Gulnora Karimovaga ishlagan shaxs o'g'irlangani yuzasidan jinoiy ish ochilgan

Gulnora Karimova o'z tvitlarida Nurmuhammad Sodiqov uyida ekani, matbuotda chiqqan ma'lumotlar uydirma ekanini aytadi.

2013-yilning 7-noyabr kuni O'zbekiston Bosh prokuraturasi tarqatgan bayonotga ko'ra, organlar 1974-yilda Toshkent shahrida tug'ilgan Nurmuhammad Abdumannopovich Sodiqov o'g'irlab ketilganligi yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atgan. Jinoyat kodeksining 137 va 301-moddalari buzilgani gumon qilinadi.

137-modda odam o'g'irlash jinoyati bilan bog'liq bo'lsa, 301-modda hokimiyatni suiiste'mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi. Gap bu yerda harbiy (xavfsizlik sohasida) mansabdorlik jinoyatlari haqida ketmoqda.

Qilmishlar a) odam o'lishiga, b) boshqa og'ir oqibatlarga sabab bo'lsa, aybdor deb topilgan shaxs 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oilali va uch farzandning otasi Nurmuhammad Sodiqov, uning yaqinlari va do'stlarining aytishicha, shu yilning 14-yanvaridan beri bedarak ketgan, va ular bu jinoyatda prezident qiziga ishora qilmoqda.

Gulnora Karimovaning qator rasmiy va norasmiy tashkilot va bizneslari shu kunlarda tergov ostida, bir necha yaqin odamlari so'roq qilinmoqda, uning o'zi esa bu kampaniyada aybni organlarga, xususan Milliy xavfsizlik xizmati boshlig'i Rustam Inoyatovga qo'ymoqda.

Ochiq xat yozib, internet orqali targatgan oilaga ko'ra, Nurmuhammad 2001-yildan beri prezident qizi qo'lida, asosan uning moliyaviy tizimlarida ishlagan. Lekin 2012-yildan Gulnora Karimovaning Yevropadagi ikki odami, Alisher Ergashev va Shohruh Sobirovga nisbatan jinoiy ishlar ochilgach, Nurmuhammadga munosabat o'zgargan.

"U qattiq bosim ostida edi, ammo miq etmas edi, chunki ishi nozik edi", deyiladi xatda. Gulnora Karimova va "uning kallakesarlari" naqadar beshafqat va johil ekanini Nurmuhammadning o'zi yaxshi bilardi, deya iddao qiladi yaqinlari.

Maktubga imzo chekkan Anvar Muxatovning Rossiyadan turib "Fergananews.com" axborot agentligiga bildirishicha, yigitni Gulnora Karimovaning ikki tan soqchisi, Rafis va Oleg degan shaxslar, tunda olib ketgan. Shundan keyin oilaning boyliklari tortib olingan va ularni "shikoyat qilsangiz Nurmuhammadning kuni bitishi mumkin" deya ogohlantirishgan. U Toshkentning qayeridadir bir kvartirada saqlanadi va qiynoqqa solinadi, deya xavotirlanadi bu oila.

Boshqa manbalarga ko'ra ham Nurmuhammad Sodiqov Gulnora Karimovaning moliyaviy ishlarini yuritgan. Aslida u o'z kasbiy faoliyatini buxgalter sifatida Rustam Azimov, hozirda bosh vazir o'rinbosari va moliya vaziri qo'lida boshlagan.

Dunyoga "Twitter" orqali o'z dardini aytayotgan prezident qizi 6-noyabr kuni Nurmuhammad Sodiqov uyida va matbuotda chiqqan ma'lumotlar uydirma, deb yozib so'nggi yangiliklarni inkor etgan edi.

Gulnora Karimovaga xizmat qilgan yana bir shaxs Shuhrat Akbarov ham g'oyib bo'lgani haqida ma'lumotlar bor. Nurmuhammad va Shuhrat, qisqacha Nurik va Shurik deb tanilgan bu yigitlar, prezident qiziga juda yaqin odamlar bo'lgani aytiladi.

"Twitter"da o'zini Gulnora Karimova va uning atrofidagi odamlarni yaxshi biladigan inson sifatida tanishtirgan yozuvchi 4-noyabr kuni prezident qizining to'rt eng yaqin soqchilari SNB tomonidan olib ketilganini e'lon qildi.

Gulnora Karimova ham soqchilar xavfsizlik xizmati qo'lida va ularga nisbatan kuch ishlatilayapti, deya "Twitter"da yozdi.

Bosh prokuratura e'lon qilgan jinoiy ish aynan yuqoridagi voqea bilan bog'liq, deydi ism-sharifini sir tutish sharti bilan gapirayotgan manbalar. SNB qamoqqa olgan tan soqchilar orasida Rafis (laqabi Tatarin) va Jenya Saltanov bor. Nurmuhammad Sodiqovning oilasi yozgan xatda Rafis tilga olinadi.

"Twitter"da Ruslan Madumarov degan soxta nom bilan yozayotgan odam Gulnora Karimovaning ma'shuqi Rustam Madumarov va uning ini Alisher Madumarovlarni ham jinoyatchi deb atab, prezident qizining qilmishlarida ularning roli katta va SNBga aynan ular ma'lumot bermoqda, deya da'vo qiladi.

Bunday iddaolarning birortasini hozircha rasman tasdiqlashning iloji yo'q. Lekin Gulnora Karimova o'z jang maydoni sifatida "Twitter"ni tanlagan ekan, unga yog'ilayotgan tvitlar orasida mana shunday dashnomlar ham bor. Gulnora Karimova shu paytgacha ularga javob bermagan, uni savolga tutgan jurnalistlarni yo blok qiladi, yoki SNBga ishlayotganlikda ayblaydi.

Chapdan Rustam va Alisher Madumarov... Rustam Gulnora Karimovaning ma'shuqi, Alisher esa uning yonidan suyangan maslakdoshi, deydi ularni yaqindan bilganlar

Rustam va Alisher Madumarovlar 1990-yillarda tanilgan "DADO" pop guruhi asoschilari. Har ikkisi shoubiznes bilan shug'ullanadi va haqiqatdan ham Gulnora Karimova suyangan kishilar ekani aytiladi. Ishonchli manbalarga ko'ra, ularning ukasi Sherzod Madumarov prezident qizining internetdagi faolligi ostida turganlardan biri. Madumarovlar "Twitter"da va o'zlarini prodyuser va san'atkorlar sifatida ko'rsatadi. Ularni esa Toshkentda ko'p odam biladi va ayrimlarining aytishicha, aynan Gulnora Karimova soyasida yurib, katta boylik va nufuz orttirishgan.

Toshkentdagi "Nirvana" do'koni, masalan, Rustam Madumarovning biznesi bo'lib, musiqa va kino disklar sotadi. Yaqinda YouTube orqali tarqatilgan bir videoda do'konga SNB zobitlari bostirib kirgani va tekshirmoqchi bo'lgani iddao qilinadi. Gulnora Karimova 45 daqiqaga yaqin tasvirni "Twitter" orqali tarqatib, Milliy xavfsizlik xizmatini xalqni ezayotganlikda, xususiy bizneslarni toptayotganlikda aybladi.



Bu videoni aslida Gulnora Karimova va uning o'g'li Islom olgan, deya yozadi "Twitter"dagi "Rustam Madumarov". Qayerdan bilasiz degan savolga "guvohlar ko'p edi o'sha kuni" deya javob beradi, ya'ni "Nirvana"da nima bo'layotganini va videoga olayotgan kishini ko'p odam ko'rgan.
Hukumat bu tekshiruvlar yuzasidan og'iz ochmayapti. Bosh prokuratura e'loni ham Nurmuhammad Sodiqov yo'qolishi yuzasidan xolos. Lekin nafaqat Toshkent, balki butun respublika bo'ylab keng hajmli tergov ishi ketmoqda.

Gulnora Karimovaning yana bir xizmatchisi Kamoliddin Muhammedjanov O'zbekistonni tark etishga harakat qilgani, lekin pasporti olib qo'yilib, hozirda SNBda javob berayotgani haqida ham xabarlar bor. Lekin bu ma'lumot ham ochiq tasdiqlanmagan.

Yirik biznes hisoblangan "Terra Group" tarmog'i va Gulnora Karimovaning ijtimoiy-madaniy faoliyatini ko'targan "Fond Forum" tekshiruvda. Toshkentdagi ishonchli manbalarning tasdiqlashicha, "Terra Group" artistlardan pora olganlikda gumon qilinsa, "Fond Forum" ga mablag' qayerdan kelgani va qanday sarflangani elakdan o'tkazilmoqda. Gulnora Karimova ham o'z tvitlarida shuni aytmoqda. Ular butkul yopilishi mumkin deya xavotir bildirmoqda.