“Vatan xoinlari”ni qamashga o’rgangan Milliy xavfsizlik xizmati tizimi qurboni bo’ldim”, - deydi panjara ortida o'tirg an olim Andrey Kubatin. Germaniya prezidenti tashrifi munosabati bilan ozodlikka chiqishiga umid qilinayotgan siyosiy mahbuslardan ustidan 28-mayga belgilangan sud majlisi boshqa kunga qoldirilgan. Ayni paytda manzil koloniyasida joylashtirilgan olimning o’zi navbatdagi mahkamada oqlov hukmiga umid qilmoqda.
2017- yilda Milliy xavfsizlik xizmati (hozirda DXX) tomonidan davlatga xiyonat qilish, turkchilik g’oyalarini yoyishda ayblangan, harbiy sud tomonidan 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan sharqshunos olim Andrey Kubatin O’zbekistonda yangi hokimiyat iqtidorga kelishi ortidan ham qamoqda qolayotgan siyosiy mahbuslardan biri sifatida ko’riladi.
Hozirgacha O’zbekiston prezidenti nomiga jamoatchilik darajasida, shuningdek, dunyo olimlari nomidan ham Andrey Kubatin ozodligi talab qilingan bir nechta murojaatlar qilindi.
Ular ortidan olimning ishi qayta ko’rib chiqildi. Shu yilning may oyida harbiy sud unga nisbatan belgilangan jazo muddatini besh yilga o’zgartirdi.
Kubatinning yaqinlari prezidentga ochiq murojaat bilan chiqishi, Bosh prokuror, inson huquqlari bo’yicha Ombudsman, Oliy sud qabulida bo’lishlari ortidan jinoiy ish harbiy sud vakolatidan olindi.
28-may kuni Kubatinning ishi Toshkent viloyat jinoyat ishlari sudida shikoyat tartibida qayta ko’rib chiqilishi lozim edi.
Shu kuni sud majlisiga yig’ilgan faollar Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtayenmayerni O’zbekistonga tashrifi barobarida o’tishi lozim bu mahkamada navbatdagi siyosiy mahbusning ozodlikka chiqishiga ishonishayotgan edi.
Manzil koloniyasidan mahkamaga qatnashish uchun kelgan Andrey Kubatinning o’zi ham shunda umidda edi, ammo viloyat sudi sudyalar yetishmayotganligi vaji bilan mahkama 31-mayga qoldirilganini ma’lum qildi.
Shikoyat ishida qatnashish uchun mahkamaga kelgan Andrey Kubatinning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Milliy xavfsizlik xizmati vakolatidagi "davlatga nisbatan xiyonatga doir jinoyat" ishida burilish aynan bu xizmatning DXX ga aylantirilishi ortidan boshlangan.
“Mening ishimdagi burilish huquq tartibot idoralarida islohot qilinishi, aniqrog’i MXX boshlig’i (Rustam Inoyatov) o’zgarishi, bu tuzilma DXX ga aylantirilishi ortidan boshlandi. Apellyatsiya jarayoni besh oyga yaqin vaqt oldi, baribir meni ishim bilan bog’liq odamlar bunga aralashdi shekilli. 2017- yil dekabr oyida 11 yillik qamoq jazosini olgan edim. May oyida kelib esa menga nisbatan 57- moddani qo’llashdi va besh yil berishdi. Bunga sabab 2017-yilda hali huquq tartibot idoralarida islohotlar sekin ketayotgan edi, 2018- yilga kelib esa bu tizimda islohotlar jadallashdi, shuning natijasi endi sezilyapti”, - deydi u.
Sharqshunos olim davlat sirlari mavjud adabiyotlarni Turkiya fuqarosiga sotganlikda, turkchilik g’oyalari targ’ibotiga doir adabiyotlarni saqlashda ayblangan.
Turkshunoslikka oid o’nlab ilmiy ishlar muallifiga qo’yilgan bu ayblov ilmiy jamoatchilikni keskin noroziligiga uchragan va dunyo bo’ylab yuzlab olimlar imzo chekkan murojaat O’zbekiston hukumatiga jo’natilgan edi.
Andrey Kubatin davlatga nisbatan xiyonatga doir ayblovga izoh berar ekan, xiyonatchilarni qidirish bilan nom qozonishni istagan Milliy xavfsizlik xizmati qurboni bo’lganini aytadi.
“U yerda bilasiz, arizachi ham bo’lgan, shunga munosabat ko’rsatishgan, nazarimda g’oyalardan qo’rqqan bo’lishsa kerak, hoynahoy. Kim biladi deysiz, ayrim fikrlarim ularga yoqmagandir, lekin men o’sha xizmatning statistika qurboniga aylandim. Chunki, ular juda sevishadi shpionlarni, vatan xoinlarini qamashni”, - deydi shikoyat tartibida ko’rilishi lozim bo’lgan mahkama ishiga qatnashish uchun Toshkent viloyat jinoyat ishlar sudiga kelgan Kubatin.
Olim 2017- yil Toshkentda Turkiyani TIKA tashkiloti vakiliga elektron shakldagi shaxsiy kutubxonasini berayotgan paytda hibs qilingan edi. Aksariyati ochiq manbalarda bo’lgan bu adabiyotlarda davlat sirlari, turkchilik go’yalari mavjud deb xulosa qilingan.
Ilmiy doira vakillariga ko’ra, ochiq manbalarda mavjud adabiyot davlat sirlarini tashimaydi, turkchilik esa taqiqlangan g’oya emas.
Facebook Forum