AQShda vitse-prezidentlikka asosiy nomzodlar yagona teledebatda bellashadi

  • Amerika Ovozi

AQShda ikki asosiy partiyadan vitse-prezidentlikka nomzodlar seshanba kuni bo’ladigan yagona teledebatiga hozirlanmoqda. Respublikachilardan nomzod Jey Di Vens targ’ibotni faol olib bormoqda.

"Mohiyatga ega jamoa, qilgan ishlaridan qochuvchi emas, faxrlanuvchi jamoa bu Tramp-Vens jamoasidir”, - dedi u.

Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Tom Emmer ogayolik senatorni Nyu-Yorkda CBS telekompaniyasining studiyasida bo’ladigan bir yarim soatlik debatga hozirladi.

“Vens Donald Tramp rahbarligida yaxshilangan, ammo Bayden va Harris tomonidan buzilgan iqtisodiyot haqida, Tramp to’g’irlagan, ammo bular barbod qilgan chegara haqida gapiradi. Vens Tim Uolzga gapni olib qochishga imkon bermaydi”, - deydi kongressmen.

Demokratlardan vitse-prezidentlikka nomzod, Minnesota gubernatori Tim Uolzni debatga Transport vaziri Pit Buttijich tayyorladi.

"Noyabr saylovi juda muhimdir. Nafaqat keyingi to’rt yilga, balki keyingi 40 yilga”, - deydi u.

Chikago universitetining professori Jon Mark Xansen vitse-prezidentlikka nomzodlar debatda o’z dasturlari haqida ko’p gapirmasligini aytadi.

“Debatlar hamisha shou bo’lib kelgan. Pichoqqa ilinadigan gap kam bo’ladi. Nomzodlar ularga beriladigan savollardan qochishga usta bo’lib qolgan. Ular o’zlari uchun muhim bo’lgan mavzularga urg’u berishni afzal ko’radi”, - deydi u.