O’zbekiston yozuvchilar uyushmasining bugungi nufuzi qanday?

Sovet Ittifoqi qulashi davrida milliy uyg’onish harakatiga hissa qo’shgan O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi 1990-yillardan keyin nufuzini yo’qotdi. Tashkilot rahbari etib yaqinda yozuvchi Muhammad Ali saylangan.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston Yozuvchilar Uyushmasining bugungi ahvoli/Malik Mansur

Ko’plab adiblar fikricha uyushma siyosiy qurol bo’lmasligi kerak. Hukumat unga o’z propaganda vositasi sifatida qarar ekan, ishonch yo’qolib boraveradi.

Ammo ayrim ijodkorlar nazarida yozuvchilar uyushmasining jamiyatdagi o’rni va salohiyatini hali ham tiklash mumkin.

Muhammad Ali O’zbekiston yozuvchilar uyushmasiga sal kam to’rt yil raislik qilgan noshir Bobur Alimov o’rniga keldi. Bobur Alimov nima sababdan lavozimidan chetlatilgani noaniq.

Uyushmadagi navbatdagi almashish, sobiq raislardan biri Abdulla Oripovning ketishi bilan qiyoslaganda, jamoatchilik orasida ortiqcha muhokamaga sabab bo’lmagan. Uyushmaning internet saytida ham o’zgarishlar haqida hech narsa deyilmaydi.

Ijodkorlar buning sababini yozuvchilar uyushmasining jamoatchilik hayotidagi o’rni yo’qolib bo’lgani bilan bog’lashadi. Yangi rais kelishi bilan tashkilot faollashadi, deb aytishga asos yo’q.

“Uyushma bu nodavlat mustaqil tashkilot, uning rahbari saylanishi kerak, tayinlanishi kerak emas. Muhammad Ali avval ham kommunistik mafkura tashviqotchilaridan biri edi. Hozir u tepadan ma’lum bir topshiriq bilan yuborilgan. Vazifasi aynan shu topshiriqni bajarish, yozuvchilar haqida qayg’urish emas”, - deydi ayni paytda muhojiratda yashayotgan o’zbek yozuvchisi Safar Bekjon.

Uyushma 80-yillardan boshlab, taqiqqa uchragan milliy qadriyatlarni himoya qilish va jamiyatdagi og’ir muammolarni muhokamaga chiqarishda hukumatga nisbatan muxolif fikr ayta oladigan yagona tashkilot sifatida yuzaga chiqqan edi.

So’ngroq 90-yillarda sobiq ittifoq bo’ylab kuzatilgan uyg’onish davrining O’zbekistondagi to’lqini uyushma faollari ishtirokida shakllandi. Jamiyatdagi o’zgarishlar, siyosiy jarayonlar markazida ham yozuvchilar turishdi. Amaldagi hukumat o’z mavqeini mustahkamlagach esa siyosiy hayotda faol ishtirok etgan ijodkorlar birin-ketin qatag’onga uchradi.

Safar Bekjon ana shu qatag’onlarni bevosita boshdan kechirgan yozuvchilardan biri.

“80-yillar oxiriga kelib Sovet diktaturasi biroz yumshagan edi. Shu paytda uyushmani jonlantirgan ijodkorlarning ko’pchiligi bugun surgunda, tashqarida, yana ayrimlari rahmatli bo’lib ketishdi”, - deydi yozuvchi.

Mamlakatda bugun ham uyushmaning avvalgi qudrati va mavqei unutilmagan. Ko’plab ijodkorlar bu mavqe tiklanishiga umid qilishadi, biroq amaldagi rejim sharoitida bunday umidlar oqlanishi ta’qiblardan xoli bo’lmaydi.

Uyushma faoliyatini tiklash o’zbek jamiyatida o’zgarishlar qilishga qodir kuch sifatida ko’rib kelindi. O’zbek yozuvchilari uyushmasini xorijda tashkil etish tashabbusi ham olg’a surilgan.

“Uyushmani barcha jabhalarda, iqtisodda, siyosatda, adabiyotdagi muammolarni hokimiyat darajasiga ko’tarish qudratiga ega bir tashkilotga aylantirish uchun harakat bo’ldi. Lekin, afsuski, diktatura sharoitida bu harakat butunlay bostirib yo’q qilindi. Paralel shaklda bu tashkilotni xorijda tashkillashtirishga ham urinildi. Lekin bunda ham hukumat tomonidan yollangan odamlarning aralashishi tufayli o’zbek yozuvchilari ittifoqini xorijda tuzish imkoniyati yo’qqa chiqdi”, - deydi Safar Bekjon.

Bugungi adabiy jarayonlar, ijodkorlar tanlovidagi mavzularning sayozlashib borishi ham bevosita uyushmaning bugungi mavqei va ahvoli bilan bog’liq ko’riladi.

“Hammasi moddiyatga taqalib qoldi. Yaxshi iqtidorli yozuvchilarimiz imkoniyati bo’lmagani uchun kitob chiqara olmayapti. Adabiy jarayon o’ta sayozlashib ketdi. Nazm va nashrdagi so’nggi o’zbek antologiyasi bilan tanishib chiqdim. Hali Sovet davrida shakllangan yozuvchilarni hisobga olmaganda, yangi asarlarda hech qanday saviya yo’q”, - deydi Safar Bekjon.

Yozuvchilar uyushmasi bugun mamlakat taqdiriga befarq bo’lmagan ziyolilar qatlamini birlashtiruvchi ittifoq emas, hukumat mafkurasi bilan shugu’llanuvchi targ’ibot mashinasiga aylanib qolgani ta’kidlanadi.