Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosim ostida o’tgan majlisida san’atkor Jahongir Otajonovning nomzodini prezidentlikka ko’rsatishga qaror bergan.
26-may kuni Toshkentda o’tkazilgan favqulodda qurultoyda “Erk” partiyasining viloyatlardagi faollari qatnashgani, hukumat tomonidan uyushtirilgan hujumlarga qaramasdan qurultoy o’z ishini uddalagani, partiya tomonidan prezidentlik saylovida qatnashuvchi nomzod tasdiqlangani xabar qilinmoqda.
Avvalroq “Erk” Jahongir Otajonovning nomzodi partiya qurultoyda ko’rib chiqilishini bildirilgan edi. Tadbir 26-may kuni Jahongir Otajonovga tegishli, poytaxtdagi xonadonda o’tkazilgan. Shu kuni majlis o’z ishini boshlashidan biroz o’tib, to’satdan uyga bir guruh kishilar bostirib kirgan, ishtirokchilarni haqoratlab, janjal, to’polon ko’tarishgan.
“Erk” partiyasi tarqatgan bayonotga ko’ra, tashkiliy masalani muhokama qilishga ulgurgan faollar prezidentlik saylovida Otajonovning nomzodi olg’a surilishini bir ovozdan qo’llab-quvvatlagan.
O’zbekiston prezidenti saylovlari shu yil 24-oktabrda o’tadi. Mamlakatdagi boshqa siyosiy partiyalar saylov yuzasidan hozircha sukutda. Bu manzarada Jahongir Otajonovning nomzodi siyosiy partiya tomonidan tasdiqlangan dastlabki ishtirokchi sifatida ko’rinadi.
O’zbekistondagi mavjud qonunchilikka ko’ra, prezidentlikka nomzodlar faqat siyosiy partiyalar tomonidan ko’rsatiladi. “Erk” nomzodi avval ham prezidentlik saylovlarida qatnashgan. 1992-yilda o’tgan saylovlarda partiyaning amaldagi raisi Muhammad Solih marhum Islom Karimovga raqiblik qilgan edi.
Bu saylovlar ortidan O’zbekistonda muxolifat faollariga nisbatan ommaviy tazyiqlar boshlandi, bir guruhi turli ayblar bilan qamoqqa tashlandi. Boshqa bir guruh quvg’in qilindi, o’z faoliyatini xorijdan davom ettirishga mahkum qilindi.
O’zbek muxolifati Karimov o’limi ortidan mamlakatda o’z faoliyatini tiklashga urina boshlar ekan, iqtidordagi hukumat, amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijdagi muxolifat O’zbekistonda tan olinmasligi haqida ogohlantirgan.
Saylovda o’z nomzodi bilan qatnashishga qaror qilgan “Erk” partiyasi mamlakatda rasmiy maqomga egaligini, partiya tomonidan prezidentlikka nomzod qilib ko’rsatilayotgan Jahongir Otajonov O’zbekistonda yashab, faoliyat yuritib kelganini ta’kidlaydi.
Saylov yaqinlashar ekan, muxolifatga, mustaqil siyosiy partiyalarga qarshi tazyiqlar jiddiy kuchaygani kuzatiladi.
Iqtidordagi hukumatning raqobatchisi sifatida siyosiy maydonga kirib kelayotgan “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi tazyiqlarning yangi to’lqini haqida xabar bermoqda.
Partiya lideri professor Xidirnazar Olloqulovga, partiya rahbariyatiga bosimlar yana kuchaygan. Partiya uchun imzo bergan faollar ichki ishlar boshqarmasida so’roqqa tutilmoqda.
Yaqinda partiya raisi o’rinbosari Mahmud Davronovning uyiga ham ichki ishlar boshqarmasidan so’roqqa olib ketish uchun kelishgan.
Olloqulovga ko’ra, hukumatning muxolifatga nisbatan tazyiqlari tobora tubanlashib bormoqda, ig’voga, tahdidga qo’l urmoqda.
“Bu kabi tubanlik, ig’vo, hujumlar nafaqat bizning partiyamiz tarafdorlariga nisbatan, balki siyosiy faollikka intilayotgan boshqa muxolifatchilarga ham ishlatilmoqda. Mana, Jahongir Otajonovning uyiga qilingan hujumni ijtimoiy tarmoqlarda hammamiz ko’rib turibmiz. Buning ortida hukumat turgani hech kimga sir emas. Aynan iqtidordagi hukumatning o’zi butun dunyoga o’zbek jamiyatini madaniyatdan uzoq, ibtidoiylikdan chiqmagan bir jamiyat sifatida ko’rsatishga urinmoqda. Madaniy, rivojlangan davlatlarda muxolifatga nisbatan bunday tuban hujumlar uyushtirilmaydi”, - deydi Olloqulov.
Muxolifatga nisbatan kuchaygan bu tahdidlar navbatdagi prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik borayotgan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) missiyasi vakillari mamlakatdagi vaziyat bilan tanishayotgan bir paytda amalga oshayotgani kuzatiladi.
Prezidentlik saylovlarida qatnashishga da’vogar bo’lgan har ikki siyosiy partiya, “Erk” va “Haqiqat va taraqqiyot” bosim va tahdidlar yuzasidan saylov arafasidagi siyosiy vaziyatni kuzatayotgan YXHT missiyasi vakillariga shikoyat yo’llashgan.