O'zbekiston muxolifati vatanga qaytishni istaydi

O’zbekiston muxolifati o'tkazgan namoyishda olingan surat

Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyevga vatanga qaytish so`rovi bilan murojaat qilgan xorijdagi o`zbek muxolifati vakillari hukumatdan ishoratlar kutmoqda. Ular, islohotlar amalga oshirilgan taqdirda, Shavkat Mirziyoyev hukumatini dastaklashga tayyor. O`zbekistonda hokimiyat almashishi Karimov davridagi siyosiy tazyiqlar bois vatanni tark etgan faollarda yurtga qaytish umidini uyg`otgan. O`zbekiston hukumatiga qilingan murojaatda turli sabablarga ko`ra vatanni tark etishga majbur bo'lgan o`zbekistonliklarning ortga qaytishlariga imkon berish so`raladi.

Dastlabki imzochilari faxriylar Tolib Yoqubov va Aliboy Yo`lyaxshiyevlar bo`lgan bu murojaat xorijdagi ko`plab o`zbek faollari va boshqa muxolifat vakillari tomonidan ham qo`llab-quvvatlangan.

Murojaatni dastaklagan muxolifatchlaridan biri Namoz Normo`minga ko`ra, hokimiyat almashishi, Mirziyoyevning hukumatga kelgani ko'pchilikda umid uyg`otgan, kutilayotgan islohotlar haqida munozaralar qo`zg`agan.

“Men buni qo`llab-quvvatlayman, hozir muxolifat orasida Mirziyoyev islohotlar qilishi mumkinligi haqida bahslar kuchaygan. Ayrimlar uzoq kutgan islohotlarni Mirziyoyev amalga oshirishini, ba`zilar esa Mirziyoyevning yaxshi odam ekanligini aytishayapti. Shu ma`noda hukumatga takliflar bilan ham chiqilmoqda. Ammo asosiy masala islohotlar deyilganda, birinchi navbatda oshkoralik kun tartibiga kelishi kerak, siyosiy diniy erkinliklar, mayli birdaniga emas, bosqichma-bosqich bo`lsin. Lekin afsuski, hozircha bularni ko`rmayammiz ”, deydi Normo`min.

Shavkat Mirziyoyev 8-sentabrdan O`zbekistonni 27 yil boshqargan Islom Karimovning vafoti ortidan muvaqqat prezident sifatida davlatni boshqarmoqda. Ammo bu qonunchilikka ko`ra amalga oshmadi, parlament Senat raisini emas, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevni muvaqqat prezidentlikka keltirdi. Mirziyoyev konstitutsiyaga zid ravishda boshqaruvni egallagani haqida tanqidlar kuchaydi.

Bu tanqidlardan qat'i nazar, murojaatga qo`shilgan faollar Mirziyoyev kutilgan islohotlarni amalga oshirishiga umid qilishmoqda, bu borada uni dastaklashga tayyorlar.

“Shaxsan men O`zbekistonda o`zgarishlar bo`lishi, rejim yumashishini kutayapman.To`g`ri, hozir bunga ko`p ishoratlar yo`q, lekin oz bo`lsa-da bor. Mana, Komilovning Tojikistonga safari, munosabatlar iliqlay boshlagani yoki Qozog`iston, Qirg`iziston bilan shunday aloqalar yo`lga qo`yilayotgani, xullas, kutamiz. Men muxolifatchi sifatida o`z qarashlarimdan voz kechmasam ham, agar hukumat reijmni yumshatish uchun qadamlar tashlaydigan bo`lsa, bizning munosabat ham shunga yarasha bo`ladi. Muxolifat oyoq tirab olmaydi, yangi hukumat o`zgarsin, ketsin deb, muhimi, ijobiy o`zgarishlar, hozir shu kutilyapti”, - deydi Normo`min.

O`zbekistonda hokimiyat almashgach, hukumatga inson huquqlarini yaxshilash, siyosiy mahbuslarni ozod etish, islohotlar o`tkazish bo`yicha takliflar bilan chiqqan faol Mo`tabar Tojiboyevaning aytishicha, yangi hukumatdan islohotlar kutish ilinji tobora zaiflashib bormoqda.

“Biz hukumatga yozgan murojaatimizda, takliflarimizda O`zbekiston hukumatini inson huquqlari, demokratik islohotlar bo`yicha harakatlarni qo`llab-quvvatlashga chaqirib, mamlakatdagi tinchlik, barqarorlikka o`z hissamizni qo`shishga tayyorligimizni, bu borada hukumatni dastaklashga hozirligimizni aytgan edik. Lekin hukumat hozirgacha bu takliflarga hech narsa demadi, mamlakat ichkarisidan muxolif qarashdagi kishilarga nisbatan biror munosabat bildirilmadi. Mirziyoyev sanab o`tgan ustuvor vazifalar qatorida esa inson huquqlari, demokratiya masalasi keltirilmagan ham”, - deydi Tojiboyeva.

Xorijdagi o`zbek jamoatchiligi nomidan hukumatga bildirilgan murojaatda qaytish uchun imkon yaratish so`raladi, ammo bu imkoniyat nimani nazarda tutishi tafsilotlari ochiqlanmagan.

“Bu yerda murojaat mualliflarning shaxsiy tushunchalari ham bo`lishi mumkin, chunki oqsoqol faxriylar, ammo buni nafaqat ular, balki aksariyat muxolifatchilar ham istaydi. Buning uchun siyosiy muxolifatga ma`lum bir kafolatlar berilishi kerak. Muxolifatning o`zi shart qo`yish darajasidagi kuchga ega emas, ammo baribir muxolif qarshdagi odamlarning qaytishi uchun hukumat tomonidan bir ishorat bo`lishi kerak.YXHT yig`ilishi o`tibdi, shu doirada ham hukumat hech narsa demabdi”, - deydi Normo`min.

Aksariyat huquq faollari mamlakat tashqarisida bo`lgan o`zbek muxolifati jamoatchiligi tomonidan vatanga qaytish murojaati bir necha yillar avval Islom Karimov boshqaruvi davrida ham ko`tarilgan, ammo hukumat tomonidan biror munosbatga loyiq ko`rilmagan edi. Murojaat tiklanayotgani Islom Karimov davri yakunlangani, u yaratib ketgan rejimnining esa islohotlarga muhtojligi bilan izohlanadi.