Karimovdan keyin O'zbekistonda geosiyosiy burilishlar bo'lmaydi

O'zbekistonlik siyosatshunoslar nazarida turli munozaralarga qaramasdan Islom Karimovdan keyin o'lkada geosiyosiy burilishlar kuzatilmaydi, tashqi siyosatdagi ustuvorlik mamlakat rahbari o'zgarishiga bog'liq emas.

Your browser doesn’t support HTML5

Karimovdan keyingi O'zbekiston

Yangi rahbar geosiyosiy raqobat kuchli mintaqada muvozanatni ushlay olishi bahsli ko'riladi.

Rasmiy Toshkent marhum prezident Karimov tomonidan asos solingan harbiy siyosiy bloklarga qo'shilmaslik, xorijiy harbiy bazalarni mamlakatda joylashtirmaslik siyosatiga sodiq qolishini bildirib keladi.

Toshkent Karimov asos solgan tashqi siyosatga sodiq qolishi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov tomonidan BMT yig'ilishida ham ta'kidlab o'tildi. Avvalroq bu bayonotni muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentdagi dastlabki nutqida ham ta'kidlagan.

Siyosatshunos Farxod Tolipov:

“O'zbekistonda yangi davr boshlandi deb qaraydigan bo'lsak, nazarimda mamlakat tashqi siyosatida ko'p narza o'zgarmaydi. Karimov davrida O'zbekiston tashqi siyosati shakllandi va mustahkam bir ko'rinishga keldi, muvozanatga kirdi. Ya'ni geosiyosiy qudratli davlatlarning raqobatida, nisbatan kichikroq O'zbekiston roli shakllandi. Ikkinchidan, O'zbekiston hozirgacha asosiy geosiyosiy kuchlar bilan lozim darajadagi munosabatlar qurdi, bundan ortig'ini kutishga hozircha ehtiyoj yo'q. AQSh, Rossiya, Yevropa, Xitoy bilan ham tegishli darajada aloqalar yo'lga qo'yilgan”.

Rossiya doirasidagi aksariyat ekspertlar Toshkent-Moskva aloqalari yangi bosqichni hokimiyat almashishi, jumladan, hukumatga Mirziyoyevning kelishi bilan bog'lashadi.

Moskvalik siyosatshunos Arkadiy Dubnov fikricha, Rossiya bilan kutilayotgan ehtimoliy yaqinlik aynan Mirziyoyev shaxsiga, vorislikka da'vogar ko'rilgan o'zbek siyosiy elitasi orasida aynan uning Rossiyaga moyilligiga bog'liq.

Farxod Tolipov so'zlariga ko'ra, O'zbekiston-Rossiya o'rtasida imzolangan ittifoqchilik shartnomasi strategik sheriklikdan ham ustun turadi:

“Davlatlararo munosabatlarda bundan yuqori munosabat maqomi bo'lmasa kerak. Iqtisod sohasida ham 25 foiz savdo Rossiya hisobiga to'g'ri keladi, bundan ortig'ini kutish noto'g'ri. Shuning uchun ham Rossiyaga buriladi deyishganda, nimaning hisobiga degan savol tug'iladi, bu savolga esa hozircha birorta ekspert javob berganicha yo'q. Agar burilish AQShdan yuz o'girish hisobiga deb ko'rilayotgan bo'lsa, bu noto'g'ri, globalizatsiya jarayonida hukumatga kim kelishidan qat'i nazar buyuk davlatlar bilan mustaqil munosabat davom etaveradi. Shuning uchun men ekspertlar tomonidan aytilayotgan fikrlarga qo'shilmayman”, - deydi Tolipov.

O'zbekiston uchun tashqi siyosatdagi eng ustuvor masala sifatida mintaqa, Markaziy Osiyo bilan hamkorlik e'tirof etilgan. Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlarining BMT yig'ilishi doirasidagi uchrashuvi so'nggi yillarda ularning kamsonli uchrashuvlardan bo'ldi. Bu davlatlar siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytirishga kelishdi.

Ammo bu davlatlarning aksariyati Rossiya bilan yaqin harbiy va iqtisodiy ittifoqda ekani inobatga olinsa, mintaqa miqyosidagi hamkorlik alohida integratsion jarayonlarni yo'lga qo'yishni yoki O'zbekiston tomonidan ertami-kechmi amaldagi ittifoqlarni qabul qilishni nazarda tutishi mumkin.

“Aynan Karimov istamagani uchun O'zbekiston Rossiya yetakchiligidagi ittifoqlarga kirmagan deyish noto'g'ri. Masalan, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi haqida gapirsak, Rossiya va O'zbekistonning iqtisody ko'rsatkichlari keskin farq qiladi, teng darajadagi hamkorlik haqida gap borishi mumkin emas. Bundan tashqari, bu tashkilotga qo'shilish uchun O'zbekiston mavjud iqtisodiy tizimi qayta ko'rib chiqilishi kerak”, - deydi Tolipov.

O'zbekistonni 27 yil davomida boshqargan Karimov sentabrda 78 yoshida vafot etdi. Uning o'rniga konstitutsiyada ko'zda tutilganidek Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshev emas, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev vaqtincha prezidentlikka keldi.

E'lon qilingan prezidentlik saylovlaridagi asosiy nomzod ham Mirziyoyev. O'zbekistonni kelgusi besh yil davomida boshqaradigan yangi prezident 4- dekabr saylovlarida aniqlanadi.