O'zbekiston xalqaro maydonda, ayniqsa, G'arbda "qiynoqlar makoni" sifatida tanilgan. Respublika dunyoda mahbuslar qiynoqqa solinadigan yagona yurt emas, ammo Islom Karimov boshliq tuzum haqida gap ketganida bu masala albatta eslanadi.
Yaqinda BMTning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi Jenevada O'zbekiston hisobotini tinglab, Toshkentdan borgan delegatsiyani savolga tutganida, Inson huquqlari milliy markazi rahbari va Oliy Majlis a'zosi Akmal Saidov mamlakatda qiynoqlarga chek qo'yilgan deya bong urdi. U bilan yonma-yon o'tirgan boshqa vakillar, xususan, adliya va ichki ishlar vazirligi rasmiylari ham qiynoqlar bugun o'tmish deya bayon qildi.
Lekin BMT ekspertlari ularning qo'lidagi faktlar buning aksini isbotlashini aytdi; turma va hibsxonalarda mahbuslarga nisbatan noinsoniy munosabat hech kimga sir emas, deya ta'kidladi.
Bir necha kundirki, otasining ma'muriyatidan nolib, "Twitter"da dardini dasturxon qilayotgan Gulnora Karimovaga ko'ra, SNB (Milliy xavfsizlik xizmati) olib ketgan odamlari qattiq do'pposlanmoqda, azoblanmoqda.
Karimova bu bilan O'zbekistonda qiynoqlar muammo ekanini tan olayaptimi? Afsuski, u bu boradagi biror konkret savolga javob bermaydi.
Maxfiy xizmat qo'lidagi xodimlarining taqdiridan xavotir olayotganini aytib, hatto kasalxonadan olingan qog'ozlarni ham "Twitter"ga joylagan.
Inson huquqlari bo'yicha yetakchi xalqaro tashkilot "Human Rights Watch" (HRW) esa fursatdan foydalanib, Gulnora Karimova otasining tuzumi naqadar "johil" ekanini eslatmoqda.
"Gulnora, keling, qiynoqlar haqida gaplashamiz" - deya murojaat qilmoqda bu tashkilot vakillari Andryu Stroleyn (Andrew Stroehlein) va Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow) bugungi chaqiriqlarida.
Gulnora Karimova "Twitter"da ularni "mening taniqli nomimdan foydalanib o'zini tanitishga urinayotgan ahmoq" deb atagan.
Hukumat bilan chiqisha olmay qolgan xonim qiynoqlar xususida gap ochdi, nima uchun? - deya savol beradi u bilan "Twitter"da bir necha oydan beri achchiq so'zlar almashib kelayotgan Stroleyn.
Faol prezident qizini bu haqda suhbatga chorlab, shu yil boshida ochiq xat ham yozgan. O'sha paytda Gulnora Karimova O'zbekistonning Jenevadagi oliy vakili, BMT agentliklaridagi elchisi edi. Inson huquqlari yuzasidan mas'ul odam edi. Biroq Karimova bu boradagi savollarga javob berishdan bosh tortgan. Muammoni tan olmagan ham.
Bugun o'z soqchilari ahvolidan dunyoga shikoyat qilayotgan Gulnora Karimova qiynoqlarga shu kungacha ko'z yumib, endi aynan o'z odamlari shu holga tushganida gapirayapti, deya yozadi HRW vakillari.
Masalan, deya keltiradi HRW, 2009-yilda Britaniya elchixonasida soqchi bo'lib ishlagan Qayum Ortiqov soxta ayblovlar bilan qo'lga olinib, qiynoqqa solingan. Josuslik qilganman deya iqror bo'lishga majburlab, uni azoblashgan; jinsiy a'zolarini kuydirishgan; tirnoqlarining ostiga nina tiqishgan. Uni soatlab osib qo'yishgan. Yalang'och holda o'ta sovuq sharoitda saqlashgan.
Boshida yordam berishdan bosh tortgan Britaniya hukumati ingliz matbuoti bosimi ostida bu ishga aralashib, Qayumov 2011-yilda qo'yib yuborilgan. Vaholanki, sud uni odam savdosida aybdor deb topib, olti yilga ozodlikdan mahrum etgan edi.
Tashkilot Gulnora Karimovaga O'zbekistonda majburiy mehnat ham katta muammo va bu borada ham og'iz ochmaslik vijdonsizlik deya eslatmoqda. Tvitlarda iddao qilayotganingizdek, xalq dardiga befarq bo'lmasangiz, qani, gapiring bu borada ham, deydi Stroleyn va Sverdlov.
Ular nazarida Gulnora Karimova yurtdoshlarim men tomonda deb qanchalik g'ururlanmasin, ko'pchilikning unga achinishi qiyin.
Chunki, deya xulosa qiladi HRW vakillari, Karimova huquqni poymol qilib kelayotgan davlat namoyandasi, faqat ayni damda u hokimiyatdagilar bilan o'z shaxsiy maqsadlari yo'lida chiqisha olmay qoldi, xolos.
Karimovaning o'zi buni hokimiyat uchun kurash deb atagan, aybni u Milliy xavfsizlik xizmati - SNB rahbari Rustam Inoyatovga to'nkayapti. Agar prezident qizi haq bo'lsa, nega uning "Twitter"dagi faoliyatiga chidab o'tirishibdi? Milliy xavfsizlik xizmati fuqarolarning internetdagi faoliyatini yaqindan nazorat qiladi va hozirgacha ham to'siqlar qo'yib keladi.
Ba'zi manbalarga ko'ra, butun kampaniya bevosita prezident izni ostida. Shunday bo'lsa, nega prezident qizining "Twitter"dagi tanqidiy diydiyolariga toqat qilmoqda? Axir, u butun tuzum nomini bulg'amoqda. Qolaversa, o'z chiqishlarida onasi va singlisidan ham nolimoqda. Ularni dindan qaytganlikda, oilani buzganlikda ayblamoqda. Oqsaroydan biror sado yo'q.
"Fond Forum" va uning qanoti ostidagi tashkilotlarga, ularning rahbarlari va xodimlariga nima bo'ladi? SNB kampaniyani davom ettirar ekan, hamma sukutda.