O'zbek kurashchilari - Bruklin maktablarining faxri

Your browser doesn’t support HTML5

Tomosha qiling!

Nyu-York maktablarida bugun o’zbekistonlik kurashchi bolalar ancha tanilib qolgan. Ular musobaqalarda g’alaba qozonib, ilm dargohlarining obro’sini ko’tarayapti va shaharda sportning kurash turini qayta jonlantirayapti. G’alabalar qancha ko’p bo’lsa, o’zbekistonlik bolalar uchun kollejlar eshiklarini ochadi va bepul o’qitadi.

Nyu-Yorkdagi Midvud maktabi (Midwood high school at Brooklyn college) oshxonasida har kuni darsdan keyin soat rosa 3 yarimda kurash mashqlari boshlanadi. Katta sinf bolalarining g’ovur-g’uvurini murabbiy Jorj Hironing (George A. Hero) gumburlagan ovozi bosadi:

33 yillik tajribaga ega murabbiy o’zi ham kurashchi, ham tarixchi. Hironing qo’lida tarbiya olayotgan o’zbeklar talaygina.

“Markaziy osiyolik bolalarda eng zo’r kurashchi bo’laman degan g’urur bor. Ota-bobolaridan o’tgan an’ana-da. Amerikalik tengdoshlarida ham havas uyg’otayapti ular”, - deydi murabbiy.

Ketma-ket musobaqalarda yutayotgan o’zbek kurashchilari matbuot e’tiboriga tushdi. Nufuzli “Nyu-York Tayms” nashriga bu haqda shipshigan - Midvud maktabida yordamchi murabbiy bo’lib ishlayotgan Mayk Daud (Mike Dowd).

“Do’stim “Nyu-York Tayms” gazetasida muxbir. Kelishib olganmiz, men unga maqola uchun g’oya taklif qilaman, u esa meni qahva bilan mehmon qiladi. Bu safar ham shunday bo’ldi - bir yilcha oldin Bruklindagi kurashchi jamoalarda yangi-yangi bolalar paydo bo’lganini sezdim. Ular o’zbekistonlik ekanini so’rab bildim. O’zimizning Midvud maktabida ham o’zbek kurashchi bolalar ko’payib qolgan edi. Bu bolalar jamoalarning asosiy o’yinchilariga, yulduzlarga aylana boshlagan edi. Gazetachi do’stimga bu g’oya yoqib, maqola yozdi”, - deydi murabbiy Daud.

Kechki 5 yarimga qadar birga mashq qilaverib bolalar og’ayni bo’lib ketgan. Kurashning boshqa jihatdan ham foydasi serob: bola til o’rganadi, do’st orttiradi, o’ziga ishonchi ortadi, kelajakka umid bilan qaraydi:

“Kurashning boshqa biror sport turiga xos bo’lmagan jihati bor - bolalarni qalin oshna qilib qo’yadi. O’qishdan keyin qolib, soatlab vaqtini birga o’tkazadi, qattiq mehnat qiladi bu yigitlar. Ularning ketidan ota-onalari ham ergashib keladi, bir-biri bilan tanishadi. O’zbek bolalari amerikalik tengdoshlari bilan sirlashadi, shu tariqa do’stlashadi va muhimi, jamiyatga kirishib ketadi”, - deydi Hiro.

Kimdir hayotini kurash bilan bog’lamoqchi. Amirbek Axtamov bilan tanishamiz:

“To’qqizinchi sinfdan beri shug’ullanaman. Sportning shu turib menga juda yoqadi”.

Murabbiy Amirbekning qat’iyati, iste’dodi, birodarlarini ergashtira olish qobiliyatini ko’rib jamoa sardori etib tanladi. Darvoqe, mashq va musobaqalar jarohatsiz o’tmaydi:

“2014-yilda boshimdan og’ir jarohat olganman. Kasalxonaga olib borishgan. Onam qo’y, boshqa bormaysan deb turib oldilar. Lekin men baribir sportga qaytdim”, - deydi Amirbek.

Raqibining kuragini yerga tegizayotgan 14-15 yashar bu o’zbek bolalar hozirdan kollej haqida o’ylayapti. Musobaqalarda o’zini ko’rsatgan bolalarga oliy o’quv yurtlari bepul o’qish taklif qilishi mumkin. Xo’sh, boshqa shtatlarda o’qish imkoni tug’ilsa-chi?

Biroq hamma ota-ona ham, xoh muhojir bo’lsin, xoh yo’q, farzandini uzoqqa qo’yib yuborgisi kelmaydi.

“Biz ota-onalar bilan gaplashib, bola dunyo ko’rishi kerak ekanini tushuntiramiz va ko’ndiramiz. Ota-onani ham tushunsa bo’ladi, yosh bola bir o’zi yalqovlik qilishi yoki jinoiy guruhga o’ralashib qolishi hech gapmas. Lekin bola jamiyatda muvaffaqiyat qozonishini istasa, ota-ona uning mustaqil yashashiga ham ruxsat berishi kerak”, - deydi Hiro.

Midvudga qo’shni ta’lim dargohi, Medison maktabida (James Madison high school, Brooklyn) kurashdan dars berayotgan Ned Kembell (Ned Campbell) bu masalaga boshqacha yondashadi:

“Bola uydan chiqib ketishi kerak, albatta. Lekin bu qoida shu mahallada o’sib ulg’aygan amerikalik bolalarga ko’proq taalluqli. Holbuki, o’zbek bolalari shundoq ham o’zga yurtda yashayapti, 10-11 yoshida o’zga mamlakat tartibiga moslashishga majbur. Buning ustiga, ko’pi oilasida ingliz tilini biladigan bittayu-bitta odam. Kasalxonaga, advokatga, immigratsiya xizmatiga borib, oilasi uchun tarjimonlik qiladi, shuning uchun darsdan yoki mashg’ulotdan qoladi. Ular oilasidan uzilib keta olmaydi, buni doim esda tutishga harakat qilaman”, - deydi Ned Kambell.

Murabbiy Kambell, sobiq harbiy, obro’li Vest-Poynt harbiy akademiyasi bitiruvchisi, sovuq urush yillari Germaniyada xizmat qilgan. 10 yildirki, shu maktabda Amerika tarixi va ingliz tilidan ta’lim beradi, ham kurashchilarni tayyorlaydi.

Uning shogirdlari Feruz Tilmanov va Daler Ergashev mashqlarga kirganiga hali ko’p bo’lmadi. Murabbiyga hurmati baland ularning.

“Trenerning o’rgatishlari yaxshi. Mehribon. Lekin hamma gapga ham xo’p demaydi. O’zi, trener shunday bo’lishi kerak”, - deydi Feruz.

“Yaxshi odam. Darsdan keyin Facebook orqali bizga yozadi. Mashqlarni o’tkazib yubormaslik kerak, deydi”, - deydi Daler.

Murabbiylar Kambell va Hiro bolalar boshqa fanlardan qanday o’qiyotganini ham qattiq kuzatib boradi. Darsdan keyin nima bilan band ekaniga ham ko’z-quloq bo’lib turishadi:

“Siz murabbiy sifatida ko’p jihatdan Amerikaning elchisi vazifasini o’taysiz muhojir bolaga. Ishimning 90 foizi bu sportzaldan tashqarida o’tadi. Albatta, ular kurashda chempion bo’lishini xohlayman. Lekin men uchun bolalar yaxshi fuqaro, jismonan va ma’nan sog’lom inson bo’lishi, maktabni vaqtida tamomlashi muhimroq”, - deydi Ned Kambell.

“Amerikaning jozibasi shundaki, siz har xil elatlar bilan tanishasiz. Ba’zi oilalar faqat o’zbeklar bilan ishlab, til o’rganmaydi va yakkalanib qoladi. Bu afsuslanarli hol. Lekin kurash tushayotgan bolalar unday emas. Jamoa bilan ishlaydigan bola unday emas. Bilsangiz agar, bolasi kurash tushayotgani sharofati bilan ko’p o’zbek ota-onalar amerikalik ota-onalar bilan do’stlashib ketdi”, - deydi Jorj Hiro.