O'zbekiston yangi pul siyosatiga, milliy so'm qadrini erkinlashtirish, konvertatsiyani ochishga hozirlanmoqda. Bu bir tomondan prezident qabul qilgan strategiyadagi vazifa, boshqa tomondan xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan hamkorlikni tiklash, sarmoyalar jalb qilish. Bu qaror shiddat bilan qadrsizlanib borayotgan milliy so'm va aholi uchun jiddiy sinov.
Your browser doesn’t support HTML5
O'zbekiston milliy valyuta qadrini erkinlashtirmoqchi, konvertatsiyani ochmoqchi. Ammo amalda valyuta narxi hamon qora bozorda.
Konvertatsiya ochilishiga hozirlik ko'rilar ekan, bu qaror uzoq yillar qadri zo'raki tarzda ushlab kelingan milliy so'mni keskin qadrsizlantirishi, inflyatsiya kuchayib, aholini sarosimada qo'yishidan xavotirlar mavjud.
Mutaxassislar qadrini bozor emas, hukumat belgilab kelgan so'mning erkin parvozi aholiga kutilmagan noqulayliklar tug'dirsa-da, iqtisodni sog'lomlashtirishga xizmat qilishiga ishonadi.
Ostonada yashayotgan o'zbekistonlik iqtisodchi Saparboy Jubayevga ko'ra, milliy valyutaning keskin qadrsizlanishi bilan bog'liq mojaroni Qozog'iston ham boshdan o'tkazgan.
“Bu murakkab jarayon, Qozog'iston o'z tangasini kiritganda odamlar 1-2 yil shok terapiyada yurgan edi. 1 dollar 7 tangadan 70 tangagacha ko'tarilib ketgan. Tanga 10 barobar qadrsizlangandi. O'zbekiston misoliga kelsak, mayli 10 barobar ekan, ikki barobarga bo'lsin. Hozir aniq aytish qiyin, ammo shunga yaqin holatni boshdan o'tkazish kerak yoki bu jarayonni yumshoqroq o'tkazish uchun biror moliyaviy tashkilotdan kattaroq qarz olish kerak”, - deydi Jubayev.
Hukumat bu jarayonni imkon qadar og'riqsiz o'tkazishni rejalamoqda. Xalqaro Valyuta Jamg'armasi (XVJ) O'zbekistonga yordam ko'rsatishga tayyor.
“Janob prezident, O'zbekiston rejalangan islohotlardan ulkan natijalar olishiga mening ishonchim komil, bu borada sizni, imkoniyatimiz doirasida, har tamonlama qo'llab-quvvatlashga shay ekanligimizni yana bir bor tasdiqlayman”, - deydi Xalqaro Valyuta Jamg'armasi direktori Kristin Lagard, Shavkat Mirziyoyevga yo'llagan maktubida.
O'zbek delegatsiyasining shu oy boshida XVJning Vashingtondagi qarorgohida o'tkazgan muzokaralaridan so'ng Mirziyoyevga jo'natilgan bu maktub hukumat konvertatsiyani ochishga jiddiy hozirlik ko'rayotganidan darak.
17-iyul kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi rasmiylari bilan muzokaralar o'tkazgan O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ham bu borada gapirgan.
“O'zbekiston pul siyosatini ham jiddiy isloh qilishni rejalamoqda, xalqaro moliyaviy tashkilotlar buni qo'llashayapti. Bir necha kun avval Prezident Mirziyoyev XVJ rahbari Kristin Lagard xonimdan xat oldi. Unda XVJ O'zbekistonda o'tkazilayotgan islohotlarni, jumladan pul islohotini qo'llab-quvvatlashi bildirilgan. O'ylashimcha, yaqin kelajakda milliy valyutamizni erkin konvertatsiyasi uchun barsha sharoitlarni yaratamiz. Biz mablag' kiritish, daromad olishni takomillashtiramiz, banklarimiz faoliyati, sud organlari ishini yaxshilaymiz, umuman qulay sarmoyaviy muhit yaratish ustida ishlayapmiz”, - dedi Komilov.
Konvertatsiya ochilishiga doir bayonot tashqi ishlar vaziri tomonidan qilinayotgani hukumat erkin valyutaga o'tish qaroridan voz kechmasligining dalolati sifatida ham baholanayapti.
Londondagi Markaziy Osiyo instituti tahlilchisi Alisher Ilhomov:
“Komilov XVJ bilan o'tayotgan muzokara, Jamg'armadan ko'mak kutilayotgani haqida gapirdi, demak hukumat bir to'xtamga kelgan, aks holda gapirmasdi, chunki Komilov o'ta ehtiyotkor siyosatchi, maslahatlashmasdan hech narsa demaydi. Demak, bu borada hukumatning siyosiy qarori mavjud, ehtiyotkorlik bilan qadam-qadamlab shu yo'nalishda davom etish. Albatta ular qo'rqishayapti, buning asorati, kutilmagan sarosimali holatlar, so'mning qadri keskin tushib ketishi kabi jarayonlardan. XVJ bilan muzokaralar aynan shunga, “xavfsizlik yostiqchasi”ni ishlab chiqishga, bu jarayonni imkon qadar og'riqsiz o'tkazishga qaratilgan”.
XVJ ekspertlar guruhi yaqin kunlarda O'zbekistonga safar qilib, texnik ko'mak masalalarini muhokama qiladi.