O'zbek tilida yana bir muqobil axborot vositasi “Tug'yon” onlayn radiosi ish boshladi. Bu xorijdagi o'zbek muxolifatiga qarashli navbatdagi tashabbus. Asosiy maqsad - demokratiya va so'z erkinligini targ'ib qilish; muxolif qarashdagilar va islohot tarafdorilari uchun munozara maydoni yaratish. Radio muxolifat o'rtasidagi ixtilofga barham bermoqchi.
Yanvar oyining o'rtalaridan faoliyat boshlagan radio “Muqobil O'zbekiston” tashkiloti loyihasidir.
Mustaqil jurnalist Ulug'bek Bakirov uni olib boradi:
“Tug'yon” onlayn radiosi O'zbekistonda demokratik jamiyat barpo etilishiga xizmat qilish, fuqarolik jamiyati rivojlanishiga hissa qo'shish, inson huquqlari va erkinlari ta'minlanishiga ko'maklashish, jamiyatda so'z va matbuot erkinligi o'rnatilishi yo'lida izlanish, turfa fikrli insonlarga ochiq va erkin minbar yaratish kabi bir qator sohalarda turkum eshittirishlar tayyorlarshni maqsad qilgan”.
“Tug'yon” xorijdagi o'zbek muxolifatini tamsil etuvchi yagona nashr emas. Internetda o'zbek hukumatiga muqobil va muxolif qarashda bo'lgan ko'plab mustaqil axborot manbalari mavjud. O'zbek muxolif jamoatchiligiga qarashli bu nashrlarning ayrimlari faoliyatda, ayrimlari faoliyatdan to'xtagan.
“Muqobil O'zbekiston” tashkiloti faoli, loyiha muallifi Mo'tabar Tojiboyevaga ko'ra, radio muxolifatni bir maydonga jamlash umidida.
“Xoh mamlakat tashqarisida xoh ichkarisida bo'lsin, diktatura rejimiga qarshi kurashgan va kurashayotgan muxolif fikrdagi insonlarni jamlaydigan bir maydonga aylantirmoqchimiz. Biz 16-yanvarda o'z faoliyatimizni boshlagan bo'lsak, hozirgacha muxolifaning ko'plab faollari radio orqali o'z fikrlarini bildirdilar. Ular bilan suhbatlar uyushtrildi. Umid qilamizki, bular ijobiy natija beradi”, - deydi Tojiboyeva.
Ilk dastur 1992-yilning 16-yanvarida Toshkentda kuzatilgan talabalar qo'zg'oloniga bag'ishlandi. Keyingi sonlarida esa muxolifatchilar qatnashdi.
“Muqobil O'zbekiston” 2015-yilda O'zbekiston prezident saylovlarida muqobil nomzodlarni taqdim etib, “Virtual saylov komissiyasi” asosida tashkil topgan edi.
Virtual nomzodlarning aksariyati biror muxolif partiya a'zosi emas edi. Ayni paytda xorijdagi o'zbek jamoatchiligi orasida o'zaro ixtiloflar bois yaxlit muxolifat haqida gapirish qiyin.
“Haqiqatdan ham muxolifatga tegishli turli nashrlar bor. Va ularda biz muxolif partiyalarning o'zaro ziddiyati, bir-birlariga qarshi targ'ibotini kuzatamiz. “Muqobil O'zbekiston” avval ham turli fikr va pozitsiyadagi odamlar uchun minbar bo'lgan edi. Biz shu pozitsiyani davom ettirib, xolislik bilan turmoqchimiz”, - deydi Mo'tabar Tojiboyeva.
O'zbekistonda ayni paytda rasman to'rt siyosiy partiya mavjud. Hammasi amaldagi siyosatni quvvatlaydi. Tuzumni tanqid qiluvchi, o'zgacha siyosat olib borishni targ'ib qiluvchi guruhlar, muxolif doiralar, quvg'inda, xorijda faoliyat yuritishga majbur.