilib.
6-iyun kuni Hillari Klinton, Puerto-Rikodagi g’alabasi ketidan, jami 2383 delegat ovoziga ega bo'lib, Demokratlar partiyasidan prezidentlikka yagona nomzod bo'lish uchun zarur marraga yetdi. Bu bilan u AQShda eng yirik partiyalardan birining nomzodi sifatida oliy lavozimga da’vo qilayotgan birinchi ayol.
7-iyun kuni Shimoliy Dakota shtatida uning partiyaviy raqibi Berni Sanders ustun keldi. Berni yetarli ovozga ega bo’lmasa ham Oq uy kurashni davom ettirmoqda.
Prezident Barak Obama har ikki arbob bilan telefonda gaplashgan va Berni bilan yuzma-yuz gaplashib olish niyatida.
Iyul oyida Demokratlar partiyasi Filadelfiyada qurultoyga yig’iladi.
Respublikachilardan esa oliy lavozimga da’vo qilayotganlardan faqat milliader biznesmen Donald Tramp qolgan. Bu partya ham kelasi oyda Klivlend shahrida qurultoy o’tkazadi.
Bundan roppa-rosa sakkiz yil oldin Oq uy uchun poygada Hillari Klinton Barak Obamaga yutqazganini tan olib, kampaniyasini to’xtatgan edi.
Bu galgi poyga o’tgan yili boshlanganida ko’plar Klinton g’alabasi tayin deb aytgan edi. Vermont shtatidan senator Berni Sanders poygada bu qadar uzoqqa borishini kutishmagan edi.
Demokratlar asosiy vazifa Donald Trampni yengib Oq uyni egallash deydi va superdelegatlar Klintonni qo’llab-quvvatlamoqda. Superdelegat deganida partiya liderlari, yuqori lavozimlarda o'tirgan demokratlar nazarda tutiladi.
“Bu raqobatga nuqta qo’yishimiz va Donald Tramp ustidan g’alaba qozonishimiz kerak”, - dedi Alabama shtatidagi Demokratlar partiyasi raisi, superdelegat Nensi Uorli Klinton va Sanders raqobatini nazarda tutar ekan.
Partiyadan yagona nomzod bo’lish uchun da’vogar 2383 ovoz to’plashi kerak. Sanders baribir yetarli ovoz yig’a olmaydi, deydi partiyadoshlar.
Klintonga 3 milliondan ko’proq ovoz berilgan. Shuningdek, delegatlarning 291 nafari va 523 superdelegat uni qo’llab-quvvatlagan. Shtatma-shtat saralash jarayonida u 29 marta g’alaba qozondi, Sanders esa 21 marta.
Sanders kelasi oydagi qurultoy paytida superdelegatlarni o’ziga og'dirishga umid qilmoqda.
Ko’pgina so’rovlar natijasiga ko’ra, 8-noyabr kungi prezidentlik saylovida Sandersning Tramp ustidan g’alaba qozonish ehtimoli Klintonnikiga qaraganda kattaroq.
Klinton esa Sanders tarafdorlari ko’nglini ovlab, partiyani o'zi atrofida birlashtirishga urinmoqda.