Mo'tabar Tojiboyeva: O'zbekiston hukumatiga bosimni oshirish kerak

Huquq himoyachisi Mo'tabar Tojiboyeva xorijdagi faoliyati uchun taqdirlangan kam sonli faollardan. Yaqinda Parijda Tojiboyevaga ACAT tashkilotining mukofoti topshirildi.

Markaziy Osiyo bo'ylab safar qilayotgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi Didye Burkxalter Toshkentda rasmiylar bilan uchrashayapti. Bryusselda esa inson huquqlari bo'yicha Yevropa Ittifoqi va O'zbekiston o'rtasida navbatdagi muloqot o'tdi. Yevropaliklar, ayniqsa, bolalar mehnati borasida ijobiy o'zgarishlar ro'y berayotganini tasdiqlaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Mo'tabar Tojiboyeva: O'zbekiston hukumatini xotirjam qo'ymaslik kerak - Malik Mansur lavhasi

Lekin, deydi Yevropa diplomatlari, respublikada huquq bobida hali ko'p ishlar qilinishi kerak. Bu borada muntazam muloqot va uchrashuvlarga qaramasdan jiddiy siljish kuzatilmaydi.

Huquq himoyachisi Mo'tabar Tojiboyeva xorijdagi faoliyati uchun taqdirlangan kam sonli faollardan. "O'tyuraklar klubi" rahbariga Yaqinda Parijda ACAT tashkilotining mukofoti topshirildi.

Tojiboyeva o'zbekistonlik siyosiy mahbuslarning portretlari fonida mukofotni qabul qilib olar ekan, bu bilan O'zbekistonda biror o'zgarish yo'qligiga ishora qilindi, deydi.

“Rassom Kanat Ibragimov tomonidan chizilgan o'zbekistonlik siyosiy mahbuslarning portretlarini ham e'lon qildik. Shuningdek, u yerga siyosiy mahbuslarga jo'natish rejalangan otkritklar ham olib bordik. Juda ko'plab odamlar siyosiy mahbuslarni qo'llab bu otkritklarga o'z tilaklarini yozishdi”, - deydi Tojiboyeva.

Bir necha xalqaro sovrinlar bilan taqdirlangan huquq faolining aytishicha, navbatdagi mukofot mamlakatdagi fidoiyligi uchun emas, aynan xorijdagi faoliyati uchun berilgani bilan qadrli.

“Oldingi mukofotlarim qamoqdan oldingi faoliyatim, qamoqda turib o'z huquqim, boshqa mahkumlar huquqi uchun kurashganim, buning uchun qiynoqlarga duchor bo'lganim uchun berilgan. Qamoqdan keyingi besh yillik faoliyatim uchun berilgan bu mukofot men uchun, qiyin bir sharoitda ishlayotgan tashkilotimiz, uning faollari uchun juda qadrli mukofot bo'ldi”, - deydi Mo'tabar Tojiboyeva.

Farg'onada asos solingan “O't yuraklar” klubi rahbari yaqin besh yildirki Fransiyada faoliyat yuritadi. Dastlab u Fransiyaga og'ir ahvolda,O'zbekiston qamoqxonasida yo'qotgan sog'lig'ini tiklash maqsadida keldi, o'zini biroz o'nglagach tashkilotini Fransiyada ro'yxatdan o'tkazdi, faoliyatini davom ettirishga qaror qildi. Bugun Tojiboyeva xorijda izchil ishlayotgan oz sonli o'zbek faollaridan biridir.

"2009-yilda sog'lig'im o'ta yomonlashgan bir paytda Fransiyadagi shifokorlar bu yerda qolishim lozimligini taklif qilishganda, xalqaro tashkilot vakillari ham Yevropada turib o'zbek xalqiga ko'proq foyda keltirishim mumkiligi haqida aytishganda, men G'arbdan turib mamlakat ichkarisidagi inson huquqlari uchun kurashim keskin bo'lishiga ishonmagan edim. Bugun ko'nglimda afsus, nadomat yo'q. Huquq himoyachisi sifatida xalqimizga qo'limdan kelgancha yordamimni berayapman deb hisoblayman”, - deydi Tojiboyeva.

Huquq himoyachisi ayni paytda O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Parijda o'tkazgan muzokaralari tafsilotlarini aniqlab, ommaga havola etish harakatida. Shu maqsadda Fransiya Tashqi ishlar vazirligiga murojaat jo'natgan, Fransiya fuqarolik jamiyati e'tiborini ham shu masalaga qaratish uchun maslakdoshlar yig'moqda.

“Bu narsani biz mukofotlash jarayonida muhokama qildik, Fransiyadagi ACAT, Chegara bilmas muxbirlar, Inson hququlari federatsiyasi kabi tashkilotlar bilan birgalashib Fransiya tashqi ishlar vazirligiga borishni, yashirin muzokarlarga oydinlik kiritishni rejalaganmiz”, - deydi u.

Tojiboyevaning aytishicha, Yevropa Ittifoqi va O'zbekistonning inson huquqlari borasidagi davomli muloqoti o'ta zaif, siyosiy manfaatlar birinchi planga chiqqan, vaziyatda o'zgarish qilish esa o'zbek jamoatchiligi mas'uliyatidagi vazifadir.

“Vaziyatni o'nglash bizning o'z qo'limizda, agar hozir Komilov kelib ketsa, biz indamasak, boshqasi kelsa sukut saqlasak, diktatura vakillari ertaga boshqa bir mamlakatga boradi, indinga yana boshqasiga. Qachonki biz Karimov Pragaga kelmoqchi bo'lganida sharmanda bo'lganidek, xalqaro uchrashuvlarda, rasmiy muzokaralar paytida o'z aktivligimizni ko'rsatib, yashirin muzokarlarni ochiqlasak, kurashni davom ettiradigan bo'lsak, men o'ylaymanki G'arb diplomatlari ham bizni eshitishga majbur bo'lishadi”, - deydi Tojiboyeva.

Yevropa Ittifoqi va O'zbekiston o'rtasidagi inson huquqlari bo'yicha muloqotning navbatdagi qismi kuni-kecha Bryusselda o'tdi.

Bryusselda O'zbekiston Adliya vaziri, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz va yana bir necha idora vakillaridan iborat delegatsiyasi mamlakatda inson huquqlari bo'yicha amalga oshirilgan islohotlar haqida gapirgan.

Yevropa Ittifoqi bu islohotlarni yoqlagan, ayniqsa, bolalar majburiy mehnatidan voz kechilganini olqishlagan. G'arb diplomatlari O'zbekiston hukumatini fuqarolik jamiyati vakillari, xususan, inson huquqlari faollariga bosim o'tkazmaslikka chaqirgan.