Sud zalidan ozod qilingan turkshunos olim Andrey Kubatin qamoqdagi hayotining eng og’ir davri Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) hibsxonasiga to’g’ri kelganini aytadi. Davlatga xiyonatda ayblanib dastlab 11 yillik qamoqqa hukm qilingan olim 26-sentabr kuni Toshkentda o’tgan mahkamada to’liq oqlandi. “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Kubatin uni qo’llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik izhor etdi, turkshunoslikka oid O’zbekistondagi bugungi vaziyat yuzasidan ham o’z mulohazalarini bildirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Turkshunos olim Andrey Kubatinning ishi bevosita Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan yuz bergan va shu davrda oqlov hukmi bilan yakun topayotgan siyosiy ishlardan biridir.
U 2017-yilda DXX (u paytda hali Milliy xavfsizlik xizmati) tomonidan davlatga qarshi xiyonat qilganlikda ayblanib hibsga olingan, shu yilning dekabr oyida 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Elektron kutubxonasini Turkiya fuqarosiga sotgan olim davlat sirlari saqlangan adabiyotlarni Turkiyaga topshirganlik, O’zbekistonga xiyonat qilganlikda aybdor topilgan edi.
Bu hukmning xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan keskin norozilik bilan kutib olinishi ortidan hukumat olimga nisbatan sud ishini 2018-yilda qayta ko’rib chiqdi, unga nisbatan belgilangan jazo muddati 5 yilga tushirildi, jazoni o’tash uchun manzil koloniyasiga jo’natildi.
Olimni ozodlikka chiqarish talablari davom etdi, uning jinoyat ishini ko’rish harbiylar ixtiyoridan fuqarolik sudiga o’tkazildi.
26-sentabr kuni bu ish Toshkent viloyati jinoyat ishlari sudida ko’rib chiqildi, olimga qo'yilgan ayblov olib tashlandi, u to’liq oqlangan holda ozodlikka chiqdi.
Andrey Kubatin “Amerika Ovozi” bilan suhbat orqali uni qo’llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildirar ekan, oqlov davlat, xalq oldida uning yuzini yorug’ qilganini aytadi.
“Men uchun eng muhimi o’z xalqim, o’z yurtim oldida yuzim yorug’ bo’ldi. Albatta, bu jarayonda meni qo’llab-quvvatlagan barchaga, ilmiy jamoatchilikka, O’zbekiston xalqiga, hukumatiga ham alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. Men avval ham aytgandim, hech kimning jazolanishini istamayman, asosiy maqsadim nomimning oqlanishi edi. Xudoga shukr, nasib qilib bu niyatimga yetishdim”, - deydi u.
Andrey Kubatin asossiz ayblovlar tufayli 2,5 yildan oshiq umrini qamoqda o’tkazdi, dastlab DXXga qarashli hibsxonada, keyinchalik esa jazoni o’tash koloniyasida.
Oqlov hukmi Mirziyoyev islohotlariga bog’liqligini aytayotgan olimga ko’ra, u bu islohotlarga jazo muddatini o’tash davomida ham guvoh bo’lgan.
“Eng qiyin davr MXX, hozirgi DXX hibsxonasida o’tlgan dastlabki besh oy bo’ldi, shu besh oy menga besh yildek tuyildi. Qolgan muddatda, Toshkent shahar hibsxonasiga o’tganimdan keyin, manzil koloniyasiga jo’natilganimda keyin qamoqxonada mahkumlarga nisbatan munosabat o’zgarayotganiga guvoh bo’ldim. Bu shu oxirgi yillarda boshlangan islohotlar natijasi tufayli deb tushundim”, - deydi 2,5 yilik qamoqdan so’ng ozodlikka chiqqan olim.
Andrey Kubatinni ozod etish talabi bilan xalqaro ilmiy jamoatchilik bir necha bor O’zbekiston hukumatiga, Prezident Mirziyoyevga murojaat bilan chiqdi. Olimga ko’ra, uni o’z safdoshlari, O’zbekistondagi ilmiy jamoatchilik ham qo’llab-quvvatlagan, ozodlikka chiqishi munosabati bilan tabriklar davom etmoqda.
Kubatin o’zbek xalqi tarixi, etnografiyasiga doir ko’plab ilmiy ishlari bilan tanilgan, sharqshunoslik sohasidagi yetakchi mutaxassislardan biri sanaladi.
Turkshunoslik, turkologiya O’zbekistonda siyosiy bosim ostida bo’lgan ilmiy sohalardan biri sifatida qayd etilgan, ayniqsa sobiq tuzum davrida turkshunoslik bilan bog’liq har qanday izlanishlar shubha ostida ko’rilgan, sohaga doir ayrim adabiyotlar ham taqiq ostida edi.
Kubatin turkshunoslikka oid O’zbekistondagi bugungi ilmiy izlanishlar, vaziyat haqida shunday mulohazalar bildiradi:
“Bizda turkologiya deganda faqat Turkiyani tushunadigan chalasavodlar bor, bu qatlam turkologiya deganda faqat Kichik Osiyodagi turklarni tushunadi. Ko’p narsa shu yondashuvga ham bog’liq, ya’ni munosabat shundan kelib chiqadi. Aslida turkologiya bu butun turkiy xalqlar o’rganiladigan fan. Masalan, o’zbek xalqining tarixini, madaniyatini o’rganish ham turkologiyaga kiradi. Ammo hozir istaymizmi-yo’qmi, turkologiya bo’yicha yirik tadqiqotlar Rossiya, Qozog’iston, Turkiyada o’tkazilmoqda. Ayniqsa, Rossiyadagi so’nggi tadqiqotlarga qaralsa, avval turkiy deb nomlanmagan narsalar bugun turkiy deb atalmoqda. Bizda ehtimol bu darajada emas, ammo xohlagan odam baribir shug’ullanib kelgan. Ya’ni odamning o’ziga ham bog’liq ko’p narsa, masalan mening kitoblarim asosan shu davrda chiqdi”, - deydi olim.
Davlatga xiyonatda ayblangan Andrey Kubatinning ozod etilishi yangi hokimiyat davrida siyosiy deb ko’rilgan ishlarga nisbatan chiqarilgan dastlabki oqlov ekanligi bilan ham diqqatli ko’rinadi.