O'zbekistonda mustaqillikning 24 yilligi bayram qilinmoqda

O'zbekistonda mustaqillikning 24 yilligi nishonlanmoqda. Prezident Islom Karimov an'anaga ko'ra bayram tadbirini “Shahidlar xotirasi” xiyobonini ziyorat qilishdan boshladi. U sovet qatag'oni davrida nobud bo'lgan qurbonlar xotirasiga ehtirom bildirar ekan, xorijdagi o'zbek faollari mustaqillik davrida qatag'onga uchragan faollar xotirasi uchun kampaniya boshlagan.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekistonda mustaqillikning 24 yilligi bayram qilinmoqda - Malik Mansur

Shahidlar maydonida milliy ozodlik harakati vakillari xotirasiga tilovat qilingan.

Karimov mamlakatda tinch-osoyishta hayotni qadrlash, zamon bezovtaligi, musulmon dunyosidagi vaziyat tobora ziddiyatlashib borayotgani, yoshlarni turli yot aqidalardan asrash zarurligi haqida gapirgan.

So'ng prezident mustaqillik maydonidagi yodgorliklarni ziyorat qilib, tantanalarni ochib bergan. Shu bilan birga, istiqlol davrida qo'lga kiritilgan yutuqlar va boy berilgan imkoniyatlar munozarasi davomli masala.

Turg'unlikka aylangan barqarorlik

25 yildirki, rahbarlikni qo'ldan bermay kelayotgan Karimov barqarorlik, tinchlikka asosiy shior sifatida suyanadi.

Ulkan yutuqlar, xalqning turmush darajasi keskin o'sgani, demokratik rivojlanish olg'a ketayotgani haqidagi prezident nutqi mustaqil yurtda qatag'on qilinganlar qatlami borligini, siyosat bilan kelishmagan odamlar uning dushmani sifatida ko'rilayotganini chetlab o'tadi.

Prezident tan olmaydigan bu haqiqat haqida gapirish boshqalarga ham taqiqlangan, matbuot kishanda, jamoatchilik nazoratda, barqarorlik qatag'onlar davridagi turg'unlikni eslatadi.

Aksariyat aholi uchun yopiq qolayotgan mustaqillik davrida tazyiqlar, qiynoqlar haqida, asosan, vatandan quvilgan faollar gapiradi.

Xorijdagi o'zbek faollarining “Muqobil O'zbekiston” kengashi istiqlol davrida nobud bo'lganlar xotirasi uchun tadbir boshlangan.

“Darhaqiqat, Stalin davrida millionlab odamlar qatag'onga uchragan, bu qurbonlarning har birini xotirlash maqsadga muvofiq. Lekin Stalin qatag'onlari qurbonlarini xotirlash haqidagi farmonga imzo chekkan Karimov rejimi qatag'onlari ham Stalinnikidan kam emas. Aynan shuning uchun ham, O'zbekiston mustaqillikka erishgan yillardan boshlab, rejimning qatag'oniga uchragan insonlarni xotirlash, ular haqida o'zbek, dunyo jamoatchiligini xabardor etish maqsadida biz shu ishni boshladik. Biz bu yerda mustaqillik uchun kurashgan, keyinchalik Islom Karimov bilan chiqishmay qolganidan so'ng hayoti o'lim bilan yakun topgan odamlar haqida ham gapiramiz. Qiynoqlar, repressiya mashinasiga tushgan yuzlab odamlar haqida ma'lumot beramiz”, - deydi tashkilot faollaridan Mo'tabar Tojiboyeva.

Tazyiqqa olinganlar, qiynoq tufayli o'ldirilgan yoki hozirgacha bedarak qolayotganlarning aksariyatini diniy faollar, muxolifat vakillari tashkil etadi. O'zbekiston hukumati qamoqdagi namozxonlarni ham, bosim ostida xorijga chiqib ketgan dindorlarni ham, dunyoviy muxolifat vakillarini ham ekstremistlar sifatida ko'radi.

Rasmiy Toshkent O'zbekiston diniy va siyosiy erkinliklar cheklangan sanoqli davlatlardan biri ekanini inkor etib keladi. Taniqli ulamolar xalqqa diniy bag'rikenglik, mustaqillik sharofati bilan yuzaga kelgan saodat asri haqida ma'ruza o'qishadi.

“Butun dunyo bizning yurtimiz, tariximiz, yutuqlarimizni e'tirof qilayapti. Yurtboshimizning ta'birlari bilan aytganda hech kimdan kam bo'lmadik, balki hammaga ibrat O'zbekistondek jannatmakon yurtga ega bo'ldik. O'zimiz bu emin-erkin jamiyatda, xotirjamlikda hayot kechirayapmiz, bundan ortiq saodat bo'lamydi, azizlar. Vatanimiz mustaqil bo'lgach, iqtisodimiz mislsiz o'sdi, shahar, qishloqlarimiz gulistonga aylandi, mana, borib ko'ring chekkadagi qishloqlarimizni…”, - deydi matbuotda qilgan chiqishida taniqli ulamo Anvar qori Tursunov.

Qatag'on qurbonlari kim?

“Shahidlar xotirasi” xiyobonida nomlari muhrlangan qatag'on qurbonlari milliy ozodlik harakati uchun halok bo'lishgan. Adabiyot, madaniy-ma'naviy hayotda ham muhim iz qoldirgan bu insonlar ko'pchilikka tanish.

Ammo istiqlolda yo'q bo'lgan faollar kimlar, jamoatchilik ular haqida nimalar biladi?

“Biz bu kampaniya davomida mustaqillik uchun kurashgan, keyinchalik siyosiy bosimlar tufayli qurbonga aylangan kishilarni ham yod etamiz. Masalan, o'sha yillarda “Birlik” faollari o'zbek tili maqomi uchun jiddiy kurashgan, ammo keyinchalik aksariyati qatag'on mashinasiga solingan. Gap shundaki, bu kabi odamlar haqida, fuqaro jamiyati vakillarining o'zi ham unchalik ko'p ma'lumotga ega emas. Shunday ekan, ular faoliyatidan oddiy aholi mutlaqo xabarsiz bo'lishi turgan gap. Misol uchun, parlametda faoliyatda bo'lgan Ro'zimurodov, To'laganova kabi insonlar taqdiri nega bunchalik ayanchli tugadi? Biz buning tafsilotlaridan xabardor emasmiz”, - deydi Tojiboyeva.

O'zbekiston mustaqilligi qo'lga kiritilgan ilk yillarda mamlakatda muxolif partiyalar ancha faol edi. O'sha paytdagi parlamentda birmuncha deputatlik o'rinlariga ega, faol yoshlar tomonidan qo'llanayotgan muxolifatchilar mamlakatdagi siyosiy yo'nalishni o'zgaritirishga qodir kuch sanalar edi.

Keyinchalik Karimov hokimiyati mustahkamlanishi, tazyiqlar kuchayishi, muxolifatdagi bo'linishlar ortidan bu qudrat siyosiy maydondan mutlaqo chetlatildi.

24 yilligi nishonlangan O'zbekiston mustaqilligi Karimov boshqaruvi bilan bevosita bog'liq. Muqobillikka hech qanday imkoniyat qoldimagan Karimov barqarorlik kafolati sifatida ham ko'riladi. Muxolifatga ko'ra, bu barqarorlik ortidagi qurbonlar va tazyiqlardan aksariyat jamoatchilik xabarsiz.