O'sh va Jaloloboddagi o’zbeklarga nisbatan tazyiq va tahdidlar davom etar ekan, 27 iyul kuni O'zbekiston va Qirg`iziston chegara xizmati rahbarlari uchrashib, chegarani aniqlashtirish bo’yicha avval erishilgan kelishuvlarni kuchda qoldirish, demarkatsiya-delimitatsiya jarayonini tezlashtirishga oid hujjat imzolagan.
Tahlilchilar nazarida Toshkent-Bishkek o’rtasidagi muzokarada Qirg’iziston janubidagi o’zbek aholi taqdiri chetda qolmoqda.
O'zbekiston va Qirg'iziston davlat chegarasi 90 foiz atrofida aniqlashtirilgan. O'zbekiston tomoni chegaraning qolgan bahsli qismini ham tezroq delimitatsiya qilish tarafdori.
Uchrashuvdan biroz o'tib O'zbekiston chegarachilari Tojikistondan Qirg'izistonga ketayotgan 40 tonna portlovchi modda, ammonit ortilgan yuk mashinalarini ushlab qolishgani ma'lum bo'ldi.
O'zbekiston tomoniga ko'ra Qirg'iziston militsiyasi kuzatuvida olib ketilayotgan yukda tegishli hujjatlar bo'lmagan.
Qirg'iziston tomonining matbuotda bergan izohiga ko'ra esa portlovchi yuk “Qirg'izgeotexkomlekt” korxonasiga qarashli va shu tartibdagi yuk doimiy ravishda Tojikiston-O'zbekiston–Qirg'iziston marshuriti bo'yicha yetkazib kelingan. Qirg'izlar portlovchi modda ortilgan yuk nega aynan bugun ushlangani yuzasidan taajjub bildiradi.
O'sh va Jalol-Oboddagi qirg'inlardan keyin Toshkent-Bishkek munosabatlari ancha sovuqlashgan. Qirg'izistonda yangi hukumat shakllangach ham aloqalar izga tushishi shubha ostida.
“O'zbekiston-Qirg'iziston aloqalarining rivojlanishi u yerda barqaror hukumat shakllanishiga bog'liq. Qirg'izistonda bo'lib o'tadigan saylovlardan keyin ko'pgina masalalar oydinlashadi. Jumladan, davlat chegaralarini aniqlashtiris ham”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.
Lekin muammolar bu bilan hal etiladi deyish mumkinmi?
“Chegaralarni aniqlashtirish bahonasida hozirgi ishlarga chek qo'yish mumkin. Ikki davlat muzokarasi bugungi keskinlikni susaytirishga yordam beradi. Ammo uning kelib chiqish sabablarini tekshirish kerak. Shundagina kelajakda O'sh va Jalol-Oboddagi singari voqealar takrorlanmaydi. Aks holda ular qaytadi”, - deydi tahlilchi Iskandar Xudoyberganov.
Qirg'indan ikki oyga yaqin vaqt o'tib ham vaziyat keskin. Qochqinlar O'zbekistondan Qirg'izistonga qaytganidan keyin rasmiy Toshkent o'zbeklar taqdiri haqida biror bayonot bermagan.
Iskandar Xudoyberganov nazarida O'zbekiston iyun oyidagi fojia chog'ida to'g'ri yo'l tutdi, biroq bu zo'ravonliklar takrorlansa, o'zbeklar himoya ostiga olinadi degani emas.
“O'zbekiston pozitsiyasi bir tomondan to'g'ri, lekin boshqa tomondan yaxshi emas. O'zbekiston o'tgan voqealar yuzasidan BMT va mintaqa davlatlari bilan muzokara yuritishga kirishib ketishi kerak edi. Va albatta, kelajakda shunday voqealar takrorlansa, O'zbekiston kuch ishlatishga majbur ekanini hammaga e'lon qilishi kerak edi. Chunki Roza O'tunbayevaga yana bir bor eslatib o'tish kerak, mabodo voqealar takrorlanadigan bo'lsa, hamma ayb qirg'iz hukumati bo'yniga qo'yiladi. Voqealarda qirg'iz militsiyasi ham, harbiylari ham qatnashgan, biroq ularning birortasi jazolanmayapti”, - deydi Iskandar Xudoyberganov.
O'sh va Jolol-Obodda ro'y bergan xunrezliklarda, qirg'iz to'dalari amalga oshirgan jinoyatlarda ikki mingdan oshiq kishi o'lgani taxmin qilinadi.
Xalqaro hamjamiyat, jumladan AQSh va Yevropa Ittifoqi qirg'in albatta tergov qilinadi deydi, lekin o'zbek aholi nazarida qirg'iz hukumati aybni ulardan qidirmoqda. O'tgan ikki oy ichida yuzlab o'zbeklar qamoqqa olingan, aholi xavfsizlik kuchlari bosimi ostida va turli tazyiqlardan shikoyat qilmoqda.